Elementar zarralar fizikasi. Materiya tuzilishi haqidagi tasavvurlar qadim davrlardanoq mavjud bo’lsada, bunday ilmiy faraz va gipotezalarning tekshirish usuli va metodlari xali mavjud emas edi.
Elektron va radioaktivlik hodisasining kashf qilinishi materiyani o’rganishning yangi davrini boshlab berdi, chunki radioaktiv parchalanishdan hosil bo’lgan zarralarni boshqa elementlarni bombardimon qilishda qo’llash mumkin. Bu esa o’sha elementlarning tashkil etuvchilarini o’rganish imkoniyatini beradi. Ushbu eksperimental imkoniyat zamonaviy yadro va zarralar fizikasining asosini tashkil qiladi. Yadrolarni sistematik o’rganish imkoniyati so’nggi 30 yillar ichida zamonaviy zarralar tezlatkichlari imkoniyatlari sababli yuzaga keldi. Lekin atomlarning asosiy zarrachalar – elektron, proton va neytron bundan oldin qayd qilingan edi.
Atom va yadro fizikasi sohasidagi ilmiy izlanishlar oldinlari bir yoki bir necha yuksak iqtidorli olimlar tomonidan olib borilgan bo’lsa, keyinchalik ma’lum muammoni hal qilishga yo’naltirilgan olimlar guruhi tomonidan uzoq muddatli izlanishlar natijasida ko’zlangan natijalarga erishila boshlandi. 20-asrning ikkinchi yarmidan boshlab jahonning yirik ilmiy markazlarida ilmiy muammolarining ma’lum bir yo’nalishlari bo’yicha ishlar olib borilmoqda. Shu tahlit Fermilab (AQSH), DEZI (Germaniya), SERN (Shveysariya), EKA (Evropa kosmik agentligi) kabi xalqaro ilmiy markazlar va tashkilotlar vujudga kelgan.
Bunday ilmiy markaz va tashkilotlarning yuzaga kelishiga sabab, birinchidan fizika va astronomiya sohasidagi tadqiqotlarni amalga oshirish uchun yangi va katta harajat talab qiladigan qurilmalar hamda tadqiqotlarni amalga oshirish uchun yuqori salohiyatli olimlar guruhi yoki guruhlari o’ta zarurligi hisoblanadi. Ikkinchidan, dunyodagi xech bir davlat bunday katta xarajat talab qiladigan tadqiqot olib borishni mablag’ bilan mustaqil ta’minlay olmaydi. Shu sababli bunday ilmiy markazlarda tadqiqot ishlarining xalqaro tashkilotlar tomonidan mablag’ bilan ta’minlanishi yo’lga qo’yilgan hamda tadqiqot ishlariga tanlov asosida butun dunyodagi davlatlar mutaxassislari jalb qilinishi odatga aylandi.
Ushbu dunyo ilmiy markazlarida fizika va astronomiya sohasida so’nggi 20-25 yil mobaynida katta yutuqlarga erishildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |