O’zbekiston respublikasi oliy ta’lim, fan va inovatsiyalarvazirligi farg’ona davlat universiteti
Download 258.5 Kb.
|
Mansurova N Monografiya 2023 (2)
- Bu sahifa navigatsiya:
- 2.2. O’zbek milliy musiqiy merosida maqom ijrochilik san’atining o’rni.
Dostonchilik san’ati. Dunyodagi ayrim xalqlarda o’zining tarixiga oid yirik xajmdagi katta muhim voqea bayon etiladigan janrlar bor. Biz – o’zbeklarda bu janr “doston” deb ataladi. “Doston” so’zi qiziq-qiziq voqealarni hikoya qilish, maqtash ma’nolarini anglatadi [29;110].
Xalqimizning sevimli asarlari bo’lgan “Alpomish”, “Go’ro’g’li”, “Kuntug’mish” kabi dostonlarning ijodkori va ijrochilari baxshi nomi bilan yuritiladi. Baxshilar san’atida so’z ustasi, qo’shiq kuylovchisi va soz(qo’biz yoki do’mbra) cholg’uchisi birlashgan bo’lib, bunda ular dostonlarning nasriy qismlarini mahorat bilan badiiy so’zlab hikoya etsalar, she’riy bo’laklarini maxsus aytim shaklida ichki (maxsus “bo’g’iq”) ovoz bilan kuylaydilar va bunda qo’biz yoki do’mbra cholg’usidan jo’rnavoz sifatida foydalanadilar[17;211]. 2.2. O’zbek milliy musiqiy merosida maqom ijrochilik san’atining o’rni. Maqomlar ko’pchilik Sharq xalqlarida juda qadim zamonlardan mavjud bo’lgan., professional sozanda va xonandalar tomonidan yaratilgan musiqa janridir. Ular har bir xalqning o’ziga xos musiqa boyliklari asosida yaratilgan va uzoq madaniy-tarixiy taraqqiyot jarayonida mustaqil janr sifatida yuzaga kelgan. Maqomlar sharq xalqlarinnig musiqa merosida juda katta o’rin tutadi. Hususan o’zbek-tojik xalqining milliy mumtoz musiqasi sifatida muhim ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun ham maqom masalasi musiqashunos va sharqshunos olimlarning diqqatini ko’pdan beri o’ziga jalb etib keldi va bu masala musiqa madaniyatimizda juda katta tarixiy, ilmiy va amaliy ahamiyatga ega bo’lgan masalalardandir. Sharq musiqa madaniyatiga oid tarixiy-nazariy asarlar va tarixiy-adabiy xarakterdagi manbalarning ko’plarida maqomlar masalasiga alohida ahamiyat berilgan. Ko’pgina musiqashunos olimlar maqomlarga munosabatlarini hamda ular haqida o’zlarining ma’lum fikrlarini bildirib kelganlar. Shunga qaramay, maqom masalasida ko’pgina chalkashliklar, anglashmovchiliklar mavjud. Buni hal etish esa juda katta va chuqur ilmiy tadqiqotlar olib borishni talab etadigan masaladir. Maqomlar xalq musiqasiga asoslanadi; ular negizida ko’pgina musiqa asarlari yaratilgan. Maqomlarning nazariy ham amaliy tomonlari bor. Ularning nazariy jihatlari Sharq musiqasiga bag’ishlangan risolalarda o’z ifodasini topgan. Ma’lumki, o’zbek-tojik maqomlari tom ma’nodagi nota yozuvi bo’lmagani sababli, ustoz sozanda va xonandadan shogirdga og’zaki o’tib, biznnig kungacha etib kelgan. O’tmishda turli shakllarda yashab kelgan maqom larning amaliy jihatlarini biznnig kungacha etib kelgan o’zbek-tojik maqomlari tsiklidagi birdan-birShashmaqom ko’rinishida tasavvur etishimiz mumkin [30;3]. Shashmaqom o’zbek-tojik xalq musiqa asarlari asosida yaratilgan ikki yuz ellikka yaqin kuy va ashulalardan iborat va shu xalqlar musiqa merosining salmoqli qismini tashkil etadi. Ko’p asrlik tarixi davomida yuksalish va o’ziga nisbatan e’tiborning pasayish davrlarini boshdan kechirdi. Lekin uning vorisiylik rishtalari hech qachon uzilgan emas. Xattoki, eng qiyin paytlarda ham u millat ruhining ifodasi, ezgulikka da’vat etuvchi qudratli omil sifatida ardoqlab kelingan. Qulay sharoit va ijobiy vaziyat paydo bo’lishi bilanoq, ijtimoiy ahamiyatni tiklab, qayta rivojlangan, yangi cho’qqilar sari intilgan. Davrlar sinovidan ustun turuvchi shunday yuksak salohiyati tufayli maqomlar zamonlao osha bizgacha etib kelgan. Ilm-fan taraqqiyoti avjiga chiqqan, aql bovar qilmaydigan kommunikatsiyalar joriy etilayotgan bugungi kunda ham bu mo’’tabar san’at o’z mavqeini yo’qotmadiva bebaho meros, ma’naviyat ummoni, milliy iftixor tarzida e’zozlanmoqda. Xo’sh, aslida maqom o’zi nima? Bu savolga javobni, bizningcha, eng avvalo falsafiy va musiqiy mantiq nuqtai nazaridan axtarish lozim. Maqom atamasi arabcha so’z bo’lib, “istiqomat o’rni”, “turar joy” ma’nolarida keladi. Musiqa istilohida esa maqom – musiqa cholg’ularida kuy va ashulalarni tashkil etadigan tovushlarning joylashadigan o’rni, ya’ni pardalardir. Musiqa risolalarining ba’zilarida maqomlar turlicha ta’riflanadi. X-XIII asr yozma manbalarida maqomlarga noaniq ta’rif beriladi. Shuning uchun so’nggi davrda yozilgan musiqa nazariy asarlariga murojaat etamiz[31;18]. XV asr musiqa nazariyachisi Zaynulobidin Husayniyning “Qonun”ida maqomga quyidagicha ta’rif berilgan: “Sozning dastasiga bog’lanadigan halqasimon to’siqlar (so’zma-so’z “halqalar”)ni “maqom” deydilar”. Bundan ko’rinadiki, maqom musiqa cholg’ulari dastasiga bog’lanadigan pardalardir. Shuning uchun Sheroziy va Jomiyning risolalarida “maqom” so’zining ekvivalenti sifatida “parda” atamasi qo’llaniladi[32:62]. “G’iyosul-lug’at” muallifi maqomni shunday ta’riflaydi: “Ijro etiladigan kuy va qo’shiqlarning pardasini maqom deydilar. O’tmishda maqomlar turli ma’noda ishlatilib kelingan. Maqomning dastlabki ma’nosi – ijro etiladigan kuyning lad asosidi. O’zbek-tojik xalqlarida, boshqa xalqlar musiqasida bo’lgani kabi, har bir musiqa asari ma’lum lad uyushmasiga mos keladi. Sharq xalqlari musiqasining lad asosi juda ham mustahkam negizda qaror topgan bo’lib, ko’pincha ularning musiqa asarlari muayyan lad uyushmalari doirasidan chiqmaydi. Yozma manbalardan ma’lum bo’lishicha, maqom atamasi lad uyushmalari bilan bir qatorda musiqa asarlarining musiqa cholg’ularidagi boshlanadigan parda (tonika)sini ham ifodalagan. Bu fikrning ifodasi sifatida musiqa amaliyotimizda ham ba’zi izlar saqlanib qolgan. Masalan, Rost pardasi (Rost maqomi boshlanadigan parda), Ushshoq pardasi, Navo pardasi va hokazo. XIII ‑ XV asr risolalarida “maqom” atamasi “parda” so’ziga ma’nodosh deb ko’rsatiladi[33;18]. Maqom deyilganda musiqa cholg’ularining ijro etiladigan kuyga mos qilib sozlanish ham tushuniladi. Buning musiqa amaliyotidagi ifodasi shuki, hofiz va bastakorlar orasida Navo yoki Bayot sozi (ya’ni cholg’uni ularning lad asosiga moslab sozlanishi), Rost sozi kabi maxsus atamalar ishlatilib kelingan. Buxoro va Samarqandda sozlarni maqomlarga moslab sozlanishining ifodasi bo’lgan Mezrobi Rost, Mezrobi Navo va Mezrobi Segoh kabi iboralar ishlatiladi. Mezrobi Rost – tanburni Rost maqomiga, Mezrobi Navo – Navo maqomiga, mezrobi Segoh esa uni Buzruk, Segoh va Iroq maqomlariga moslab sozlanishini ifodalaydi[34;119]. Yuqoridagi mulohazalarni umumlashtirib, maqomni shunday ta’riflash mumkin: Maqom – ma’lum lad asosiga mos keladigan va muayyan pardadan boshlanadigan kuy va ashulalar majmuasidir. Hozirgi kunga qadar maqom kuy va ashula yo’llari turkumi ma’nosini ifodalab keldi. O’n ikki maqom tizimi (Duvozdahmaqom) deyilganda, 12 maqom, ularning ma’lum qismlari asosida yuzaga kelgan tovushqatorlarning ma’lum turlari – 24 sho’’ba, 6 ovoz va murakkabot, deb atalgan lad ko’rinishlari tushuniladi[35;52]. Ma’lumki, Sharq musiqa nazariyasi sohasida Safiuddin Urmaviy maqomlarni tizimlashtirish borasida ajoyib ishlar olib borgan edi. Bu tizim XV asr musiqa olimlari tomonidan yanada mukkammalashtirildi. Maqom, sho’’ba va ovozlar muayyan bir shaklda, yaxlit tizim asosida ta’riflanadigan bo’ldi. Ularning hammasi jam’lar, deb hisoblansa-da, diapazoni turlicha bo’lgan, shu bilan birga tovushqatorlar ifodasi bo’lgan shu jam’lar tarkibidan ajralib chiqqan. 12 maqomning har biri ham jam’lar orasidan ajratib olingan mashhur lad uyushmalaridir. Manbalardan ma’lumki, jam’lar jinslarni qo’shish bilan hosil etiladi[36;80]. O’n ikki (Duvozdah) maqomning O’rta Osiyo, Xuroson, Ozarbayjon xalqlari musiqasida eng taraqqiy etgan davri, taxminan XIII-XVII asrlarga to’g’ri keladi. Shu xalqlar musiqa nazariyasiga oid yozma manbalar fikrimizning dalili bo’lib xizmat etadi. O’n ikki maqomning tarixiy taraqqiyot yo’li, uning shakllanish jarayoni masalasi yuzasidan biror aniq fikr aytish qiyin. Chunki u davrlarda hozirgi ma’nodagi nota yozuvi bo’lmaganligi bizni o’tmish musiqamizning jonli namunalarini tasavvur etishga imkon bermaydi[37;3-5]. Maqomlarning yaratilishi juda qadim zamonlarga borib taqalsa-da, biz ularni O’n ikki maqom shaklida musiqa risolalarida berilgan mulohazalarga suyanibgina sharhlay olamiz. Maqomlar turli shakllarda va miqdorda yashab keldi. Ularning O’n ikki maqom shakli, ayniqsa, XIII-XV asrlardagi musiqa risolalarida aniqroq yoritilganligi, bu davrda ularning mashhur bo’lib ketganligidan, xalq ommasi orasiga keng yoyilganligidan va musiqa amaliyotida muhim o’rin tutganligidan dalolat beradi[38;11]. O’n ikki maqom O’rta Osiyo xalqlari musiqasida va Xurosonda qariyb Shashmaqom shakllangan davrgacha, yaxlit holda yashab keldi, deb o’ylash mumkin. Shuning uchun ham XV-XVIII asrlarda yaratilgan musiqaga oid nazariy risolalarda O’n ikki maqom masalasi asosiy o’rin egallaydi. Maqom tushunchasi so’nggi davrlardagi ta’rif bo’yicha ham “ijro etiladigan kuy va ashulalarning lad asosi” bo’lib qola beradi. Musiqa risolalarida “maqom” atamasi “parda” iborasi bilan ham ataladiki, bu tushunchalar hozirgi zamon musiqa nazariyasida ladni bildiraveradi[25;28]. Demak, O’n ikki maqom yoki parda o’n ikki turli lad va ularga mos keluvchi musiqa asarlari ifodasidir. Maqomlarning boshlanish pardasi ham yuqorida aytilganidek ularning o’zlari mansub bo’lgan maqomlar nomi bilan ataladi. Shuni ham uqdirib o’tish kerakka, O’n ikki maqom hamda maqomlarning boshqa turlaridagi jonli musiqa asarlarida, asosiy lad qurilmalari chegarasidan chiqish hollari tez-tez sodir bo’lib turadi. O’zbek-tojik xalqlari musiqasining mumtoz namunasi bo’lgan Shashmaqom, taxminan, XVIII asrning birinchi yarimlarida mustaqil musiqa janri sifatida uzil-kesil yuzaga keldi. Bunday taxmin etilishiga sabab shuki, O’rta Osiyoda XVIII asrgacha yozilgan musiqa risolalarida O’n ikki maqom ustidagina gap boradi. XIX asrgacha yozilgan musiqa manbalarida Shashmaqom haqida biror og’iz eslatib ham o’tilmagan. Shuning uchun O’n ikki maqom turkumi XVIII asrgacha yashab kelgan, degan ishonch hosil bo’ladi. Musiqashunosligimizda shu vaqtgacha Shashmaqom turkumlari XVI asrlarda shakllangan, degan fikr mavjud edi. Bunda mutaxassislar O’zbekiston Fanlar Akademiyasining Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan 1466 raqamli qo’lyozmaga suyanib, shunday xatolikka yo’l qo’ygan edilar. Atoqli sharqshunos olim, professor A. A. Semyonov bu asar qo’lyozmasini XVI asr musiqa olimi Mavlono Kavkabiy tuzganligini va uni “Kulliyoti Kavkabiy” (“Kavkabiyning asarlar to’plami”) ekanini ko’rsatib o’tgan edi. Keyingi tekshirishlar shuni ko’rsatdiki, aslida qo’lyozmadagi bu asarda dastlab O’n ikki maqom va Kavkabiy haqida ba’zi ma’lumotlar keltiriladi. Keyin esa XVI asrda emas, balki Buxoro amiri Nasrullaxon hukmron bo’lgan davrda tuzilgan Shashmaqomga aytilgan she’r matnlarini o’z ichiga olgan to’plam beriladi. Shashmaqom xalq ijodiyoti bilan doim munosabatda bo’lganligi va u asosda uzluksiz boyib, rivojlana borganligi musiqaning tarixiy manbalarida ham o’z aksini topgan. Saroy musiqachi-bastakorlari oddiy xalq orasidan etishib chiqqan mohir san’atkorlar bo’lgan. Masalan, erlik musiqa nazariyachisi Darvish Ali Changiy xalq orasidan etishib chiqqan talantli musiqachilardan biri bo’lgan. Uning musiqa risolasiga yozilgan so’z boshida, Darvish Ali yoshligidan musiqaga ishtiyoqi baland bo’lgani va chang chalishni yuksak mahorat bilan egallaganidan keyin saroyga taklif etilgani haqida gap boradi. Hatto saroy musiqachilari rahbarlari darajasiga ko’tarilgan Darvish Ali kabi bunday musiqachi-bastakorlar nomi tarixda ko’plab uchraydi. Bunday san’atkorlar, shubhasiz, xalq musiqa boyliklarini saroy muhitiga uzluksiz olib kirganlar. Lekin o’z navbatida u erda ijro etilgan musiqa asarlari ham saroy doirasida chegaralanib qolmagan. Kasbiy musiqa xalq musiqa materiallari bilangina boyib boradi. Bundan tashqari, maqomlarga aytiladigan she’rlar klassik shoirlarning g’azallaridan iborat ekanligi ham ularni ma’lum doirada qola olmasligiga sabab bo’ladi. Shuni ham aytish kerakki, maqomlarga ba’zan diniy mazmundagi she’rlar ham tushirib ijro etila bergan. Lekin maqomlar o’zining asosiy lirik xususiyatini bu bilan yo’qotmaydi. Maqom kuy va ashula yo’llarida o’zbek-tojik xalq musiqasiga xos ohang, lad tuzilmalari, kuy qurilmasi, ritmik asosi (usullari) mujassamlangan. Musiqa cholg’ularidagi maqom boshlanadigan har bir parda ham uning xarakterini belgilaydigan omillardandir. Shashmaqomni butun holda katta hajmdagi turkum asar deb qarar ekanmiz, biz uchun har bir maqomning va sho’’balarning boshlanish pardasi yoki lad tovushqatori masalasi tarixiy va amaliy ahamiyatga ega bo’lmog’i kerak. Shu bilan birga, maqomlar tizimini notaga olib nashr etishda ularning tom ma’nosi bilan yaxlit holda saqlanishiga alohida ahamiyat berilishi lozim. Bu nuqtai nazardan o’zbek va tojik xalqlari musiqashunoslik fanining eng yaqin vazifalaridan biri – maqomlar va ularning sho’’balari lad asosini chuqurroq o’rganib, uning tarixiy shakllanishi va taraqqiyoti jarayonini har tomonlama ochib berishdan iborat bo’lmog’i lozim. Shashmaqomning tuzilishi turlicha izohlanib kelingan. Mutaxassislar maqomlarni biluvchi ba’zi ustozlar fikriga asoslanib, ularning har biri uch qismdan iborat ekanini qayd etganlar. Maqomlarning cholg’u (instrumental) qismi – Mushkilot nomi bilan ataladi. Maqomlarning ashula (vokal) qismi – Nasr nomi bilan ataladi. Maqomlarning Ufar qismi – raqs bilan bog’liq bo’lib, yakka ashulachi yoki bir necha ashulachilar ijro etadi. Lekin bu iboralarning ishlatilishida ba’zi noaniqliklar, mantiqiy bog’lanmaydigan jixatlar mavjud. “Mushkilot”so’zi “qiyinchiliklar, qiyin ijodlar, qiyin yo’llar” ma’nosida keladi. Bu erda mantiqiy jihatdan kuy yo’lidagi qiyin aylanma harakatlar hamda ularning ijro etishdagi murakkab holatlar hisobga olingan bo’lsa kerak. Lekin cholg’u musiqani ifodalashda “mushkilot” iborasi mazmunning ifodasi sifatida talabga har tomonlama javob bera olmaydi. Maqomlar ashula bo’limining “Nasr” deb atalishi ham hech qanday asosga ega emas. Chunki maqomlarda bu ibora bilan bog’liq bo’lgan maxsus “Nasr” sho’’balari mavjud bo’lib, uni umuman ashula bo’limlar ifodasi uchun tatbiq etish haqiqatga to’g’ri kelmaydi. Bu fikrlar o’tmish musiqa risolalarida ham o’z aksini topmagan. Xorazmda esa maqomlarning qismlari boshqacha nomlar bilan atalgan,ya’ni birinchi (cholg’u) qismi – Mansur, ikkinchi (ashula) qismi – Manzum nomi bilan mashhur bo’lgan. Mansur (“Mansur” so’zi arabchada ikki xil yoziladi. Bu erda kelgan “mansur” arabcha “So” bilan yozilib, uning “Sod”bilan yoziladigan shaklidagi ma’nosidan farq qiladi) – maqomlar cholg’u qismining ifodasi bo’lib, prozaik, sochma ma’nolarini beradi. Lekin bu iboraning ham lug’aviy ma’nosi o’zining asl mohiyatiga bog’lanmaydi. Manzum – nazm (she’r) bilan yozilgan yoki unga bog’liq bo’lgan musiqa asari – maqomlarning ashula bo’limini nisbatan ifodalay oladi. Bu iboralarning etimologiyasi musiqa fani nuqtai nazaridan durustroq o’rganilmagan. Maqom ustozlari esa ularning musiqa istilohidagi ma’nosini unutib yuborganlar va Mushkilot – maqomlarning cholg’u yo’llari, Nasrlar – ashula yo’llari, - deb sanay beradilar. Ufarlar masalasiga kelsak, ularni ham maqomlarning maxsus qismi qilib ajratiladiki, bu to’g’ri emas, albatta. Chunki Ufarlar asosan Talqin, Nasr,Savt, Mo’g’ulcha kabi sho’’balarning Ufar doyra usuliga tushirilgan variantidir. Shu mulohazalarga suyanib biz maqomlarni ikki bo’limiga ajratib: 1. Maqomlarning cholg’u bo’limi, 2. Maqomlarning ashula (vokal) bo’limi sifatida qarab chiqamiz. Birinchi bo’lim turli hajmdagi ko’pgina cholg’u yo’llarini o’z ichiga oladi. Maqomlarning ashula bo’limida mustaqil va bir necha shoxobchalari sho’’balar va Ufarlar uchraydi. Ularning ashula bo’limi bu erda sho’’balarning tuzilish xarakteriga qarab ikki qismga ajratilib, sharh etiladi: a) Ashula bo’limlarining birinchi guruh sho’’balari qismi. b) Ashula bo’limlarining ikkinchi guruh sho’’balari qismi[6;20-141]. Ushbu bobda o’zbek milliy musiqa merosining janrlari haqida so’z boradi. Hususan, Folklor san’ati va uning turlariga kirkhuvchi mehnat qo’shiqlari, dehqonchilik qo’shiqlari, hunarmandchilik qo’shiqlari, chorvachilik qo’shiqlari shular jumlasidandir. Bundan tashqari vohlarga mansub ijro yo’llari ham yoritilib borilgan. Yallarlar, laparrlar, o’lan va yor-yor kabi qo’shiqchilik turlarining mazmun mohiyati ochib berilgan. Folklor san’atining muhim tarmoqlaridan bo’lgan “Dostonchilik” va “Baxshichilik” san’atiga bobda alohida muhim ma’lumotlar berib o’tilgan. Vohalarga mansub ijro yo’llarini yoritishda Katta ashula san’ati haqidagi ma’lumotlar keng yoritilgan bo’lib, asosan Farg’ona vodiy ijrochilik maktablari haqida yozilgan. Bobnnig 2 paragrifida esa mumtoz musiqa merosimiz bo’lgan maqomlar haqida to’liq ma’lumotlar yoritib berilgan. Download 258.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling