O`zbekiston respublikasi oliy va o`rta maxsus ta’lim vazirligi buxoro davlat universiteti filologiya fakulteti filologiya va tillarni o`qitish (O`zbek tili)


Download 111.41 Kb.
bet4/15
Sana16.10.2023
Hajmi111.41 Kb.
#1704666
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   15
Bog'liq
Reja Kirish. Ishning umumiy tavsifi. I bob Furqatshunoslikning-fayllar.org

Metodologik asosi.Milliy uyg`onish davri yetuk shoiri bo`lmish Furqat hayotining muhim qirralarini yoritish. Bu jarayonda zabardast olim Sharif Yusupovning “Xudoyorxon va Furqat” ,“Xufiya qatlamlar”, “Furqat yo`llarida” asarlarini tahlil qilib o`quvchilarga Furqat ijodining naqadar serqirra ekanligini yetkazish.
Ishning joriylanishi (aprobasiyasi).O`zbek tili va adabiyot kafedrasi ish rejasiga kiritilgan
Ishning tuzilishi va hajmi. Kirish, ikki bob, 6 bo`lim, xulosa va adabiyotlar ro`yxatidan iborat. Ish __ sahifadan tashkil topgan.
I BOB
1.1 Furqat ijodiga bir nazar
XIX asr ikkinchi yarmi va XX asr boshlaridagi 50-60 yillik davr millatning o`zini anglash davri hisoblanib , “Milliy uyg`onish davri” deb atalgan.
Mohiyatan bu davr mumtoz adabiyot bilan hozirgi adabiyot o`rtasida ko`prik bo`lgan. O`z davrida u “jadid adabiyoti” deb atalgan. Jadid adabiyotining ma’nosi yangi deganidir. Bu davrda Markaziy Osiyoning muhim madaniy markazlari-Qo`qon, Buxoro,Xiva,Toshkent, Kattaqo`rg`on va boshqa shaharlarda ko`plab shoirlar ajoyib ijod namunalarini yaratdilar.O`zbek demokratik adabiyoti rivoj topdi va bu adabiyot mehnatkash xalq manfaatlarini himoya qildi. Bu davr ma’rifatparvarlari esa xalq ommasining zulm va zo`ravonlik nafratini ifodalab,xalqning baxtli kelajak qurishi uchun yo`l qidirardi. Ular orasida ana shu o`ylar bilan yongan , xalq dardlarini asarlarida ifodalagani uchun umrbod vatanidan judo bo`lgan Furqat ham bor edi.O‘zbek xalqchil adabiyotining yirik namoyandasi, ma’rifatparvari, lirik shoiri, publitsisti , mutarjimi, muarrixi Zokirjon Furqat Qo‘qon shahrida Mullo Xolmuhammad oilasida dunyoga kelgan. Mullo Xolmuhammad badiiy adabiyotga ixlosmand kishi bo`lgan. Furqat mahallasidagi Mulla Muhammad Olim maktabida tahsil ko‘radi va otasi yordamida mustaqil mutolaa orqali o‘zbek va fors adabiyotining buyuk namoyandalari Xofiz ,Bedil,Fuzuliy merosini, ayniqsa, Alisher Navoiy ijodini chuqur o‘rganadi, forsiy tilni mukammal o‘zlashtiradi.
Furqat Navoiy asarlarini qunt bilan mutolaa qiladi . Furqat buyuk shoir hatto uning tushiga ham kirganini va suhbat asnosida she’riyatdan imtihon qilib, ijodiy ish uchun “oq fotiha” berganini xotirlagan2. Navoiy duosidan ruhlangan Furqat bolaligidan to umrining oxirigacha ijod bilan shug‘ullanadi. Uning to‘qqiz yoshida yozgan she’ri muallimining tahsiniga sazovor bo‘lgan:
Mening maktab aro buldur murodim,

Xatimdek chiqsa imloyu savodim.3


Keyinchalik, Qambar Alidan xattotlik san’ati va Jome’ masjidi mudarrisi Podshoxo`jadan arab tilidan saboqlar oladi va 1873-yilda madrasaga kiradi. Furqatning 20-21 yoshlaridagi ko`rinishi “Tazkirayi Qayumiy” asarida quyidagicha ta’riflangan:
“Furqatni ko`ring-u bir hindini ko`ring,qoramtir kishi edi. … yoqimli ko`rinishli
bo`lib,lekin juda o`ychan, kam kulgi edi”4. 1875–76 yillarda Qo‘qon xonligida yuz bergan qonli, siyosiy voqealar munosabati bilan madrasa yopilgach, yana mustaqil mutolaa va ijodiy ish bilan shug‘ullanadi. 1976-yilda Yangi Marg‘ilonda savdo ishlarini yo‘lga qo‘ygan tog‘asinikiga yerga borib unga yordamlashadi, keyinchalik o‘zi ham “choy va digar ashyolar savdosig‘a do‘kon”5 ochadi, samovarchilik, mirzolik qiladi. Bunday ijtimoiy faoliyat oddiy xalq vakillari hayoti va orzu-intilishlari bilan bevosita tanishish, mustamlaka tuzumi illatlarini chuqurroq xis cfg etish imkoniyatini beradi.
XIX asrning ikkinchi yarmida Turkistonda o'z hukmronligini o'rnatgan chor hokimiyati o'zbek xalqi boshiga katta kulfatlarni soldi. XIX asr oxiri va XX asr boshlaridagi ijtimoiy-mafkuraviy voqealar badiiy adabiyotda ham aks etdi. Bu davrda Turkistonga ilg`or fan va texnika yutuqlari ham kirib kela boshlagan edi. O'rta Osiyoda milliy zulm avj olgan bir davrda ilg`or yangi mafkura paydo bo'ldi va bu ilg`or mafkura o'zbek adabiyotida ilk bor Furqat ijodida o'z aksini topdi.
Furqat ijodiy faoliyati ko'lami keng, serqirra va mahsuldor adiblar jumlasiga kiradi. U qoldirgan ijodiy merosning hajman katta qismini ona-yurtni mehr bilan kuylash, ishq-muhabbat, g`urbat va vatandan judolik kabi mavzudagi lirik she'rlar tashkil etadi.
Saksoninchi yillar boshlarida Qo‘qonga qaytib, oila quradi va asosan ijodiy ish bilan shug‘ullanadi. O‘zining guvohlik berishicha, Furqat xuddi shu yillarda “Hammomi xayol” risolasini yaratadi, “Chor darvesh” hikoyatini forschadan tarjima qiladi. “Nuh manzar” nomli she’riy kitob yaratadi.
“Bulardin bo‘lak har xil g‘azaliyotim Farg‘ona muzofotig‘a (ya’ni, yon-atrof qishloq shaharlariga) va digar mamlakatlarga muntashir(mashhur) bo‘ldi”, deb yozadi shoirning o‘zi tabiiy g‘urur bilan. Xuddi shu yillarda shoir ilk bor she’rlarini to‘plab majmua holiga ham keltirgan. Afsuski, shoirning o‘zi qayd etgan risola, manzuma va tarjimalari kabi bu majmua ham shu kunga qadar topilgan emas.
Furqat shu yerda o`zining ijodiy kamolotga yetishishida tayanch bo`lgan Muqimiy, Muhyi Zavqiy, Nodim, Nisbat, Muhayyir kabi ijodkorlar bilan bevosita muloqotga kirishadi, ular muntazam ravishda uyushtiradigan adabiy majlislarning, she’riyat kechalarining faol ishtirokchilaridan biriga aylanadi. Bu yirik qalam sohiblari ijodida keyinchalik kamol topgan g‘oyaviy va adabiy birlik, ular dunyoqarashidagi umumiylik xuddi shu adabiy anjumanlarda shakllana borgan.
Furqatning Qo‘qondagi ijodi tur va mavzu, mazmun va shakl rang-barangligi jihatidan ham, sermahsulligi jihatidan ham diqqatga sazovor. U mumtoz she’riyatimiz an’analari ruhida ko‘plab ishqiy g‘azallar, muxammaslar, Navoiy asarlariga go‘zal nazira va taqlidlar yaratdi, chuqur xalqchillik va zamonaviylik uning she’rlarida tobora keng o‘rin egallay boshladi.
Furqat 1886–87 yillarda Qo`qondan Marg‘ilonga borib,Muhammad Sharif degan do`1stining yordami bilan do`kon ochadi. She’riyat bilan band bo‘ladi, shaharning ziyolilari Xo‘jajon Rojiy, Muhammad Umar Umidiy – Havoiy, Mulla Toshboltu Royiq kabi ijodkorlar bilan tanishib, adabiy suhbatlar quradi. Shu yerda u ilk bor gazeta bilan tanishib, uning “Toshkent shahrida bosma bo‘lg‘on”6ligini biladi.
Furqat 1889 -yili avvalida o‘lkaning bosh shahri Toshkent safariga chiqib, Qo‘qon orqali Xo‘jandga keladi. Bu shaharda Toshxo‘ja Asiriy boshliq mahalliy ijodkorlar, adabiyot muxlislari bilan qator uchrashuvlar, mushoirlar uyushtirgan Furqat, ayni zamonda shahar aholisining yashash sharoiti, kundalik hayoti, rasm – rusumlari bilan yaqindan tanishadi.Shu davrda “Nest” radifli g`aazalini yozadi.
Dar vatan az javri gardun xurrami moro nabud,
In che tole’ budki,yorab,dar g`aribi niz nest…
Furqat hatto Xo`jandda ham o`zini Vatandan chetda ,g`ariblikda his etgan.
Bu yerta xastalanib qolgan shoir tabiblar ishidan ko`ngli to`lmay, 1889- yilning iyuni o‘rtalarida (hijriy 1306- yil shavvol oyi) Toshkentga kelib, Ko‘kaldosh madrasasi hujralaridan biriga joylashadi. Odatiga ko‘ra, bu yerda ham mahalliy ziyolilar Sattorxon Abdu g`ofurov ,Saidrasul Saidazizov,Sharifxo`ja Poshshoxo`ja o`g`li bilan tez muloqotga kirishadi, adabiy hayotda ko‘rinarli mavqe’ga ko‘tarila boradi.
Yangi Marg‘ilonda ijodkor sifatida to‘la shakllangan shoir, o‘z g‘azallariga “Furqat” – “ayriliq” taxallusini qo‘yib, shuhrat qozona boshladi. Toshkentga kelgach unga do`stlari “Farxat” taxallusibilan ijod etishni boshladi. “Zokirjon Toshkentga kelganidan keyin ma’lum vaqt “Farxat” taxallusi ostida ham ijod etgan,hatto bu taxallus bilan bitilgan “toza va jadid ab’yotlari” “ishtihor” (mashhur) bo`lgan”7Mustamlakachi chor ma’muriyati joylashgan xuddi shu yerda u ilk bor ovro‘pocha hayot tarzi, zamonaviy fan-texnika yangiliklari bilan tanishadi. Xususan, o`zining “Axvolot”ida o`sha davrdagi Laxtin bosmaxonasiga borganini, u yerda chop mashinalarini ko`rganini yozadi. Fuzuliyning “Layli va Majnun” dostoni chop etilayotganini ko`radi.Shuningdek,Nazarov ismli suratkashning ishxonasida bo`lib ilk bor rasm oluvchi mashinani ko`rgani haqidagi hayratlarini aks ettiradi. Ammo bu yutuqlarni ko`rib Furqatning dili yanada xufton bo`ladi. Chunki,bir qancha kitoblarni o`qigan , dunyoviy ilmlardan ma’lum darajada xabardor bo`lgan shoir yangiliklardan shu darajada hayratlandi, Farg`ona esa ahli shundan ham xabardor emas edi.
Furqat g‘azal va muxammaslarida ijtimoiy ohanglar ham ko‘rinarli o‘rin tutadi. Mustamlaka tuzumining illatlarini qoralash, joriy adolatsizlik va zo‘ravonlikdan, huquqsizlik va nochor hayotdan, nodonlarning zamonada e’tibor topib, donolarning, halol kishilarning xor-zor etilishidan norozilik badiiy buyoqlarda qat’iy jaranglaydi:
Charxi kajraftorning bir shevasidin dog‘men,

Ayshni nodon surub, qulfatni dono tortadur.


Sarig‘ oltun kasrati ko‘ngulni aylaydur qaro,
Chunki safro bo‘lsa g‘olib, o‘zga savdo tortadur.
Mashhur “Sayding qo‘yaver, sayyod” musaddasida esa Furqat chor bosqinchilari mustamlakasiga aylangan o‘lkadagi hukmron zo‘ravonlikka qarshi inson sharafi va g‘ururini ulug‘laydi. Butun musaddas misralari zaminida insonparvar va erksevar shoirning zulm o‘tkazuvchilarga qarshi qatiy norozilik ovozi jaranglab turadi.

Sayding qo`yaber sayyod, sayyora ekan mendek


Ol domini bo`ynidin, bechora ekan mendek.
O` yorini tompasdan ovora ekan mendek
Iqboli nugun baxti ham qora ekan mendek.
Hijron o`qidin jismi ko`p yora ekan mendek
Kuygan jigari bag`ri sadpora ekan mendek.
Furqat Naoiy va boshqa uztozlari an’analarini davom ettirgan kuchli lrik shoirdir.
Uning “Bahor ayyomida”, “Surmadin ko`rlar qaro”, “Chiroylik”, “Istar ko`ngul”, “Fasli bahor”, “Hayriyat” g`azallari , Navoiy g`azallariga taxmislari hayotiy dalillarga ,tuyg`ularga boy va jarangdor .G`azal va muxammaslarida Vatan tabiati , bahor go`zalligi,insoniy sevgi, uning shodliklari tashvishlari ishonarli vat a’sirchan ifodalangan. Furqat lirikasi markazida inson turadi. U tasvirlangan ma’shuqa vafodor va sadoqatli, yuksak fazilatlar sohibi. Furqatning g`azal va muxammaslarida o`z davri illatlarini qoralash, adolatsizlik va zo`ravonlikdan shikoyat kabi kabi ijtimoiy mavzular ham uchraydi . Buni biz “Bu nechuk savdo”, “Istab”, “Ohkim,yo`qtirmani ta`bimga loyiq ulfatim”,”Jahonni kezdimu ofoqni sar-basar ko`rdum” kabilarda ko`rishimiz mumkin.
Furqat hayotining Toshkent davri uning dunyoqarashi rivojlanishida katta ahamiyat kasb etdi. Chor mustamlakachilik ma’muriyatining markaziga aylantirilgan Toshkentda shoir kundan-kunga kirib kelayotgan yevropacha hayot tarzi bilan bevosita tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi. ilg‘or g‘oyalarning targ‘ibotida gazetadan unumli foydalanish mumkinligini yaxshi tushundi va tez orada “Turkiston viloyatining gazeti” hay’atiga rasman ishga joylashdi.
Shoirning ma'rifatparvarlik va ma'naviyatni ko'tarishga qaratilgan asarlari e'tiborga loyiq. U vatanimiz bolalarini – yosh avlodning ma'rifatli, ilmli bo'lishini istadi.
1890- yilning may, iyul va sentyabr oylarida “Ilm xosiyati”, “Akt majlisi xususida”, “Toshkent shahrida bo‘lg‘on nag‘ma bazmi xususida”, shuningdek, uch qismdan iborat “Vistavka xususida” kabi davr adabiyotidagi ma’rifatparvarlik yo‘nalishining yetuk namunalari darajasida bo‘lgan asarlari shu gazeta sahifalarida dunyo yuzini ko‘rdi. Bu turkum asarlarida Furqat yangilik va taraqqiyotning, ilm-fan va yevopacha maorif-madaniyatning jarchisi sifatida namoyon bo‘ladi, o‘z vatandoshlarini zamonaviy bilimlarni puxta egallashga va ilg‘or xalqlar qatoridan o‘rin olishga da’vat etadi. Shoirning “Furqatnoma”8 nasriy memuar asarida ham ilmning inson hayotidagi o'rniga katta e'tibor bilan qaralgan. Shoir bitgan misralar nihoyatda jo‘shqin va ta’sirchan, ulardagi xitob va hayqiriq har bir o‘quvchi diliga ko‘chib, uni befarq qoldirmaydi:
Jahon bastu kushodi – ilm birla!
Nadur dilni murodi – ilm birla!
Ko‘ngullarni sururi – ilmdandur!

Ko‘rar ko‘zlarni nuri – ilmdandur!


Kerak har ilmdan bo‘lmak xabardor!

Bo‘lur har qaysi o‘z vaqtida darkor!


Furqat xuddi shu yillarda yaratilgan “Shoir ahvoli va she’r mubolag‘asi xususida” deb nomlangan asarida ijodkor va badiiy adabiyot muammolarini qalamga oladi.

Chunonchi, biz ellar musulmon eli,


Xususan,bir oz xalqi farg`on eli:
Borib Rusiya shaxria turmagan,

Alar rasmu tartibin ko`rmagan.


Ko`rub qolsa nogoh imkon o`lub,

Taajjub qilur ahli hayron o`lub.


Agar shoir odam tamosho qilur,

Taajjub ko`rub, nazm insho qilur9


Shuningdek, shoirning Fuzuliy g`azaliga tazmin qilib yozilgan va shartli ravishda “Kelinchak”deb nomlangan she'ri tahlilida ham hayotiylik va ma'rifiylik uyg`unligini ko`rishimiz mumkin.. Ayniqsa, shu g`azalning:
Surmadin ko'zlar qaro,qo'llar xinodin lolarang,
G`ozadin yuzlarda tobu, o'smadin qoshlar tarang…
Furqatning “Bormasmiz” radifli g`azalida o'z shaxsiyatini, umr bayoniga dahldor jihatlar ko'proq ko'zga tashlanadi.Mazkur g`azalda ma'rifatli inson taqdiri borasida so'z ketadi. She'rda komillik yo'liga kirgan orif shaxs hayotiy qarashlari bayon etiladi. g`azalning qahramoni o'z qadrini biladigan, insonlik g`ururini boylik va manfaatdan ustun g`o'ya oladigan shaxs:
Biz istig`nog`li qichqirmagan ma'voga bormasmiz,
Agarchandiki, xirmon aylasa dunyoga bormasmiz.
Shoirning asosiy shiori- malollik keltirmay yashash. U nafaqat jamiyatning, balki tabiatning malolatiga ham sababchi bo'lishni istamaydi:
Agar labtashna qolsak, filmasal, saoroyi olamda,
Malolat zohir etsa, mavj urar daryog`a bormasmiz.
Shoir e`tiqodida sobit. U bu yolg`on dunyodan ketguncha qarashlarini o'zgartirmoqchi emas. Shu tarida she'rda o'z qadrini bilgan, ezgulikka intilgan, haqiqatga astoydil yetishmoqchi bo'lgan solik tuyg`ulari samimiy ifoda etilgan:
Emasdur oncha asbobi jahonga fikrimiz, Furqat,
Vale, ketguncha yuz andishai fardog`a bormasmiz.
Shoir ruhiyatidagi to'lg`anishlar, po'rtanalar bilan tabiatning uyg`unligi peyzaj lirikasining go'zal namunasi “Fasli navbahor o'ldi” g`azalida aks etganini uqtirish ham ahamiyatlidir.Zero, unda ko'klam kelishi bilan tabiatda ro'y berayotgan go'zal o'zgarishlarni g`oyat sinchiklab kuzatgan shoirning qalb kechinmalari aks etgan. O'zbek tilining ifoda imkoniyatlaridan maoorat bilan foydalangan shoir o'quvchiga axborot berib qolmay, unda kuchli his-tuyg`u uyg`otadi:
Subhidam tushib shabnam, bo'ldi sabzalar xurram,
Gul uza tomib kam-kam, yog`di abro' naysonlar.
Furqat ko'klam manzarasini o'z holicha tasvirlamaydi, uni jonlantiradi. U atrofdagi har bir unsurni dilga yaqin kishiga munosabati nuqtai nazaridan tasvirlaydi. Ularda “yoronlar”, ya'ni yor-jo'ralarga intizorlik, intiqlik ko'radi. Kishi ko'zini quvontirayotgan bahoriy ko'katlar shunchaki go'zal emas, balki yaqinlarni kutib olishga hozirlik ko'rayotginligi sabab go'zaldir:
Nastarin yuvib yuzni, yosuman tuzib o'zni,
Nargis ochubon ko'zni intizori yoronlar.
Qisqasi, she'rda shoirning tabiat haqidagi qarashlari jamiyat va inson haqidagi qarashlari bilan uyg`unlashib, shoirning lirik “men”ini hayotiy shaxs, o'zgalar taqdirini o'z qismati bilan bir ko'rgan ma'rifatli shaxs qiyofasida ko'rishga imkon beradi.
Shoirning “Adashganman” g`azali va shu radifdagi muxammasida ichki kechinmalar mahorat bilan ochib berilgan bo'lib, unda vatan yorqin bo'yoqlarda ko'rsatilgan.
Zokirjon Furqat haqli ravishda o‘zbek publitsistikasining asoschilaridan biri hisoblanadi. Uning otashin publitsist sifatidagi faoliyati 1890-yildan boshlanadi. “Turkiston viloyatining gazeti” xodimi sifatida u bir yildan ko‘proq vaqt davomida Sattorxon kabi ilg‘or ma’rifatparvarlar bilan hamkorliqda gazetani tayyorlashda bevosita qatnashib, gazeta sahifalarida o‘z maqollarini e’lon qiladi. Jumladan, 1891-yilning yanvar-iyun sonlarida “Ho‘qandlik shoir Zokirjon Furqatning ahvoloti. O‘zi yozg‘oni” nomli kattagina nasriy asari nashr etila boshladi. Shoir dunyoqarashi va ijtimoiy-ijodiy faoliyatini belgilashda favqulotda ahamiyatga ega bo‘lgan bu asar, ayni zamonda, endigina shakllanayotgan o‘zbek publitsistikasining yorqin namunasi sifatida ham katta qimmatga egadir.
Furqatning Toshkentdagi faoliyati uzoqqa cho‘zilmadi. U 1891-yil mayida Samarqandga jo‘naydi, shahar fozillaridan Mirzo Buxoriy hovlisida yashab, qadimiy obidalar bilan tanishadi, gazetaga xabarlar yo‘llaydi. So‘ngra Buxoroga o‘tadi. Iyul oyi oxirlarida esa chet el sayohatiga chiqib, Marv-Ashxobod-Boku-Botumi orqali noyabr oyida Istanbulga boradi. Shu tariqa shoir hayoti, dunyoqarashi va ijodida chuqur iz qoldirgan vatanjudolik boshlanadi. Istanbuldan Toshkentga yo‘llagan mashhur “Sabog‘a xitob” she’riy maktubi Vatan ishtiyoqi, sog‘inchi, ayriliq azoblari va yolg‘izlik ohanglari shoir ijodida endiliqda old o‘ringa ko‘tarilganini ko‘rsatadi. Furqat Istanbuldan Bulg‘oriya va Yunonistonga qisqa muddatli sayohat uyushtirib, Bolqon yarim orolining qator shaharlarida bo‘ladi. Shu kezlarda yaratilgan “Rumolik qiz hikoyati” (“Yunon mulkida bir afsona”)da vatanni qo‘msash, unga talpinish mavzui romantik-sarguzasht bo‘yoqlarda juda ta’sirchan ifodalangan.
Furqat 1892-yil martida Istambuddan O‘rta yer dengizi oraqali Arabistonga o‘tib, Makkada haj ziyoratini bajo aylab, Jadsa, Madina shaharlarida bo‘ldi. Xuddi shu ziyorat munosabati bilan uning “Hajnoma” asari maydonga keladi. Makka ziyoratini tugatgach, Furqat Bombeyga kelib, Hindistonning qator qishloq-shaharlariga sayohatlar uyushtiradi. Shoirning bu davrda yaratgan barcha asarlarida nasriy va nazmiy makublarida ona yurt sog‘inchi va vatanparvarlik g‘oyalari yetakchilik kildi. Bu jihatdan, ayniqsa, “Adashganman” radifli lirik she’rlar turkumi alohida ajralib turadi. Hatto, shu yillarda bitilgan “Kashmirda”, “Bulbul” deb yuritiluvchi sof lirik g‘azallarida ham Vatanni qo‘msash mavzui ko‘zga aniq-ravshan tashlanadi. Furqat 1893 -yili martida Kashmir-Tibet orqali uyg‘ur o‘lkasiga keladi. Yorkentda turg‘un bo‘lib qoladi.
Furqat doimo Vatanga qaytish umidi bilan yashadiki, bu intilish uning kator badiiy asarlarida, xat-xabarlarida ham u yoki bu darajada o‘z ifodasini topgan. “Vatanning ishtiyoqini tortaram g‘urbat g‘ami birlan”, deb yozgan shoir umrining so‘nggi kunlariga qadar o‘z yurtiga qaytish ilinjida yashadi, shu bois uning fuqaroligidan chiqmadi.
Furqat Yorkentda dorivor o‘simliklar bilan savdo kiluvchi kichik do‘kon ochadi. Asosan esa ijodiy ish va xattotlik bilan shug‘ullanadi. Shoirning o‘z ma’lumotlariga ko‘ra, chet el sayohatiga chiqqani hamonoq yozishga kirishgan “Sayohatnoma” asari ustida ko‘pishlagan. Ammo hajman kattagina deb taxmin etiluvchi bu asar hanuzgacha topilmagan. Furqat Yorkentda ko‘plab lirik g‘azal va muxammaslar qatorida ijtimoiy-siyosiy mavzularda ham qator masnaviylar yaratdi. “Masarratnoma”, “Qasida” asarlari, shuningdek, rus-yapon urushi munosabati bilan yozgan masnaviysi xuddi shu turkum jumlasiga kiradi.
Shoir ona yurti bilan, Farg‘ona va Toshkentdagi yoru do‘stlari bilan muntazam aloqani kanda qilmadi. Zavqiy, Toshboltu kabi ijodkor do‘stlariga she’riy maktublar, “Turkiston viloyatining gazeti”ga xat va maqola-xabarlar yuborib turdi. U xuddi shu yillarda milliy adabiyotimizda pamflet va felyeton kabi jangovar turlarning ilk namunalarini yaratib, gazeta sahifalarida e’lon etdi. Furqatning adabiyotimiz tarixida ikki tillik ijodkor sifatida ham o‘z o‘rni bor. Uning forsiy tilda bitilgan ishqiy va ijtimoiy mazmundagi ko‘plab g‘azallari o‘zining yuksak badiiyligi bilan o‘quvchilar dilidan mustahkam o‘rin olgan. Furqatdan 80 ga yaqin g`azal,13 masnaviy,16 ta muxammas, 3 musaddas, 1 mustazod meros bo`lib qolgan. Bundan tashqari, sayohatda bo`lgan davrlarida yozgan 5 maktub, “Turkiston viloyati gazeti”da chop etilgan 9 xotira, maqola, xabarlari bizgacha yetib kelgan10.
Mazmunan hayotiy va badiiy barkamol lirikasi, ma’rifatparvarlik yo‘nalishidagi yetuk asarlari bilan, jozibali nasri va jangovar publitsistikasi bilan XIX asr oxiri va XX asr boshlaridagi milliy adabiyotimiz rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Zokirjon Furqat 1909- yilda og‘ir kasallikdan so‘ng vafot etdi. Uning jasadi Yorkentning Dongdor mahallasidagi qabristonga qo‘yilgan. Zokirjon Xolmuhammad o'g`li Furqatning 1959-yilda 100-yillik yubileyi nishonlandi. Mustaqillik yillarida tavalludining 150 yilligini munosib nishonlash maqsadida Farg`ona viloyati hokimligining 2009-yil 27-oktyabrda 201-sonli qarori qabul qilingan.



Download 111.41 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   15




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling