Grafemalarning yozuvdagi funksional xususiyatlarini reallashtirishda ularning differensial belgilari (shakli yoki tasviridagi tafovutlar) muhim rol o‘ynaydi. Bu jihatdan grafemalar tovush tilidagi fonemalarga o„xshaydi, chunki fonemalar ham, ma'lumki, differensial belgilar tufayli so‘z yoki morfemalarning moddiy qobig‘ini va ma'nolarini farqlaydi, farqi shundaki, fonemalardagi differensial belgilar akustik- artikulatsion omillarga, grafemalardagi differensial belgilar esa optik-grafik omillarga asoslanadi. Masalan, tovuq va sovuq so‘zlarining ma'nolarini farqlashda "t" va "s" fonemalaridan birinchisining portlovchi, ikkinchisining esa sirg‘aluvchi bo‘lishi (akustik-artikulatsion tafovuti) tovush tili uchun qanchlik ahamiyatli bo‘lsa, shu tovushlarni yozuvda ifodalovchi t va s grafemalarining shakllaridagi tafovutlari (optik-grafik tasvirdagi farqlar) tilning yozma shakli uchun shunchalik ahamiyatlidir.
Grafema tiplari va turlari
G r a f e m a l a r o‘zlarining tildagi muqobili (kodlashtirilgan referenti) va yozuvdagi vazifalariga ko‘ra fonografema, prosodemografema, logografema va morfografema kabi tiplarga bo‘linadi.
Fonografemalar
Grafemalarning bu tipi tovush tilidagi fonemalarni ifodalaydi: i fonografemasi "i" fonemasini, b fonografemasi "b" fonemasini ifodalagani kabi.
Do'stlaringiz bilan baham: |