O’zbekiston respublikasi oliy ta’lim, fan va inovatsiyalarvazirligi farg’ona davlat universiteti
I-Bob. O’rta Osiyo xalqlarining musiqa san’ati tarixi va uning nazariy metodologik asoslari
Download 258.5 Kb.
|
Mansurova N Monografiya 2023 (2)
I-Bob. O’rta Osiyo xalqlarining musiqa san’ati tarixi va uning nazariy metodologik asoslari.
1.1. O’rta Osiyo musiqa san’atining rivojlanish tarixi. O’zbek xalqining musiqiy-madaniy merosi ko’p asrlik ko’hna tarixga ega. Qadimda xalq orasida ijod qilgan sozanda va xonandalarning izdoshlaridan og’izdan-og’izga o’tib kelayotgan, “Og’zaki an’anadagi professional musiqa”, xalq ijodiy musiqiy namunalari, bastakorlik an’analari, baxshichilik va folklor san’ati bunga yaqqol misol bo’la oladi. O’rta Osiyo xalqlarining ajdodlari tomonidan yaratilgan musiqa san’ati durdonalari, qadimiy madaniy yodgorliklar, arxeologik topilmalar, tasviriy san’at namunalarida tasvirlangan minniatyura asarlarida, hamda o’rta osiyo olimlarining musiqa ilmi haqida yozilgan ilmiy risolalarida aks ettirilgan. Tarixiy manbalarda musiqiy madaniyatimizni uzoq tarixi bilan bog’liq ma’lumotlarga duch kelamiz. Bunga misol arxeologlar tomonidan topilgan qadimiy ashyoviy dalillar, arxeologik inshoatlar, tog’lardagi qoya toshlarga, devorlarga chizilgan musiqiy-madaniy hayotni aks ettiruvchi suratlar, sozlar, sozanda va xonandalarining suratlari, minniatura ko’rinishidagi shoh saroyidagi bazmlarda sozandalar tasviri, musiqiy ijrochiligimizning asrlar osha bizgacha etib kelganligidan dalolat beradi. O’rta Osiyo xalqlarining tarixiy rivojlanish jarayonlari eramizning birinchi ming yilliklarga to’g’ri keladi. Sharq mamlakatlarining madaniy hayotidan habar beruvchi qadimiy Zardushtiylik dinining muqaddas kitobi hisoblangan “Avesto” yodgoriligida ham muhim va batafsil ma’lumotlar keltirilgan. Mazkur ma’lumotlar xalq musiqa ijodi boshqa san’at turlari bilan aralash sinkretik holatda bo’lganligi,“Avesto” kitobida hamda o’rta osiyo xalqlarining revolyuttsiyagacha bo’lgan davr turmush tarzi, an’analari, urf-odatlari, to’y-tomoshalarining arxiak elementlarida keltirib o’tilgan. “Avesto”da xalq poetik va musiqa san’atining mushtarakligi va shu asosida yaratilgan, musiqiy poetik asarlar, shuningdek, O’rta Osiyo xalqlarining turmushi, ular olib borayotgan siyosat, ularning urf-odatlari, o’tkaziladigan to’y-tomoshalar va boshqalar arxeologik namunalarda o’z aksini topgan. Tarixiy manbaa hisoblanmish “Avesto”da xalqning qo’shiq aytishi va turli marosimlarda jamoa bo’lib, qo’shiq ijro etilishi, xalqning olovga sig’inib, olov atrofida qo’shiq aytib, raqsga tushishi ko’rsatilgan[4;5-6]. O’zbek xalqi ajdodlarining musiqiy ijodi qardosh xalqlar ijodi bilan ham chambarchas bog’liq. Hususan, tojik xalqinnig musiqiy madaniyati o’zbeklar ijodi bilan mustahkam bog’langan. Ikki xalqning musiqiy merosi X-XI asrlargacha (ya’ni davlatlar o’z chegaralarini hududiy yaxlitlikka bo’lgunlariga qadar) bir butun meros sifatida talqin etildi, keyinchalik esa, o’zbek va tojik xalqlarining musiqiy madaniyatlarining shakllanishi uchun umumiy asos bo’lib keldi. O’rta Osiyo va O’zbekiston hududlarida Afrosiyob, Dalvarzintepa (Surxondaryo), Varaxsha (Buxoro), Ayritom, Zartepa, Qo’y qirilgan va Qo’zi qirilgan tepalar (Ko’hna Urganch), Panjikent kabi qadimiy joylar qazilmalaridan topilgan chizma surat va xaykalchalar shular jumasidandir. Qadimiy suratlarda arfa, ud, naysimon hamda urma cholg’ular aks ettirilgan[5;8-9]. Bugungi kun madaniy hayotimizda mana shu Zardushtiylik dinidan qolgan urf-odatlar ma’lum darajada saqlanib qolgan va xalqmiz orasida ba’zanuchrab turibdi. Masalan, nikoh to’yi marosimida kelinni kuyovnikiga olib kelinganda uni uyga yoki to’yxonaga olib kirishdan oldin o’t yoqilib, kuyov kelinni o’sha olov atrofida ko’tarib uch marta aylantirib, ostonaga olib kelib tushirishi ba’zi mahalliy xalqimiz orasida hozirgacha an’anagaaylanib qolgan. Eramizning IV asriga kelib sharq xalqlari orasida ko’plab siyosiy va iqtisodiy o’zgarishlar natijasida quldorchilik tuzumi feodalizm bilan o’rin almashdi. Sharq xalqlari ikki guruhga bo’linib, Turk va Sharqiy Eron xalqlariga qo’shilishib yashash tarzi vujudga keldi. O’rta asrlarda yashab ijod etgan mashhur sozanda, xonanda va bastakor Barbad Marvaziy madaniyat va san’at sohasiga o’zining salmoqli hissasini qo’shdi. Butun Sharqqa mashhur bo’lgan va keyinchalik Sharq adabiyoti klassiklari asarlarida tasvirlangan O’rta Osiyoning yirik sozanda va xonandasi, o’nlab kuylar ijodkori Barbad (yoki Faxlobod)ning nomi mashhur bo’ldi. Marv (Turkmaniston SSSR dagi hozirgi Mari) shahrida istiqomat qilgan Barbad VII asr boshlarida Eron sosoniylar sulolasidan bo’lgan Xisrav saroyida xizmat qildi. Tarixchilar bergan ma’lumotlarda, Barbad madhiya va tarixiy qo’shiqlar, harbiy va g’alabalar to’g’risida qo’shiqlar ijod etganligi aks etadi. Ozarbayjon adabiyotining klassigi Nizomiy “Xisrav va Shirin” dostonida Barbadning san’at shinavandalariga favqulodda kuchli ta’siri to’g’risida yozgan[6;8]. VI-VII asrlarda yashab ijod etgan O’rta Osiyolik Faxlobod Borbad haqidagi ma’lumotlarga qaraganda musiqashunoslik, bastakorlik, sozandalik va hofizlik borasida tengi yo’q san’atkor bo’lganligi e’tirof etiladi. Afsonaviy ijrochilik mahoratiga ega bo’lganligi haqida yozgan ustoz musiqashunos olim ar-Roziy Borbadning buyuk ijrochilik mahorati bilan birgalikda musiqiy sozlarning ham yaratuvchisi bo’lganligini aytib o’tadi. Borbad yaratgan musiqa asbobi X-XII asrlarda Xuroson va Turonda keng tarqalganligini va uning 4 torli bo’lganligini yozadi[7;7]. Mazkur davrning ov qurollari, musiqa bilan bog’liq bo’lgan bazmlar, urf-odatlari to’g’risidagi ma’lumotlar, tasviriy san’at obidalarida ham o’z aksini topadi. Panjikentdan topilgan qadimiy naqshinkor va yorqin ijod namunalari shular jumlasidandir. O’rta Osiyo xalqlari “Kitobi Qo’rqut” nomli turkumiga kirgan epik turk afsonalarining mahalliy aholi tomonidan turklarning musiqiy hayotini ba’zi bir jihatlarini meros sifatida olganlarliklari shu xalqning eposlarining shakllanishida kuchli ta’sir ko’rsatgan. Mahalliy xalqning og’zaki ijodi, musiqiy an’analari kelgusida yirik shakldagi professional asarlarning vujudga kelishiga sabab bo’ldi. VII-VIII asrlarga kelib mahalliy xalqning og’zaki an’anadagi professional musiqasi va xalq musiqiy an’analari shakllana boshladi. VIII-IX asrlar Arablarning hukmronlik davrilariga to’g’ri keldi. Bu davrda mahalliy aholini majburan islom diniga bo’ysundirilishi natijasida mahalliy aholi tomonidan mutassil qo’zg’olonlar yuzaga kelgan. Ushbu qo’zg’olonlar aholining mehnatkash qatlami manfaatlarini aks ettiruvchi Muqanna boshchiligidagi “Oq kiyimlilar” nomi bilan mashhur bo’lgan xalq harakatining yuzaga kelishiga turtki bo’ldi. Mahalliy ziyolilar ham arab bosqinchilarga bo’lgan noroziliklarini yashirin tarzda ifoda etdilar. Dastlab islom dini musiqaga qarshi bo’ladi, uni yo’qotish va rad etishga urinadi. Ammo, musulmon etakchilari xalqni islomga bo’ysundirilish jarayonlarida ularni boshqarishda musiqani qurol sifatida qo’llaydilar. Shu sababli musiqa san’atiga din doirasida ruhsat etiladi, lekin dunyoviy musiqaga qarshi chiqadilar. Musiqa ilmidan foydalanish faqatgina darveshlarning diniy zikr etishlari bilan chegaralangan edi. O’rta Osiyoning arablar xalifaligiga qo’shilishi ma’lum bir ma’noda ijobiy natijalar ko’rsatdi. Mahalliy aholi tomonidan ijro etilgan asarlarni arablar asta-sekin o’rgandilar. A. Isfaxoniyning arab tilida yozilgan “Qo’shiqlar kitobi”da yozilishicha arablar O’rta Osiyo xalqlarining juda ko’plab kuylaridan foydalanganliklari to’g’risidagi ma’lumotlarni keltirib o’tadi. Musadjiq nomi bilan tanilgan birinchi arab qo’shiqchisi O’rta Osiyoda bo’lib, turli xil kuy va qo’shiqlarni eshitib, tanlab olib, ular asosida yangi qo’shiqlar ijro tizimini yaratadi. Yana bir arab qo’shiqchisi Ibn Muhriz esa, O’rta Osiyoliklardan o’rgangan qo’shiqlari asosida arab tilidagi baytlarini ijro etganligi to’g’risidagi ma’lumotlar berilgan. Arab Mashriq mamlakatlari Arabiston yarim orolidagi 20 dan ortiq arab davlatlarini o’z ichiga oladi: Bahrayn qirolligi, Birlashgan Arab amirligi, Iordaniya Hoshimiylar qirolligi, Iroq, Livan, Suriya va Yaman Arab respublikalari; Qatar, Quvayt, Falastin davlatlari, Saudiya Arabistoni Qirolligi va unga yaqin mintaqalarda joylashgan tili, madaniyati, hususan musiqa madaniyati bilan o’zaro yaqin bo’lgan mamlakatlar ham shular jumlasidandir. Mazkur mamlakatlar musiqasida O’rta Osiyo va Eron xalqlari musiqasining ta’siri sezilarlidir. Abul-Faraj al-Isfaxoniyning (897-967) “Qo’shiqlar kitobi” atalmishmahobatli asarida islomdan oldingi arab musiqasiga qadimgi O’rta Osiyo va Eron xalqlari musiqasining ta’siri haqida dalillangan ma’lumotlar mavjud. Shu munosabat bilan arab hofizi va shoiri Abdu-r Rahmon Atradning Valid ibn Yazidga (vafoti 748 yil) aytgan quyidagi gaplari e’tiborlidir: “Butun musiqa bizga Ajamdan kelgan, biz arablar esa unga arab she’rlarini qo’yganmiz xolos”[8;35]. Arablar istelosi davri mahalliy xalqning qadimgi madaniy va musiqiy merosiga salbiy ta’sirini o’tkazgan. Ushbu davrdan oldingi turkiy musiqiy merosni ko’p qismini unutilishiga sabab bo’lgan. Mashhur jadidlar namoyondalaridan biri adib, musiqashunos olim Abdurauf Fitrat o’ziing “O’zbek klassik musiqasi va uning tarixi” nomli kitobida turk musiqasi haqida shunday deb yozadi: “Arab istelosidan burun sharqdag’i turli millatlar orasida hech bir turli “olish-berish yo’q edi”, demaymiz; bor edi hamda kuchlik edi, biroq bu olish-berish shaklidagina bo’lar edi. “Birini tashlab-birini olish” shaklida emas edi. Mana shu “to’bda birlashgan” sharq musiqiysidan burun, turklarda o’z boshli tamallari, o’z boshli nazariyalari bilan bir turk musiqasi bormi edi? Bo’lsa, qanday yo’sinda edi? Bu bizga ma’lum emas. Arab islom siyosatining himmati(!) bilan oradan yo’qolg’an bir ko’b milliy asarlarimiz bilan birgalashib musiqiyimiz ham yo’qliqqa chuqur ko’mulgan, bitkan. Katta bir yo’ldan o’tub ketgan ulug’ bir karvonning izi qolmaydirmi? Mana shunga o’hshab arab istelosidan burung’i turk musiqiysining izlarigina qolg’andir. Shularni ko’rub o’tush har holda foydasiz bo’lmaydir. “Go’zal san’atlar” tarixini tekshirguchi olimlarning ko’plari go’zal san’atlarning, shu jumladan, musiqiyin-da, “din ham diniy tuyg’ularning ta’siri bilan maydong’a chiqib, ko’b vaqtlar shul din ta’sirida, diniy bir narsa bo’lub qolg’an” deb o’ylaydilar. Bizga bu da’voni birdan qabul etmak qulay bir ish bo’lmasa kerakdir”[9;35-36]. Shundan ko’rinib turibdiki, O’rta Osiyo va Sharq xalqlarining musiqiy merosi naqadar go’zal bo’lganligi va u boshqa millatlarga ham manzur kelganligi fikrimiz isbotidir. Shuni ham eslatib o’tish joizki, O’rta Osiyoning musiqiy madaniyati tarixi haqidagi olimlar tomonidan haligacha to’liq ilmiy izlanishlar olib borilmagan. Bunga sabab o’sha davr madaniy –musiqiy hayotini yoritishda turli xil tillardan foydalanilgan va dunyonning ko’plab mamlakatlarida tarqoq holdaligidir. O’rta Osiyo xalqlari madaniyati tarixini umumlashtirib yaxlit holatga keltirilgan birorta ham mukammal asar mavjud emas. Shu sababli ushbu mavzudagi ilmiy-nazariy izlanishlar, tadqiqotlarni o’rganish bugungi kunning dolzarb mavzularidan biri hisoblanadi. IX asrdan boshlab O’rta Osiyo xalqlarinnig bosqinlariga qarshi faol kurashlari natijasida hokimiyat Somoniylar sulolasi davrini boshlab berdi. O’rta Osiyo rivojlanish jarayonlari pallasiga kirdi. Ushbu davrda xonliklar faoliyati mustahkamlandi, shaharlar obod bo’ldi, iqtisod, siyosat rivoj topdi. Somoniylar xukmronlik davrida O’rta Osiyo yuz yil davr mobaynida chet el bosqinlaridan himoya qilindi. Bu esa mamlakatni gullab yashnashiga va madaniy hayotning rivojlanishiga asos bo’ldi. Sharqning renesansining asosi hisoblangan bu davrda juda katta o’zgarishlar ro’y berdi. Bu davrda buyuk olimlar, faylasuflar, yirik din ulamolari, shoirlar, musiqashunoslar, mashhur insonlar yashab ijod qildilar. Mashhur matematik va astronom olim Ahmad al-Farg’oniy, algebra fanining asoschisi Muhammad ibn Muso Xorazmiy, buyuk sharq faylasufi, sharq musiqa nazariyasining asoschisi, Abu Nasr Forobiy , Abu Rayhon Beruniy, tib ilmining sultoni Abu Ali ibn Sino va boshqa ko’plab qomusiy olimlar yashab ijod etdilar. Somoniylar davrida Buxoro shahri juda katta iqtisodiy va madaniy markazlardan biriga aylanadi. Adabiyot va san’at, me’morchilik, shaharsozlik sohalari yaxshi rivojlanadi. Buning yana bir sababi, Buyuk ipak yo’lining Buxoro shahridan o’tishi va u erdagi saroylarda dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan savdogarlar, ilm ahli va boshqa soha vakillarining to’htab o’tishi, mamlakatning sohalaridagi rivojiga katta hissa qo’shgan. Saroy shoirlar musiqachilari ijodining asosi hukmdorlar va amaldorlarini maqtab, ulug’lab va sharaflaydigan qasida janri edi. Qasidaning muqaddima qismi(nasib)ga musiqa asbobi jo’rbo’lardi. Ba’zida maxsus kechalarda cholg’u sozining o’zi yakka holda ham ijro etilar edi. Keyinchalik nasibdan musiqali poetik janr sifatida –g’azal shakllandi. Bu davrda faqat xalq og’zaki ijodida mavjud bo’lgan qadimgi epik afsona va rivoyatlarga ishtiyoq kuchayib bordi. Ular asosida ikki misrali o’zaro qofiyalanadigan o’n bir bo’g’inli mutaqarib vazn yotgan professional qahramonlik eposlari vujudga keldi. Firavsiy o’zining “Shohnoma” dostonini yaratishda O’rta Osiy xalqlari eposidan unumli foydalangan. Bu doston o’sha davr musiqiy hayotini, musiqa san’ati namoyondalari haqida, ayniqsa, musiqiy cholg’ular va ular haqidagi ma’lumotlarni o’rganishda asosiy manbaa sifatida foydalaniladi. Somoniylar davri chin ma’noda musiqiy hayotning rivojlanish pallasi hisoblandi. Ayniqsa, musiqa cholg’ularida ijrochilik va cholg’u sozlarning takomillashuviga erishildi. X asrning ohiriga kelib O’rta Osiyoda turli turkiy qabilalar va mahalliy davlatlar o’rtasida ziddiyatlar yuzaga kela boshladi. Ko’chmanchi turkiy qabilalar o’troqlashib, asta-sekin dehqonchilik bilan shug’ullandilar. O’rta Osiyo xalqlari madanyati rivojlanishida turkiy qabilalarning roli muhim ahamiyat kasb etdi. Turk tili tez ommalashib, keng tarqala boshladi. Turk tilida ilk ilmiy asarlar paydo bo’ldi. Mahmud Qoshg’ariyning “Devonu lug’otit turk” (“Turk tillari lug’ati”) asari buning isbotidir. XI asrda she’riy misralar bilan yozilgan noyob durdona asarlardan Yusuf Xos Xojibning(XI asr) - “Qutadg’u bilig”(Baxt keltiruvchi bilim), Axmad Yassaviyning (XII asr) “Devoni Xikmat” hamda Fahriddin ar-Roziyning (XII asr ohiri XIII asr boshlari) musiqa to’g’risida yozgan risolalari va asarlaridagi turkiy poetik ijodi, musiqali shakllar to’g’risida muhim mahlumotlar bayon etilgan. XI asrning yana bir ahamiyatga molik muhim asari “Qobusnoma” hisoblanadi. Ushbu asarni G’arbiy Eron podshohining nabirasi bo’lgan Kaykovus ibn Iskandar o’g’li Gilonshohga “Nasihatnoma” yozadi va bobosi Qobus sharafiga atab uni “Qobusnoma” deb nomlaydi. Asarning o’ttiz oltinchi bobi musiqa san’atiga ya’ni xofizlik va sozandalik zikrida deb nomlanib, unda musiqa ahliga muhim maslahatlar berilagan. Bundan tashqari musiqa orqali insonlarini ruhiyatiga qarab tarbiyalash ularni qanday davolash, kerakligi to’g’risida ham ma’lumotlar keltirilgan.Xofiz va sozandalar uchun juda kerakli nasihatlar berib o’tilgan. Ushbu noyob durdona asardan hozirgi kunimizda ham juda keng tarzda foydalanilib kelinmoqda. XI asrga kelib turkiyda so’zlashuvchi xalqlar mahalliy aholi bilan aralashib yashash tarzi jarayoni tufayli o’zbek xalqining shakllanishiga olib keldi. Mutassil urushlar, kelishmovchiliklar natijasida O’rta Osiyoda madaniyatning rivojlanishiga salbiy ta’siri o’tkazdi. Ayniqsa Mo’g’ullar istilosi (XIII asr) davri ko’p yo’qotishlar davri bo’ldi. Bu davrda Buxoroda madaniyat ancha suslashib qolgan edi. X-XIII asr yozma manbaalarida musiqa nazariyasi va amaliyotidagi eng muhim masalalar o’z ifodasini topgan. O’rta asr musiqa olimlari nazariy masalalarda ko’proq Forobiy, Ibn Sino asarlarida berilgan ta’rifni asos qilib olganlar. Musiqa nazariyasi so’nggi davrlarida yashab, ijod etgan musiqa olimlari- Safiuddin Adbulmo’’min, Mahmud bin Ma’sud Sheroziy (XIII-XIV), Xo’ja Abdulqodir (XIV asr), Zaynulobidin Husayniy, Abdurahmon Jomiy (XV asr) va boshqalarning asarlarida yanada rivojlantirilgan[10;20]. O’rta Osiyoning musiqiy madaniyatida mana shu davr mumtoz musiqa san’atining yirik janri bo’lgan maqomlarga ham alohida muhim bir davr hisoblandi. Ayniqsa olim Safiuddin Urmaviyning musiqiy ilmi xizmatlari tarixni zarxal harflariga bitilgandir. Uning “Risolatush-Sharafiyya” (“Sharafli Risola”), “Kitabul- advar” (“Musiqa va ritm doiralari kitobi”) asrlari Sharqning musiqiy nazariyasi tarixiy rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Urmaviy o’zining asarlarida “O’n ikki maqom” (“Duvozdah maqom”), “Ovoza”, “Sho’’ba”larga oid ma’lumotlarni tartibga solgan. Maqomlarning doira usullari, ritm, ladlar haqida ham muhim manbaalarni berib o’tgan. Hususan, Sharq nota yozuvi namunalarini kashf qildi va o’zining bastakorlik ijod namunalarini yozib qoldirdi. Safiudddin Urmaviyning musiqiy aasrlari Sharq xalqlari va O’rta Osiyo xalqlari musiqa madaniyatida maqomlar tarixini yorituvchi va muhim davrlardan biri hisoblanadi. Olim o’z zamondosh olimlarining musiqiy qarashlariga tanqidiy fikr bilan qaragan. U Sharq musiqa nazariyasini yangi ilmiy qarashlari bilan boyitdi va aniqliklar kiritdi. Mumtoz musiqa san’ati ayniqsa maqomlarni taraqqiyotiga katta hissa qo’shgan olim sifatida tarixda alohida e’tirof etiladi. Keyinchalik bu haqda qomusiy olim Maxmud Sheroziy o’zining asarlarida ham keltirib o’tadi. XIV asrning ikkinchi yarmidan boshlab O’rta Osiyo Temuriylar saltanatiga o’tishi munosabati bilan madaniyat va san’at sohasi yana yangilanish va yosharish davrini boshladi.O’rta Osiyo xalqlari Madaniyat va san’at sohasining eng ravnaq topgan, rivojlangan davri Temuriylar dalati hukmronlik qilgan davriga to’g’ri keladi. Amir Temur tarixda qattiqqo’l va qaltis buyruqlar chiqarib xalq hayratini oshirrgan bo’lishiga qaramay feodal tuzumga barham berib, yagona va buyuk Turon davlatini tuzishga erishgan. Temuriylar davlati O’rta Osiyoda juda katta obro’-e’tiborga ega hamda yuqori mavqeyga sazovar davlat bo’lgan.Temuriylar davlati poytaxti Samarqand va qadimgi Kesh shaharlarida juda katta obodonchilik va qurilishlar ishlarini olib borilib, shaharsozlik san’atini yuksak namunalari qatoriga qo’shganlar. Sohibqiron Temur qaysi davlatni bosib olsa o’sha davlatdan yaxshi hunarmandlar, binokor ustalar, rassomlar, olim-u fuzalolar, shoirlar, san’at ustalari, xofiz-u sozandalarni o’zi bilan birgalikda olib kelgan. Ular ham O’rta Osiyo madaniyatining yanada gullab yashnashiga o’z xissalarini qo’shganlar. Anashu davrdan boshlab professional musiqachi va an’at ustalari etishib chiqa boshlaganlar. Amir temur o’z tuzuklarida o’ninchi toifa hunar-san’at egalaridir. Ularning davlat xonaga kelirib o’rdada o’rinlar belgilagan. Yozma manbaalarda yana shu davrlarning yirik bastakor sozandalaridan Sayfitdin Nayi va QutbiNayi,Said Yusuf(Qo’biz), Davrvish bek kabi musiqa sohasida mashhur bo’lgan san’atkorla qalamga olinadi[11;24-25]. Tarixchi olim Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida yozishicha hunarmandalar san’ati turli xil ekanligi, xalq poetik ijodi namunalarida aks etgan ashula, qo’shiq, raqslar ijro etib, ba’zida xazil mutoyiba qilib o’zlarini xursand etganliklari bayon etilgan. Musiqashunos olim Abdulqodir Marog’iy dastlab Amir Temur saroyi xizmatida, keyinchalik esa Temuriy avlodlari saroyida xizmat ko’rsatgan. Uning madhiya harakteridagi “Mayatayn” musiqiy risolasida hozirgi davrimizda ham mavjud bo’lgan “Tarje’”, “Peshrav”kuy yo’llari haqida ma’lumotlar berilgan. Yana bir mashhur musiqiyshunos olim Darvishali Changiyning Temuriylar davri musiqiy hayotidan yozgan hikoyalarida o’sha davr musiqachilari hayoti ancha og’ir bo’lganiligi va ularga davlat rahbarlari tomonidan qattiq jazolar qo’llanilganligi haqida hikoyalar qilgan. Temuriylar davri madaniyati va san’ati haqida so’z ketganda Mirzo Ulug’beking o’rni alohida ahamiyatlidir. Uning xukmronlik qilgan yillari nafaqat san’at balki boshqa sohalarning yuksak daraja rivoj topgani, ayniqsa o’zining astronomiya sohasiga qo’shgan ulkan hissasi dunyo tamaddunida hozirgi kunda hamyuqori o’rinni egallab kelmoqda. Temuriylar sulolasining davomchilardan bo’lgan shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur o’z davrining etuk ulamosi bo’lgan. Uning o’sha davr qiyofasini aks etgan, bir necha sohalarni o’z ichiga olgan mukammal asari hisoblangan “Boburnoma” da ham musiqa ilmi va san’atkorlar, hofizlar va sozandalar haqidagi muhim hisoblangan ijodiy muhitni tasvirlagan. Mirzo Ulug’bek hukmronlik qilgan davrda Samarqandni yanada rivojlanishiga zamin yaratdi. U o’zi atrofiga olimlar, shoirlar, san’at namoyandalarini to’plagan. Asosiy madaniy yodgorliklar, bebaho noyob durdona asarlar yaratildi. Madaniyat va san’at sohasi qatorida matematika, astornomiya, tarix va boshqa ko’plab fanlarni rivojlantirdi. XIV-XV asrlarda O’rta Osiy mdaniyati tarixida o’rta asr adabiyoti va musiqa sohasining eng yuksalgan davri boshlandi. Bu davrda ulug’ shoir, mutafakkir Alisher Navoiy va klassik adabiyot namoyandalaridan Abdurahmon Jomiynnig xizmatlari tarixga muhrlandi. Temuriylar davlatiing ikkinchi madaniy markazi bo’lgan Hirotda adabiyot va san’at ravnaq topdi. XV asrning ikkinchi yarmiga kelib madaniyat va san’atning rivojlanish mavqei Hirot shahriga o’tdi. Mana shu davr Hirot madaniyati va san’atida ulkan davrlar bo’ldi desak, fikrimiz hech mubolag’a bo’lmaydi. Hirotda madaniyat va san’atning barcha janrlari ayniqsa arxitektura va rassomchilik.miniatyura janri yuksakdarajada ravnaq topdi. Hirotda madaniyat va san’at sohasini gullab-yashnishiga Alisher Navoiyning xizmatlari alohida tahsinga sazovardir. U shoh Sulton Husayn Boyqaro boshchiligida shoir, musiqachilar, rassomlar, naqshinkor ustalarin qo’llab-quvvatlab ularni diomo rag’batlantirib kelganlar. XV asrda torli cholg’u sozlarida kuy chalish va ijrochilik keng tarqala boshladi. Bu haqda o’sha davr shoirlaridan Ahmadiyning “Sozlar munozarasi” asarida cholg’ularning tasvirlari va ular haqidagi baxs munozaralar haqida batafsil ma’lumotlar berilgan. XV asrning ikkinchi yarmidan boshlab O’rta Osiyo shaharlarida tinimsiz urushlar natijasida Shayboniyxon hukmronligi davrini boshlab berdi. XVII asrda O’rta Osiyoda muhim siyosiy voqeylik yuz berdi. Ya’ni Buxoro, Xiva va Qo’qon xonliklarining alohida xonliklarga bo’linib ketishi natijasida mustaqil xonliklar yuzaga keldi. Manashu siyosiy o’zgarishlar adaniyat va san’at an’analarga ham o’z ta’sirini o’tkazmay qo’ymadi. Asriy an’analar xar bir xonliklarda davom etib boraverdi. Yirik shaharlardan bo’lgan Hirot va Samarqandda bo’lgan an’analar endi har bir xonliklarda davom ettirildi. San’atkorlar xonliklar kesimida o’zaro bo’linib olganlar. Manashu davr bastakorlik an’analari, ayniqsa mahalliy lokal ijrochilik an’anaviy maktablarining yuzaga kelishiga zamin yaratdi. Ushbu davrning eng mashhur musiqashunos olimi Namiddin Kavkabiy Buxoriy hisoblanadi. Uning “Musiqa haqidagi risola” nomli asarida tovushning paydo bo’lishi, sozanda va xonanadalar, ustoz-shogird an’analari haqidagi ma’lumotlar keltirilgan. O’rta asrning eng ohirgi mashhur musiqashunoslaridan Zaynulobidin Husayniy, Abdurahmon Jomiy, Najmiddin Kavkabiy Buxoriy va Darvishali Changiylardir. Ular musiqiy qarashlari va musiqaga oid nazariy-amaliy ma’lumotlarini o’zlarinnig “Musiqiy risola” larida keltirib o’tganlar va O’rta Osiyo madaniyati tarixida chuqur iz qoldirganalar. Darvishali Changiyning hayoti va ijodiy faoliyati haqidagi to’liq dalillar keltirilmagan. Shunday bo’lsa-da u o’zining “Musiqiy risola”sida o’zi haqidagi qisqacha ma’lumot berib o’tgan. Olimning musiqa haqida yozgan asarida juda qimmatli ma’lumotlarni berib o’tilgan. Darvishali Changiynnig bu asari XVI- XVIII asrlardagi yashab ijod etgan san’atkorlar, shoirlar, bastakorlar, hofizlar, sozandalar hayoti va ijodiy faoliyatini tasvirlab beruvchi bibliografik asar hisoblanadi. O’rta Osiyoning bastakorlik san’ati va o’sha davr musiqa turlari va shakllari haqidagi asosiy manbaa hisoblanadi. XVII asrning ohirlari XVIII asrning boshlarida o’zbek musiqa san’atining mumtoz musiqasining rivojlanish davrlari boshlandi. Hususan o’zbek-tojik xalqlarining mumtoz musiqasi sanalgan “Shashmaqom” ning yuzaga kelishi O’rta Osiyo xalqlar madaniyatining yuksak darajada rivojlanganligidan dalolat berdi. Download 258.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling