O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi guliston davlat universiteti
RAHBARNING NOTIQLIK SAN’ATI VA NUTQ MADANIYATINI EGALLASH ZARURIYATI
Download 0.8 Mb.
|
Notiqlik. Lotin 12.01.2021 (6)
RAHBARNING NOTIQLIK SAN’ATI VA NUTQ MADANIYATINI EGALLASH ZARURIYATI
“Har qanday nutq mazmun va so‘zlardan iborat bo‘ladi va har qanday nutqda so‘zlar mazmunsiz o‘z zaminidan ayriladi, mazmun esa so‘zsiz aniqlik, ravshanlikdan ayriladi”, degan edi notiqlik nazariyasini va amaliyotini yaratgan yunon olimi Mark Tulliy Sitseron “Notiqlik haqida” kitobida. Notiq qayerda, kim uchun nutq so‘zlashidan qat’iy nazar, “odamlarni bir narsaga undaydigan, o‘rgatadigan yoki tiyib turadigan, hayajonlantiradigan, tinchlantiradigan, yupantiradigan yoki ruhlantiradigan bo‘ladimi; ozchilikka yoki ko‘pchilikka qaratilganmi, begonalar uchunmi yoki do‘stlar uchunmi, o‘z-o‘zi uchun, bari bir, nutq hamma vaqt fikrlarga bir xilda boy va so‘zlar bilan bezatilgan bo‘ladi”. Ayniqsa, rahbar nutq so‘zlashidan, suhbat o‘tkazishidan oldin fikrlarini yig‘ib olmasa, tayyorlanmasa va ravshan tasavvurga ega bo‘lmasa, uning nutqidan odamlar bahramand bo‘lishi qiyin. Boshqa har qanday oddiy xodim, oddiy o‘qituvchi nutq so‘zlasa-yu xato qilsa, nutqi yaxshi, mazmunli chiqmasa ham, ayb hisoblanadi, lekin rahbarning gapi, fikri, nutqi, ma’ruzasi mazmunsiz chiqsa, ikki marta ayb sanaladi. Rahbar yoshmi, o‘rta yasharmi, tajribalimi? Tajribasizmi? Qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, u rahbar jamoaning nazarida bo‘ladi. Uning har bir qilig‘i, gapi, xatti-harakati keng muhokama qilinadi. Ayniqsa, yoshlar rahbardan ko‘p narsani, ya’ni o‘zini tutishni, muomala qilishni, salomlashishni, jamoada uzoq vaqtdan buyon ishlab kelayotgan xodimlar hurmatini joyiga qo‘yishni o‘rganib, alohida e’tiborda bo‘lishini ham bilishlari kerak. Rahbarning notiqlik san’ati va nutq madaniyatini egallash zaruriyati quyidagilardan iborat: 1. Rahbar, avalo, o‘zbek tilining barcha bo‘limlarini yaxshi o‘zlashtirgan bo‘lishi kerak. Ya’ni, o‘zbek tilida gapirdi, degani, o‘zbek tilini bilib qoldi, degani emas. Rahbar bo‘ldi, degani, hamma narsani biladi, aqlli bo‘lib qoldi, degani emas. Amal kursisi insonga emas, inson amal kursisiga yarashishi kerak. 2. Rahbar, avvalo, o‘zini yaxshi ko‘rishi, o‘zini o‘ta hurmat qilishi zarur. Chunki o‘zini hurmat qilgan kishi boshqalarni ham hurmat qilishni biladi. 3. Rahbar muomala madaniyatini, salomlashish madaniyatini yaxshi o‘zlashtirgan bo‘lishi zarur. Agar muomala madaniyati yetarli bo‘lmasa, rahbarligi uzoqqa cho‘zilmaydi. 4. Rahbar, shuningdek, har bir notiq tinglovchilar yoki jamoa a’zolari orasida mendan ham ko‘p biladigan, ilmli, bilimli insonlar bor bo‘lishi mumkin, deb o‘ylab gapirishlari kerak. 5. Har qanday rahbarda professionalizm bo‘lishi talab etiladi. Negaki, rahbar nafaqat bilimi, ko‘p narsani bilishi, balki gapini jamoaga yetkazib berishni ham bilishi zarur. 6. Rahbarning so‘zamol, chiroyli gapira olishi, har bir nutqida xayrixohlik alomati sezilib, bilinib turishi kerakki, tinglovchilar uning fikrini bo‘lib, gapini to‘xtatib, savol berishga jur’at qila olmasin. Chiroyli gapirish ham oson emas, lekin rahbarmisiz, albatta, toza gapirishni, gapingizga ishontira olishingizni isbotlashingiz lozim. 7. Notiqlik san’ati va nutq madaniyatini egallash rahbar uchun zaruriyat. Negaki, rahbarning so‘zamolligi jamoadagi ko‘plab ko‘ngilsizliklarning, muammolar tug‘ilishining oldini oladi. 8. Shirin so‘z bilan har bir ishchining, xodimning, kichik rahbarning ko‘nglini olish, shodlantirish mumkin. 9. Rahbarning jamoaga, tinglovchilarga tik turib yoki o‘tirib gapirishida ham gap ko‘p. Fikrni tinglovchiga yetkazishda notiq tik turib gapirgani, bizningcha, ma’qulroq. Tinglovchilar oldida tik turib gapirish o‘tirganlarga nisbatan notiq-rahbar hurmatini ham bildiradi va fikrning to‘liq yetib borishiga xizmat qiladi. Xulosa qilib aytganda, rahbardan avvalo, tarbiyalangan odobli, axloqli, kamtar, bilimli, mustaqil fikrli bo‘lishi talab etiladi. “Adab aqlning tashqi suratidir”. “Tarbiya ishida har bir kishining individual qobiliyatini rivojlantirish haqida g‘amxo‘rlik qilish bilan birga, ayni choqda, ularda atrofdagilarga nisbatan mas’uliyat hissini tarbiyalashga ham e’tibor bermoq zarur”, degan edi Albert Eynshteyn. “G‘oyalardan uzoqlashgan har qanday odam, oxir-oqibatda hissiyotlar quliga aylanadi”. Axloq – bizning shaxsiy ehtiyojlarimiz bilan abadiy murosaga intilishimizdir. “Agar inson tabiatan olijanob bo‘lmaganida, u yer yuzidagi eng ulug‘ mavjudod bo‘la olmas edi”. “Aqlli kishilar – bebaho qomus” (Gyote). “Notiqlik inson ongini jilovlash san’atidir” (Aflotun). Demak, har qanday lavozimda ishlayotgan rahbar notiqlik san’ati va nutq madaniyatini puxta egallashi hayot zaruriyatidir. XULOSA Jadid alabiyotining asoschilaridan biri Abdurauf Fitrat “Madaniyatli mamlakatlarda tahsilga sazovor ilmlar bisyor va zamon talabiga qarab yana ko‘payadi, zero, bashar taraqqiyotining onasi ilm va fandir”, deganlar. Bugungi globallashuv davrida hayot shiddat bilan rivojlanib bormoqda. Uzoq yillar ilm-fan va ishlab chiqarish boshqa-boshqa shaklda ish olib bordi, hamjihatlik kam bo‘ldi. Ilm-fandagi ko‘plab kashfiyotlar hayotga tadbiq etilmadi. Qaysidir ma’noda ilm-fanga, oliy ta’limdagi o‘quv jarayoniga bir yoqlama munosabat bo‘linishi oqibatida savodsiz, layoqatsiz mutaxassislar, savodi haminqadar o‘qituvchilar jamoasi tayyorlanib kelindi. Yolg‘on, aldash, yaxshi ko‘rinish, mukofot olish uchun noto‘g‘ri hisobotlar nihoyatda ko‘paydi. Prezidentimiz aytganlaridek, “og‘zakidan besh” bo‘lindi. Bugungi kunda esa bu kabi o‘zibo‘larchilikka chek qo‘yila boshlandi. “Yana bir bor ta’kidlab aytmoqchiman, hayotimizdagi bugungi ulkan o‘zgarishlar, islohotlarimiz mantig‘i barchamizdan yangicha ishlashni, yangi g‘oya va tashabbuslar bilan maydonga chiqishni talab etmoqda”, degan edi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 27-iyun kuni matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yo‘llagan tabrigida. Notiqlik san’ati va nutq madaniyati fanidan yozilgan bu darslik Prezidentimiz chaqiriqlariga asosan yaratildi. Biz uzoq yillar har bir voqea-hodisalarga “bo‘laveradi” degan iboraga moslashib, faoliyat ko‘rsatib keldik. Xo‘sh, bugunchi? Prezidentimiz barcha sohalarda juda katta insonparvarlik, ma’naviyatparvarlik, ma’rifatparvarlik nuqtayi nazardan islohotlar boshladilar va “Bugun yoki hech qachon” degan katta falsafiy ma’noga, mantiqqa ega bo‘lgan tamoyilni o‘rtaga tashladilar. Shu jihatdan qaraganda, zamon talabiga javob beradigan yetuk mutaxassislarni, tayyorlashda nafaqat o‘qituvchilarni, balki tibbiyot xodimlarini, muhandislarni, iqtisodchilarni, huquqshunoslarni, qishloq xo‘jaligi, qisqasi, barcha sohadagi ikki yuzdan ortiq mutaxassis kadrlarda notiqlik san’ati va nutq madaniyati bo‘lishi zarur. Chunki inson borki, tevarak-atrofida insonlar bo‘ladi, ular bilan muomala qilishga majbur bo‘ladi. Inson birga ishlayotgan hamkasblariga, ko‘chada uchragan tanishlariga, eng sodda qilib aytganda, oilasidagilarga o‘z fikrlarini sodda, tushunarli tarzda aytib bera olishi zarur bo‘ladi.Til bilish – barkamollik belgisi, deyiladi.Til bilish degani faqat chet tillarini ingliz, nemis, fransuz, xitoy, koreys tillarini bilish emas, balki birinchi galda o‘z ona tilini mukammal bilish, xatosiz gapirish, tevarak-atrofidagi insonlarga gaplarini to‘g‘ri tushuntira olishi kerak. Afsuski, keyingi yillarda bolalarimizga chet tillarini o‘rganishga katta e’tibor berish bahonasida, o‘z ona tilisini esidan chiqarib qo‘yishmoqda, hatto, o‘zbek tilida gapira olmaydigan ashulachilarimiz, rassomlarimiz, kinorejissyorlarimizning borligi achinarli holat. O‘zbek tilini bilmaydigan, o‘zbekcha gapira olmaydigan, o‘zbek tilida o‘z fikrini erkin ayta olmaydigan ashulachi televideniye orqali qaysi vijdon bilan o‘zi tushunmagan so‘zlarda o‘zbekcha qo‘shiq aytishi mumkin? Yoki o‘zbek urf-odatlarini bilmaydigan, o‘zbekcha fikrlamaydigan, o‘ylamaydigan, milliy qadriyatlarni kitoblardan o‘qib o‘rgangan rejissyorlarimiz qanday qilib o‘zbekcha kino olishlari mumkin. Yoki televizorlarda berilayotgan bir-biridan mantiqsiz, boshqa tillardan ko‘r-ko‘rona tarjima qilingan reklamalar, ko‘chalardagi, binolar peshtoqidagi “Biz ochildik” shaklidagi yozuvlar faqat savodsizlikni, beparvolikni belgisi, xolos. Filologiya fanlari nomzodi, adabiyotshunos, jonkuyar olim Omonulla Madayev barcha oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlariga insho yoki diktant olishni qo‘shish kerak. Chunki, bugungi yoshlarimizda yozma savodxonlik, og‘zaki nutq, yozma nutq nihoyatda yomon ahvolda, deb bong urgan edilar. Yaqinda rahbar xonasiga imzo qo‘ydirish uchun kirdim. Domla siz ham o‘tiring, bu o‘g‘lim bilan birgalikda gaplashaylik, – deb qoldilar rahbarimiz. Tuproqshunoslik fakultetida o‘qiydigan bu talaba yarim semestr davomida o‘qigan, lekin afsuski, harf tanimaydi. Balki lotin yozuvini o‘qishga qiynalayotgandir, kirill yozuvidagi savolni beringlar, dedim. Afsuski, maktabda, kollejda o‘qigan degan guvohnoma, diplomi bor yigitcha, umuman, harf tanimas ekan. Ota-onasi chaqirtirilib, suhbatlashildi. Otasi nima deydi, deng: – To‘rt yilda o‘qishni o‘rganib ketadi, yordam qilinglar. Oliygoh harf o‘rgatadigan joy emas, deb rahbar o‘quv yurtidan chetlatish to‘g‘risidagi buyruqqa imzo chekdi. Bu holat turli o‘quv yurtlarida yo‘qligiga kim kafolat bera oladi? Notiqlik san’ati va nutq madaniyati bo‘yicha yetuk mutaxassis olim Rahimboy Jumaniyozov: “So‘z – ne’mat, so‘z – rag‘bat, so‘z – da’vat, so‘z – davlat, so‘z – savlat, so‘z – hikmat, so‘z – himmat, so‘z – hurmat, so‘z – rahmat, so‘z – zahmat, so‘z – fazilat, so‘z – illat, so‘z – tuzuvchi, so‘z – buzuvchi, so‘z – ilm, so‘z – tilsim, so‘z – bilim, so‘z – zulm, so‘z – saboq, so‘z – tayoq, so‘z – havas, so‘z – hasad, so‘z – g‘urbat, so‘z – g‘iybat, so‘z – do‘st, so‘z – dushman, so‘z – sharofat, so‘z – ofat, so‘z – olqish, so‘z –qarg‘ish, so‘z – mehr, so‘z –qahr, xullas, so‘z – borlik (R.Jumaniyozov. “Siz notiq bo‘lmoqchimisiz? Toshkent. “O‘zbekiston”. 2019. 176-bet). “Falsafa hayratlanish bo‘lsa, undan oziq olgan voizlik hayratlanishdir”. “Nutqsiz yutuq yo‘q, nutq yutuqning garovidir”. “Nutqning hidi notiqning didi bilan bog‘liq”. “Notiqlik odamzodning his-tuyg‘usini, ongu shuurini, aqlu idrokini rom etadigan ta’sirchan san’atdir”, deb yozadi. Notiqlik san’ati va nutq madaniyati fani bo‘lajak mutaxassislarga nafaqat chiroyli gapirishni balki o‘zbek tili qonun-qoidalarini, gap tuzish, so‘z qo‘llash, so‘z o‘yinlaridan, gapda kerakli, o‘rinli maqollardan, hikmatlardan, rivoyatlardan foydalanishni ham o‘rgatadi. Notiqlik san’ati va nutq madaniyati fanini faqat “Milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari va huquq ta’limi” yo‘nalishlari mutaxassislarigina emas, balki tabiiy fanlar, fizika-matematika fanlari, jismoniy madaniyat, ishlab chiqarish texnologiyalari, pedagogika ta’limi mutaxassislariga ham o‘qitilishi maqsadga muvofiqdir. 1-ilova.
Download 0.8 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling