O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta‘lim vazirligi toshkent davlat sharqshunoslik universiteti
Ijtimoiy-siyosiy hayot, tashqi siyosat ,oliy hukmdorlar faoliyatiga oid manbalar
Download 334.18 Kb.
|
Kurs ishi. 15.06.2023
2.1. Ijtimoiy-siyosiy hayot, tashqi siyosat ,oliy hukmdorlar faoliyatiga oid manbalar.
Temuriylar davlati inqirozga yuz tutib, Movarounnahrda tashkil topgan Shayboniylar sulolasi boshqaruvi Buxoro tarixida muhim o‘rin egallaydi. Sulolaning davlatni boshqaruv tizimi O‘rta Osiyoda asrlar osha mavjud bo‘lib kelgan tartibni o‘zgartirdi, ya’ni dargohning mavqei kuchayib borib, natijada devonlar tizimi faoliyati cheklanib qoldi. Buxoro poytaxt shaharga aylantirilgandan so‘ng, unga katta e’tibor qaratildi. Davlat hududlari kengayib, yagona poytaxt shahar – Buxoro atrofiga birlashtirish jarayoni rivojlantirildi. O‘rta Osiyoda hukm surgan Shayboniylar sulolasi qudrati sulola namoyandasi Abdullaxon II ning vafoti sabab parokandalikka yuz tutdi. Ammo u hayotining so‘nggi yillarida mamlakatda davlatning iqtisodiy rivojlanishiga, xonlikdagi ichki ahvolga e’tibor berib, pul islohoti o‘tkazadi38. Abdullaxon II mamlakatda tarqoqlikka barham berib, xonlik hududini birlashtirgan va uni yanada kengaytirgan. Uning Movarounnahrni Buxoro atrofida birlashtirish istagiga erishishi oson bo‘lmadi39. U Amir Temurdan keyin Dashti Qipchoqqa nisbatan qat’iy siyosat yurgiza olgan yagona va so‘nggi davlat rahbari sanaladi. Chunonchi “Silsilat as-salotin”da keltirilgan ma’lumotdan, uning Amir Temur zabt etgan hudud – Ulug‘tog‘da (Ulug‘tog‘ hozirgi Qarag‘anda viloyatining g‘arbidagi tog‘lik) qurdirgan minora qarshisiga minora qurdirishi davlatni tiklash ishiga nechog‘liq hissa qo‘shganligini bilish mumkin. Uning vafotidan keyin, o‘g‘li Abdulmo‘minxon va amakivachchasi Pirmuhammadxon II (Sulaymon sultonning o‘g‘li) qisqa muddat xon bo‘lishgan. Abdulmo‘minning o‘z mavqeini mustahkamlash yo‘lida otasi tomonida bo‘lgan amirlarning aksariyatini qatl ettiradi. Bu esa qolgan amirlarning noroziligiga bevosita sabab bo‘lar edi. Bu bilan ham cheklanmagan yangi hukmdor Shayboniy shahzodalarga ham tinchlik bermay qo‘ydi. O‘sha davr tarixchilarining bergan ma’lumotlariga qaraganda, Xurosonga yurishga yo‘lga chiqqan hamda O‘ratepa va Zomin oralig‘ida bo‘lgan Abdulmo‘minga suiqasd uyushtirilib, u o‘ldirilgan. Abdulmo‘minga qilingan suiqasdning o‘ziyoq mamlakatda markaziy hokimiyatning zaiflashuvi hamda mahalliy kuchlar mavqeining oshib borayotganligining namunasi bo‘lib ko‘rindi40. Uning vafotidan keyin Xurosonning boshqa shaharlari shoh Abbos qo‘liga o‘tdi. U hatto Balxni egallashga harakat qildi41. Bundan foydalangan ichki va tashqi dushmanlarning harakati natijasida vaziyat tang holatga kelib qoldi. O‘sha davr tarixnavisi Muhammad Yusuf Munshiyning so‘zlariga qaraganda: “Butun davlatda tartibsizliklar boshlandi. Birov birovga bo‘ysungisi kelmasdi”. XVI asr oxiri – XVII asr boshlarida yuz bergan mana shunday muhim siyosiy voqealardagi murakkab qarama-qarshiliklar natijasida Shayboniylar sulolasi vakillari hokimiyatdan ayrilishdi. Bundan foydalangan qo‘shni davlatlar Buxoro erlariga tez-tez bostirib kira boshlashdi. Taxt endi so‘nggi Shayboniyzoda Pirmuhammad qo‘liga o‘tdi42. Ma’lumki, markaziy hokimiyatni birlashtirish yoki uni ushlab turish hukmdorning shaxsiga bog‘liq sanaladi, ammo bu hukmdorda shunday jihatlar mavjud emas edi. So‘nggi Shayboniy Pirmuhammadxon II o‘ziga qarshi chiqqan Samarqand hokimi Boqi Muhammad bilan 1601-yil iyunda Samarkand yaqinidagi Bog‘i Shamolda bo‘lgan jangda mag‘lubiyatga uchragach, taxtni unga topshirishga majbur bo‘ldi. Kurashda engilgan Pirmuhammad bilan birgalikda butun boshli sulola taqdiri ham hal bo‘lishi turgan gap edi. Unga qarshi tomonning qo‘shini 50 000 askar atrofida bo‘lgan. Boqi Muhammad boshqa yangi sulola – ashtarxoniylar sulolasi vakili sanalardi. Ashtarxoniylar sulolasining dastlabki vakili haqidagi bahs tarixchilar oldidagi muammoli vaziyatni keltirib chiqargan, ayrim manbalarda uning ilk vakili Jonibek Muhammadning o‘g‘li Boqi Muhammad sanaladi. Ammo uning hukmronligi ko‘p davom etmagan. Ashtarxoniylar sulolasining vakillari Buxoro xonligi taxtida bir yarim asrga yaqin vaqt mobaynida hukmronlik qilishdi. Ular asli XV asrning 30-yillarida Volgabo‘yi erlarida Ashtarxon xonligiga asos solishgan. Bu so‘z aslida “Hoji Tarxon” so‘zidan olingan43. Xuddi shu asrning 50-60-yillarida rus davlatining istilochilik yurishlari tufayli sulola vakillaridan biri Yormuhammad farzandlari Jonibek Muhammad va boshqalar bilan birgalikda Movarounnahrga kelib qolgan44. 1605- yilda Boqi Muhammad o‘ldirilgandan so‘ng, taxtga uning akasi Vali Muhammad o‘tiradi. Biroq tez orada unga qarshi fitna uyushtirilib, hukmdor safaviylar sulolasi podshosi Shoh Abbosga yordam so‘rab murojaat etadi. Ammo uning o‘zi asir olinib, qatl qilingach, taxt uning jiyani, Dinmuhammadning o‘g‘li Imomqulixon (1611-1642) ixtiyoriga o‘tadi45. Imomqulixonning uzoq davom etgan hukmronligidan so‘ng, taxtga o‘tirgan Nodir Muhammadga nisbatan norozi kuchlar Xo‘jandga bostirib kirgan qozoqlarni haydab chiqarish jarayonida uning o‘g‘li Abdulazizni xon deb e’lon qiladilar . XVII asrda ashtarxoniylar sulolasidan davlatni boshqargan Buxoro hukmdorlari orasida Abdulazizxon (1645-1680) nomi alohida tilga olinadi. Shu o‘rinda bir fikrni aytib o‘tish o‘rinliki, Abdulazizning dastlabki hukmronlik yillaridagi mavqei uncha ham mustahkam emasdi. Yorqin misol. Balxda turgan Nodir Muhammad boburiy hukmdor Shoh Jahonga yordam so‘rab murojaat etadi. Balx masalasi hukmdorlarni qiynab qo‘ygan, poytaxtdan keyingi ikkinchi maqomga ega yirik shahar sanalardi. Abdulazizxon taxtni egallaguniga qadar avval Xuttalon, 1630- yildan esa Balxning g‘arbiy tumanlari hokimi edi. Keyinchalik esa, xonlik taxtini egallab, Buxoro xonligida markaziy hokimiyatni mustahkamlashga harakatlar qiladi.Abdulazizxon hokimiyatining dastlabki o‘n yilligida Samarqand hokimi Yalangto‘sh Bahodir kuchidan foydalandi. Keyinchalik Yalangto‘sh Samarqand hokimligi mavqeini saqlab qola oldi. “Silsilat as-salotin”da keltirilgan ma’lumotlarga qaraganda, u Abdulazizxon tomonidan berilmoqchi bo‘lgan otaliq unvonini rad etgan. XVII asrning 60-yillaridan Buxoro siyosiy kurashlar maydoniga aylanib boraverishi natijasida uning madaniy va iqtisodiy ahamiyati biroz pasaygandek bo‘ldi . Xuddi shu davrda Xiva xonlari Abulg‘ozi Bahodurxon va Anushaxonlarning Buxoro erlariga bostirib kirish holatlari kuzatiladi. Abdulazizxon garchi oliy taxtda bo‘lsa-da, ammo Balx muammosi unga tinchlik bermasdi46. Uning ukasi Subhonquli deyarli mustaqil faoliyat yuritardi. Ba’zi vaqtlarda diniy ulamolarning aralashuvi va hattoki Balxda Abdulaziz nomidan xutba o‘qilgan bo‘lishiga qaramasdan, 1681-yilgacha shahar amalda o‘zining mustaqilligini saqlab qola oldi . O‘sha davr tarixiy manbalaridan bo‘lmish Xo‘jamquli Balxiyning “Tarixi Qipchoqxon” asarida Subxonquli va Abdulaziz o‘rtasidagi kurashlar uzoq davom etgan va bu uning halokatini yaqinlashtirganligi haqida ma’lumotlar berib o‘tilgan. Yirik amirlar va mansabdorlarning, hokimlarning mavqei oshib borish jarayoni tezlashib boraverdi2 . “Ubaydullanoma”da otaliq lavozimining obro‘si oshib borganligi ta’kidlanadi. Vaholanki, hukmdorning o‘zi 1707-yilda Odilbiy mingni Balx viloyati mulklarining boshlig‘i etib tayinlaydi3 . Ubaydullaxon davrida pul islohoti o‘tkazilib, 1708 yilda mamlakatda yangi tangalar muomalaga chiqarila boshlandi. Lekin bu ham xalqning noroziligiga sabab bo‘lgan, chunki tangalar tarkibidagi kumushning miqdori 4 barobar kamaytirilib, miqdori avvalgi tangalarga tenglashtirilgan. Ammo mahsulot sotib olish jarayonida ularning qiymati avvalgisiga barobar qilib qo‘yilishi xalqning noroziligini keltirib chiqardi. Ubaydullaxon o‘tkazgan pul islohotidan norozi bo‘lgan aholi vakillari qo‘zg‘olon ko‘tarishadi. Natijada hukmdor boshqaruviga putur etadi, ammo 1709-yilda ko‘tarilgan va Movarounnahrning ko‘plab shaharlari bo‘ylab tarqalgan qo‘zg‘olon Ubaydullaxonning toju taxti xavf ostida qolganligini ko‘rsatar edi. Buxoroning himoyasi uchun tayinlangan xon – Xudoyorbiy mang‘it Qorako‘ldan qo‘shimcha kuchlarni chaqira boshlaydi47. Ubaydullaxon hukmronligining so‘nggi yillari O‘rta Osiyo siyosiy xaritasida yangi davlat – Qo‘qon xonligining tashkil topishi bilan belgilanadi. Minglar sulolasidan bo‘lmish Shohrux ushbu davlat hukmdoriga aylanadi. Shaharlarning bunday boshboshdoqliklari va mustaqil hokimiyatga intilishlari davlatni ich-ichidan emira boshladi. Bu holat esa rasmiy sulola vakillari uchun ushbu hududlarni nazorat qilish imkoniyatini qisqartira boshladi. 1711-yil Ubaydullaxonga nisbatan suiqasd uyushtirildi. Uning tarixini yozgan muallifning guvohlik berishicha, hukmdorning o‘zbilarmonlik siyosati tufayli saroydagi bir guruh kishilar davlat ishlarini qo‘lga olib, zulm yo‘liga o‘ta boshladilar. “Silsilat as-salotin” asarida Abdulazizxonning boshqa ashtarxoniy hukmdorlar singari Hindiston, Eron va Turkiya kabi davlat rahbarlari bilan yozishmalaridan namunalar keltirilgan48, bu bizga shu davrda mamlakatlararo o‘zaro aloqalarning qay darajada bo‘lganligini bilish imkoniyatini beradi. Bundan tashqari Abdulazizxon 1669-yilda mullo Farruh boshchiligidagi elchilarni Rossiyaga uzatgan bo‘lsa, bu elchilikka javoban Buxoroga aka-uka Pazuxinlar boshchiligidagi rus elchilari tashrif buyurishadi. Keyinchalik, Usmoniylar davlati bilan ham diplomatik aloqalarni mustahkamlab borganlar, masalan, 1673-yilda Abdulazizning elchilari Usmoniylar imperiyasi tomonidan Istambulda qabul qilingan. Tadqiqotchilarning e’tirof etishiga qaraganda, Abdulazizxonning diplomatik aloqa o‘rnatish qobiliyati mavjudligi va bundan Xiva, Dehli, Isfahon va Istambulga uzatadigan elchiliklarida foydalangan49. Ushbu hukmdor zamoniga kelib Rossiyaning O‘rta Osiyo xonliklariga nisbatan qiziqishi ortib ketishi natijasida, Pyotr I tomonidan dastlabki harbiy ekspeditsiyalar uzatila boshlangan. 1717- yilda Rossiyaga Qulibek to‘pchiboshi rahbarligida elchilar uzatilgan. Rossiya tomonidan xonliklarga uzatilgan Bekovich-Cherkasskiy ekspeditsiyasi bosqinchilik harakatlariga zamin tayyorlagan harakatlarning ibtidosi bo‘ldi . XVII-XVIII asrlardanoq xonliklarga o‘qotar qurollar savdosi ta’qiqlab qo‘yilgan edi. Abulfayzxon davridagi tarixiy voqealar XVIII asrda yashab o‘tgan marvlik tarixchi Muhammad Kozimning “Nomayi olamaroyi Nodiriy” asarida ham uchraydi. Unda asosan Eron qo‘shinining 1747- yilda O‘rta Osiyo hududiga bostirib kirish holatlari tasvirlangan . Bundan tashqari “Silsilat as-salotin”da qo‘shni Eron safaviylari va Hindistonda boburiylar bilan olib borilgan aloqalar haqida hikoya qilinadi.Shayboniylar sulolasi vakillari Buxoro xonligini boshqargan XVI asrning o‘rtalariga kelib vaziyat taranglashgan va taxt uchun kurashlar maydoniga bir nechta Shayboniy shahzodalar tushishganUbaydullaxonning vafotidan keyin kechgan davrda hattoki mamlakatda qisqa muddatga bo‘lsin ikkita xon bo‘lgan50. Ularning faoliyati, kelib chiqishi,jamiyatda tutgan o‘rni to‘g‘risida Hofiz Tanish Buxoriyning “Abdullanoma” (XVI asr), Husayn as Saraxsiyning “Manoqibi Sa’diya” (XVI asr), Badriddin Kashmiriyning “Ravzat ar-rizvon” (XVI asr), Muhammad Tolibning “Matlab ut-tolibin” (XVII asr), Do‘stmuhammad Buxoriyning “Jo‘ybor al-asror” (XVII asr), kitoblarida ma’lumot berilgan. XVI-XVII asrlarda mamlakat siyosiy hayotida, markaziy hokimiyatni kuchaytirish yo‘lidagi kurashlarda va hattoki ichki va tashqi siyosatda diniy ulamolar, ruhoniylarning bevosita ta’siri bo‘lganligini ko‘rish mumkin. Zero, ularning vakolatlari Shayboniylar davrida qudratli tusga kirib, Jo‘ybor xo‘jalari va Abdullaxon II orasida olib borilgan yozishmalar ham ilmiy o‘rganishda asosiy manbalardan biri bo‘lib hisoblanadi. Jo‘ybor xojalarining ta’siri Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Jo‘ybor xo‘jalarining ko‘p asrlik tarixini, ularning ilm-fan ravnaqiga qo‘shgan hissalaridan tortib mol-mulklarini ezgulik ishlariga sarflaganliklarini Narshaxiy, Iso ibn Muso, Muhammad Avfiy, Ahmad ibn Mahmud kabi o‘nlab allomalar ijodida ko‘rishimiz mumkin. SHuningdek, rus olimlaridan V.L.Vyatkin, P.P.Ivanov, O.Suxareva, g‘arb olimlaridan Robert Mekch, F.Shvars, o‘zbek olimlaridan B.Ahmedov, H.To‘raev, K.Kattaev, S.Husenov va I.Rajabovalar birmuncha tadqiqot ishlarini amalga oshirganlar51. Download 334.18 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling