Bu davrning 1917-yilgacha bo‘lgan bosqichida yozuvni isloh qilishga qaratilgan jiddiy harakatlar kuzatilmaydi. Bu bosqichda asosiy e‘tibor savod chiqarish, o‘qish-o‘qitish ishlarini tashkil etish kabi masalalarga qaratiladi, shu maqsadda bir qator o‘quv-uslubiy kitoblar yaratiladi: "Ustodi avval" (Saidrasul Saidazizov, 1902), «Adibi avval» (Munavvarqori Abdurashidxonov. Toshkent - 1907), «АЛЫ soniy» (Munavvarqori Abdurashidхоnov. Toshkent - 1907), «Kitob ul- atfol» - «Bolalar uchun kitob»(Mahmudxo‘ja Behbudiy. Samarqand - 1908, 1914), "Birinchi muallim" (Abdulla Avloniy, 1911), "Ikkinchi muallim" (Abdulla Avloniy, 1912), "Turkcha qoida" (M.M. Faxriddinov, 1913), «Savod» (Hevalik muallim Muxtor Bakr. Qozon - 1913), «Ta’limi avval» (Rustambek Yusuf o‘g‘li. Toshkent - 1912, 1914), «Turkiy alifbe» (Muhammad Abdulxoliq o‘g‘li. Qo‘qon - 1916), "Rahbari soni" (Abdullaxo‘ja Saidmuhammadxo‘jaev, 1916), "Imlo" (Ashurali Zohiriy, 1916) «Birinchi yil» (Saidrizo Alizoda. Samarqand - 1917), «Rahbari avval» (Faxriddinov Muhammadamin.Toshkent - 1917) kabi qo‘llanmalar shular jumlasidandir. Bunday kitoblarda yozuvni isloh qilish masalalarini ko‘rish maqsad qilinmagan, ammo ularni yaratish, shular asosida savod chiqarish, yozish va o‘qish ko‘nikmalarini shakllantirish jarayonida yozuvni soddalashtirish, uning alifbosi va imlosini o‘zbek tili xususiyatlariga moslashtirish zarurati borligi sezila borgan, bunday zarurat sezgisi esa, o‘ylaymizki, yozuv islohotiga jiddiy zamin hozirlagan.
Yozuv tariximizning 1918-yildan keyingi davrlari alifbo va imloni milliylashtirish, soddalashtirish, keyinroq esa ularni butunlay boshqa grafik tizimga ko‘chirish harakatlarining yuzaga kelganligi bilan xarakterlanadi. Xususan:
1919-yilda Toshkentda til-imlo va adabiyot masalalari bilan shug‘ullanuvchi to‘garak-seminar - "Chig‘atoy gurungi" jamiyati tashkil topadi. Unga Fitrat (Abdurauf Abdurahimov) va Qayyum Ramazonov boshchilik qilishadi. Shu yilning o‘zida Turkiston Muxtor Jumhuriyati Maorif Xalq Komissarligida "Turk shu’basi" tashkil etiladi. Bu shu’ba o‘zbek maktablari ishi bilan shug‘ullanadi, xususan, ta’lim dasturlari va maktab darsliklarini yaratish bo‘yicha ish olib boradi. Ish jarayonida alifbo, imlo va istiloh (termin) masalalari bilan bog‘liq muammolarga duch kelingan, natijada, shu muammolarni hal etish zarurati paydo bo‘lgan.48
Do'stlaringiz bilan baham: |