Eronshunoslik va eron filologiyasi sharqshunoslik fanlari tarkibida
Eron filologiyasi faqat eronshunoslik fanlari bilan emas, balki sharqshunoslikning ko‘pgina fanlari bilan chambarchas bog‘liqdir. Masalan, hindshunoslik, semitologiya, turkologiya va h.k. Bularni bir-biridan ajratib o‘rganish mumkin emas, balki ular qadimiy yozma yodgorliklarni o‘rganishda va ularni tarjima qilishda katta ahamiyatga ega.
Tayanch iboralar
Tarix va filologiya, eron filologiyasi, transkripsiya va transliteratsiya, sharqshunoslik fani.
Savollar
Eron filologiyasiga kirish fani qachon va qaerda birinchi marta o‘qitila boshlandi?
O‘zbekistonda sharqshunos-eronshunoslardan kimlarni bilasiz?
Sharqshunoslik fani qaysi fanlar bilan chambarchas bog‘liq?
II. MAVZU
ISH REJASI:
Eroniy tillar va shevalar. Eroniy tillar oilasi haqida tushuncha. Eron tilshunosligi.
Qadimgi eroniy tillar.
O‘rta eroniy tillar.
Eroniy tilshunoslikda tarixiy-qiyosiy uslub.
Eroniy tillar va shevalar. Eroniy tillar oilasi (guruhi) haqida tushuncha.
Eroniy tilshunoslik
Til kishilar o‘rtasidagi o‘zaro muomala qurolidir. Ma’lum tarixiy davrda ma’lum sabablarga binoan muomaladan chiqqan tillarga o‘lik tillar deyiladi. Shunga binoan eroniy tillar ikki gruppaga ajratilinadi.
1. Qadimgi o‘lik eroniy tillar.
2. Hozirgi zamon (tirik) eroniy tillar.
Tirik tillarni o‘rganish oson, chunki, ma’lum aniq qurollar bilan shu tilning fonetikasi, dialektlarini va leksik-grammatik xususiyatlarini o‘rganish mumkin.
Lekin o‘lik tillar esa buning tamoman aksidir, chunki o‘rganuvchi ob’ekt kishi qo‘lida tirik tilga o‘xshab to‘la material bo‘lmaydi. O‘lik tilni fan faqat shu holda o‘rganishi mumkinki, agar shu tilda biror yozma yodgorlik asari mavjud bo‘lsa. Bundan tashqari o‘sha davr shohidlarining guvohligi ham ma’lum rol o‘ynaydi. Lekin bu yozma yodgorliklar o‘rganilayotgan tilni grammatikasi, strukturasi, so‘z tarkibi va lug‘at boyligi haqida hech qanday ma’lumot bermaydi, chunki bu asarlarda atoqli otlar yoki biror shohning urushdagi g‘alabalari haqida yozilgan bo‘ladi. Qancha qadimgi davrga kirib borsak shuncha yozma yodgorliklar kam uchraydi. Chunki ko‘pgina qo‘lyozmalar har xil sabablar bilan yo‘qotib tashlangan. Masalan, O‘rta Osiyoda, Eronda va Afg‘onistonda arablar bostirib kelishi bilan bu yerlardagi juda ko‘plab qo‘lyozmalar yo‘qotib yuborilgan. Xatto shu kunlarda ham Afg‘onistonda Toliblar hukumatining qarori bilan Kushoniylar sulolasi davriga oid yodgorliklar buzib tashlandi. Bu esa qadimgi davrga oid yodgorliklarni o‘rganishni mushkullashtirib yuboradi. Garchi lotin, qadimgi yahudiy, qadimgi yunon tillari muomaladan chiqqan bo‘lsa ham, lekin ular hozirgi kunda diniy va ilmiy sohalarda qo‘llanib kelinmoqda, qadimgi eroniy tillar esa umuman muomaladan siqib chiqarilgan. Shunday tillar ham borki ulardan hech qanday yozma yodgorliklar qolmagan. Fanda esa ular haqida boshqa tillarda yozilgan asarlardan keltirilgan ba’zi ma’lumotlar bor xolos. Qadimgi eroniy tillar davriga kiruvchi ba’zi tillar shular jumlasiga kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |