Fonetika - tilshunoslikning fonetik birliklar, ularning fizik-akustik va h.k. xususiyatlari haqida ma‘lumot beruvchi bo‘limi.
Segment - nutq oqimining talaffuzdagi bo‘lagi: makrosegment- fraza, mikro- segmentlar - takt, bo‘g‘in, tovush.
Segment birliklar - so‘z yoki morfema tarkibida gorizontal chiziq bo‘ylab birin-ketin joylashadigan tovushlar (fonemalar). Ular so‘z va morfema tarkibida shakllantiruvchi va tanituvchi vazifalarni bajaradi.
Supersegment birliklar - urgu, ohang, melodika, pauza kabi ustama hodisalar, ular so‘zga, frazaga, gapga yoki nutqqa yaxlit holda aloqador bo‘lishi bilan segment birliklardan farq qiladi.
Shakllantiruvchi vazifa - fonetik birliklarning leksema yoki morfemalarni shakllantirishda "qurilish materiali" (moddiy asos) sifatida ishtirok etishi.
Tanituvchi vazifa - fonetik birliklarning so‘z qiyofasini "tanib olish" va shu orqali so‘zning ma’nosini "eslab qolish" uchun xizmat qilishi.
Fonetik so„z - nutq tovushlarining ma‘lum tartibda joylashuvidan tarkib topgan so‘zning fonetik qiyofasi, leksemaning ifoda plani(nomemasi).
Umumiy fonetika - fonetikaning barcha tillarga xos umumnazariy masalalari haqida ma‘lumot beruvchi turi.
Xususiy fonetika - fonetikaning muayyan bir til tovushlari, ularning turlari, fizik-akustik va artikulatsion xususiyatlari xususida bahs yurituvchi turi.
Tarixiy fonetika - xususiy fonetikaning ichki bir turi. U muayyan til tovushlari tizimini diaxron planda va dinamik holatda (tarixiy taraqqiyotda) o‘rganadi.
Tavsifiy fonetika - xususiy fonetikaning ichki bir turi. U muayyan tilning fonetik tizimini statika holatida (til taraqqiyotining oldingi bosqichlarida yuz bergan hodisalar bilan bog‘lamay) o‘rganadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |