O’zbekiston respublikasi oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi alisher navoiy nomidagi toshkent davlat o’zbek tili va adabiyoti universiteti
Dilshod Rajabov va Abusaid Ko’chimov asarlari tahlili
Download 0.76 Mb. Pdf ko'rish
|
Zohirova Shaxrizoda Bolalar adabiyoti
Dilshod Rajabov va Abusaid Ko’chimov asarlari tahlili
Dilshod Rajabov (1964-yilda tug`ilgan) o`zbek bolalar sheriyatining istedodli vakillaridan biri. U Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida tug`ilgan. 1990-1993-yillar Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti aspiranturasida o`qib, "80-yillar o`zbek bolalar sheriyatida poetik mahoratning ayrim masalalari" mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 1994- 2004-yillarda O`zbekiston Davlat matbuot qo`mitasida, O`zbekiston yozuvchilar uyushmasi "Adabiyot jamg`armasi" nashriyotida, Respublika "Shahidlar xotirasi" xayriya jamg`armasida turli lavozimlarda ishlagan. 2005-yildan buyon O`zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining "Muhofaza" jurnali, "Vaziyat" gazetasi birlashgan tahririyatida bosh muharrir o`rinbosari sifatida faoliyat yuritmoqda. Yuzdan ortiq ilmiy, ilmiy-ommabop va publitsistik 11 maqolalari chop etilgan. Bugungi Dilshod Rajab yosh kitobxonlarga "Otamning bog`i", "Daryo ko`ngil", "Jilvon o`g`loni", "Alifbo", "Sanoq", "Sukut sarhadi", "Tanish tovushlar", "O`n o`rtoq, sanab boq", "Poyezdning bolasi", "Baxshi bola yaxshi bola" singari o`ndan ortiq she’riy va nasriy kitoblari bilan yaxshi tanish. Dilshod Rajab ijodining eng diqqatga sazovor jihati, avvalo, shoirning ona tiliga, tilimizning so`z boyliklariga etiborida namoyon bo`ladi. Fikr dalili sifatida "Panshaxaning sheri"ga murojaat qilaylik: O`ylab so`yla, Birodar, Besh panja ham Barobar. To`rtlik shaklidagi ushbu she’r "Besh panja barobar emas" maqoli asosida yaratilgan bo`lib, bir qarashda, panshaxaning e’tirozida jon borga o`xshaydi, chunki uning besh panjasi ham barobar, uzunligi bir xil. Aslida esa, maqolning mohiyati, u, avvalo, insonga nisbatan qo`llanilishida namoyon bo`ladi. Biroq sherda barcha narsaga hayrat ko`zi bilan qaraydigan, har bir hikmatni o`z tajribasi asosida qayta yaratishga intiladigan sinchkov yosh bola nuqtayi nazaridan qaraydigan bo`lsak, bu yarim hazil, yarim chin sher ijodkorning o`ziga xos topilmasi ekanligiga iqror bo`lamiz. Chunki shoir ham olamga yosh kitobxonining hayratga to`la hamda sinchkov nigohi bilan nazar solayapti, yosh bola nazdidagi har bir sir-sinoatni ayni uning nuqtayi nazaridan qayta kashf etayapti. To`rtlikni yosh kitobxonga manzur qiladigan jihat esa hayot haqiqatini qanday talqin qilishdan kelib chiqadigan badiiy haqiqatni anglab yetishga borib taqalib, uning muvaffaqiyati ham shu bilan belgilanadi. "Bug`doyning taqdiri" she’ri go`yoki biz bilan siz har kuni ko`rib odatlanib qolgan oddiygina bug`doy yetishtirilishi jarayoni tasviridan iboratday tuyilsa-da, aslida, she’r mohiyatida, mubolag`asiz, ulkan hayot haqiqati turadi: Maysa edi, ona oftob Boshidan nur to`kardi. Yuvar edi yomg`irlar goh, Yellar silab o`tardi. 12 O`sib kamol topdi durkun, Rosa pishib yetildi. Sinovlardan o`tkazmoq-chun Bir kun olib ketildi. Avval, avval bilmoq lozim Chidam-u bardoshini. Yuritdilar boshidan zil Tegirmonning toshini. Endi uning pokligin ham Bir tekshirish kerak-da. Mayin, oppoq un bo`lsa-da, O`tkazdilar elakdan. Suv quydilar, mushtladilar, Ming bir ko`yga soldilar. Qizib turgan tandirga ham Bir kiritib oldilar. Non bo`lgach, u, sabr qilib Bor sinov-otashlarga, E`zoz qilib, ko`zga surtib, Ko`tardilar boshlarga. She’rni o`qir ekansiz, "inson hayotda o`zining munosib o`rniga ega bo`lish uchun qanchadan qancha sinovlarga mardlarcha bardosh berishi, hayotdagi qiyinchiliklarni sabr-toqat bilan yengib chiqishi kerak?" - degan ritorik so`roq beixtiyor xayolingizga kelishi shubhasiz. Chunki bug`doy maysaligidan voyaga yetgunicha sherda tasvirlangan jarayonlar, yani pishib yetilgandan keyin boshidan tegirmonning zil toshi yurgizilishi (un tortish jarayoni), hosil bo`lgan unning elakdan o`tkazilishi (tozalash jarayoni), unga suv quyib mushtlanishi (xamir qorish jarayoni), qizib turgan tandirga kiritilishi (non yopish jarayoni) va nihoyat, u sabr-toqat bilan 13 barcha sinovlarga bardosh berib, pishib yetilgan nonga aylanishi natijasida ezozlanib, ko`zga surtilib, boshga ko`tarilishi - bularning barchasi - jonlantirish sanati va ijodkor badiiy mahoratining qip-qizarib, singib pishgan non singari ardoqli mahsuli. Bir qarashda, yarim hazil - yarim chin bo`lib ko`rinadigan ushbu sher yosh kitobxon uchun ibratning go`zal va takrorlanmas namunasi. Zero, aslini olganda, har bir hazilning tagida ham uncha-muncha yuzaki qarashlarga ko`rinavermaydigan haqiqat uchqunlari bor. Shoir esa biz bilan siz uchun shunchaki oddiygina tuyiladigan kichik narsadan ulkan badiiy haqiqatni ko`ra olishi va uni go`zal badiiyat qobig`ida tasvirlab, siz-u bizga manzur qila olishi bilan ham ijodkordir. Dilshod Rajabning "Eng buyuk boylik", "Toshning boshi", "T" to`g`risida ertak", "O`g`rining qismati" ertaklari o`zbek adabiy ertakchiligiga munosib hissa bo`lib qo`shiladi. Uning ertaklaridan biri "Toshning boshi" "T" to`g`risida ertak" bo`lib, tovush va harflarning qudratini tushuntirishga xizmat qiladi. Toshdagi "T" harfining jonlantirilishi yosh kitobxonni qiziqtirishi tabiiy: Ertakda tavze, ya’ni tovush takroridan o`rinli foydalanilgan: Tosh qotibdi shunda tosh, Tunda ajalning o`zi. Turar tishi g`ijirlab, Tikib arofat ko`zin. Dilshod Rajab o`z she’rlarida o`xshatish, sifatlash, jonlantirish, anafora, tavze, takror kabi badiiy san’atlardan foydalanib, she’rlarining ohangdorligini, mazmundorligini oshiradi. Shoir asarlari badiyati bilan ham ajralib turadi. Uning sherlarida Vatan obrazi asosiy o`rin tutadi. Shoir majoziy obrazlar yordamida bolalarga to`g`ri talim berib, ularning barkamol avlod bo`lib yetishuviga munosib hissa qo`shmoqda. Download 0.76 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling