O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi urganch davlat univеrsitеti pedagogika va psixologiya kafеdrasi «tasdiqlayman»


Download 1.53 Mb.
bet14/81
Sana21.04.2023
Hajmi1.53 Mb.
#1375722
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   81
Bog'liq
пп ва пум мажмуа

Mavzu: O’quv motivatsiyasi


Reja

  1. Psixologiya fanida motivatsiya tushunchasi.

  2. Motivatsiya nazariyasi. O’quv motivatsiyasi: tushuncha va tuzilma.

  3. O’quv motivatsiyasi turlari va mazmuni.

  4. O’quv motivlari turlari. O’quv qiziqishlari.

  5. O’quv motivatsiyasini o’rganish va uning shakllanishi



Tayanch tushunchalar: Motivatsiya, motivatsiya nazariyasi. O’quv motivatsiyasi: tushuncha va tuzilma, o’quv motivatsiyasi, o’quv qiziqishlari.
Pedagog olimlar tomonidan olib borilgan qator didaktik tadqiqotlar shuni ko’rsatadiki, ta’lim jarayoni samaradorligini oshiradigan o’qitish omillari ichida o’quv-biluv faoliyatiga motivlashtirish omili birinchi o’rinda turar ekan, ya’ni ta’lim samaradorligi 92% o’quv-biluv faoliyatini motivlashtirishga bog’liq ekan.
Inson tabiatini ozgina bo’lsada tushunadigan kishi buning bejiz emasligini e’tirof etadi. Motivlar didaktik jarayonning asosiy harakatlantiruvchi kuchidir. Harakatlantiruvchi motivlarni o’rganish, to’g’ri qo’llash va uni to’g’ri yo’naltira olish pedagogik faoliyat mazmunining asosiy mohiyatini belgilaydi.
Motivlashtirish – (lotincha moveo – harakatlantiraman, siljitaman degan ma’nolarni anglatadi) bu o’quvchilarni samarali o’quv-biluv faoliyatiga, o’quv materiali mazmunini faol o’zlashtirishga yo’naltiradigan jarayonlar, metodlar, vositalarning umumiy nomidir4.
Obrazli qilib aytganda, motivlashtirish tizginlarini o’qituvchi ham, o’quvchilar ham o’z qo’llarida tutib turadilar. O’qitish faoliyati nuqtai nazaridan qarasak, ta’limni motivlashtirish, o’qish faoliyati nuqtai nazaridan qarasak, o’quv-biluv faoliyatini motivlashtirish haqida gapirish mumkin.
Motivlashtirish shaxsning ruhiy holati va munosabatlarining o’zgarish jarayoni sifatida motivlarga asoslanadi. Motiv deganda, shaxsni u yoki bu xatti-harakatni amalga oshirishga majbur qiladigan muayyan sabab, turtki tushuniladi. Shuningdek, motiv deganda o’quvchining o’z faoliyati perdmetiga munosabatini ham tushunish mumkin.
Motivlar ehtiyoj va qiziqishlar, intilish va hissiyotlar, tayanch tushuncha va ideallar shaklida amal qilishi mumkin. Shuning uchun ham motivlar juda murakkab tuzilma bo’lib, alternativlar, tanlov va qarorlar tahlil qilinadigan, baholanadigan dinamik tizimdir.
Motivlashtirishni o’rganish didaktika va pedagogik psixologiyaning markaziy muammolaridan biri bo’lib hisoblanadi. Bu borada muayyan yutuqlar qo’lga kiritilgan, ammo muammoning to’la yechimiga hali erishilgani yo’q. Motivlarning o’zgaruvchanligi, harakatchanligi, xilma-xilligi tufayli ularni muayyan tarkibiy tuzilmasini belgilash, boshqarishning aniq usul va vositalarini belgilash qiyin bo’lib hisoblanadi. “Agar didaktikada haqiqiy san’at sohasi bo’lsa, u ham motivlar va ular bilan bog’liq holda o’qitish metodlari bo’lib hisoblanadi”,- deb yozadi I.P.Podlasiy.
Ta’lim tizimida mavjud bo’lgan motivlarni turli mezonlarga ko’ra tasnif etish mumkin. Turiga ko’ra ijtimoiy va biluv motivlari farqlanadi. Darajasiga ko’ra esa motivlar quyidagilarga bo’linadi:

  • Keng ijtimoiy motivlar (burch, mas’uliyat, o’qishning ijtimoiy ahamiyatini tushunish). Eng avvalo, bu shaxsning o’qish orqali o’zining jamiyatdagi ijtimoiy mavqeini tasdiqlashi bilan belgilanadi.

  • Tor ijtimoiy (yoki pozitsiyali) motivlar (kelajakda muayyan kasb-korni egallashga, atrofdagilarning e’tiboriga tushishga, o’z mehnatiga yarasha munosib taqdirlanishga bo’lgan intilish).

  • Ijtimoiy hamkorlik motivlari (atrofdagilar bilan turli ko’rinishdagi o’zaro hamkorlik qilishga, sinf jamoasi orasida o’z pozitsiyasi va o’rinini belgilashga intilish).

  • Keng biluv motivlari. Eruditsiyaga ko’ra yo’nalish olish, ta’lim jarayoni va uning natijalaridan qoniqish hissi bilan belgilanadi. Kishining o’quv-biluv faoliyati uning hayot faoliyatida yetakchi o’rin egallaydi.

  • O’quv-biluv motivlari (bilimlarni egallash usullari, muayyan o’quv predmetlarini o’zlashtirishga yo’nalganlik).

  • Mustaqil ta’lim motivlari (qo’shimcha bilimlarni egallashga yo’nalganlik).

Amaliy pedagogikada bu motivlar yo’nalishi va mazmuniga ko’ra alohida guruhlarga birlashtiriladi:

  1. ijtimoiy (ijtimoiy qimmatga ega) motivlar;

  2. biluv motivlari;

  3. kasbiy ahamiyatga molik motivlar;

  4. estetik motivlar;

  5. kommunikativ;

  6. mavqe-pozitsiyali motivlar;

  7. tarixiy-an’anaviy motivlar;

  8. utilitar-amaliy motivlar.

Aniqlanishicha:
a) jamiyat taraqqiyotining turli bosqichlarida o’quvchilar o’quv motivlarining u yoki bu gurhlari yetakchilik qiladi;
b) motivlarning guruhlari o’zaro dinamik bog’liq holda muayyan shart-sharoitlarga ko’ra amal qiladi. Ana shu bog’lanishga ko’ra o’qishning (o’quv-biluv faoliyatining) harakatlantiruvchi kuchi degan tushuncha paydo bo’ladiki, uning xarakteri, yo’nalganligi va ko’lami motivlarning mujassam ta’siriga ko’ra belgilanadi.
Turli xildagi motivlar didaktik jarayonlarning kechishi va natijalariga turlicha ta’sir ko’satadi. Masalan, keng biluv motivlari ko’proq ta’lim mazmunini qamrab olishga intilishda namoyon bo’ladi, ammo shunga qaramay bu motivlar o’quv-biluv motivlariga nisbatan kuchsiz bo’ladi. Chunki o’quv-biluv motivlari tor sohada mustaqil faoliyat yuritishga stimullashtiruvchi eng yaxshi vosita bo’lib hisoblanadi.
Raqobatchilik muhitida esa ko’proq utilitar-amaliy motivlar hukmronlik qiladi. Shu nuqtai nazardan qaraganda maktab o’quvchilari motivlarini maqsadga yo’naltirilgan xatti-harakatlar asosida yotuvchi - qo’zg’atuvchi hamda umumahamiyatga molik bo’lgan qadriyatlarni shaxsiy qadriyatlar darajasiga olib chiqadigan mohiyat kasb etuvchi motivlar singari turlarga ajratish mumkin.
80-yillardagi pedagogik tavsiyalar o’qituvchilarni o’quv-biluv motivlarini o’stirishda o’quvchiga ta’limning ijtimoiy ahamiyatini tushuntirish orqali yondashishga yo’llaydi. Avvallari yetakchi o’rinni egallagan keng ijtimoiy motivlar bugungi kunda unchalik katta ahamiyat kasb etmay qolgan va buni hisobga olish kerak. Chunki keng ijtimoiy motivlarni kuchaytirmasdan turib, o’zbek pedagogikasini taraqqiy ettirib bo’lmaydi. Buning uchun so’zsiz, eng avvalo, shaxsiy manfaatlarning, qiziqishlarning qondirilishiga tayanish lozim bo’ladi.
Hozirgi davrda biz qadimiy qadriyatlargi tayanib ish ko’rishimiz, ya’ni ta’lim tizimini insonparvarlashtirishga asosiy e’tiborni qaratishimiz talab etiladi.
Motivlarni ba’zida ichki va tashqi motivlarga ajratadilar. Dastlabkisi, albatta, o’qituvchilar, ota-onalar, sinf jamoasi, yaxlit olganda – jamiyat talablaridan kelib chiqadi va ko’satma, ishora, talab, topshiriq, turtki berish va hatto ba’zan majburlash shaklida namoyon bo’ladi. Bular, odatdagidek, o’z ta’sirini ko’rsatadi, ammo ko’pincha ichki qarshilikka sabab bo’ladi, shuning uchun ham bu motivlarni insonparvarlik nuqtai nazaridan qaraganda ma’qullab bo’lmaydi. Shunday qilish kerakki, o’quvchining o’zi nimanidir bajarishni xohlasin va bajarsin.
Insonni motivlashtirishning haqiqiy manbai kishining o’zida mavjud bo’ladi. Shuning uchun ham ta’lim jarayoni samaradorligini oshirishda o’qitish motivlar – tashqi tomondan bosim o’tkazishga emas, balki o’qish motivlari – ichki qo’zg’otuvchi kuchlarni shakllantirish hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Bundan tashqari kishida anglangan va anglanmagan motivlar ham mavjud bo’ladi. Anglangan motivlar o’quvchining uni xatti-harakatga keltiradigan sabablar to’g’risida aniq so’zlab bera olishida namoyon bo’ladi.
Anglanmagan motivlar esa shunchaki his etiladi, ong orqali nazorat qilinmaydigan, mavhum xatti-harakatlarda namoyon bo’lishiga qaramay, ba’zida juda kuchli bo’lishi mumkin.
Nihoyat, aniq, ya’ni o’qituvchi va o’quvchilar tomonidan anglangan, maktabdagi yutuqlarni aniq belgilab beradigan motivlar hamda o’tkinchi (o’ylab topilgan, sarobga o’xshagan) motivlar ham bo’ladiki, ular mayyan sharoitda amal qilishi mumkin.
Didaktik jarayon aniq motivlarga tayanshi va shu orqali yangi-yangi, yanada yuksak hamda amaliyotga yaroqli, ayni paytda shaxsni takomillashtirish dasturida istiqbolli ahamiyatga molik motivlarning paydo bo’lishiga sabab bo’lishi lozim.
O’quvchining o’qishga nisbatan munosabatini kuzatib turib, u yoki bu xildagi o’qish motivlari haqida dastlabki tasavvurga ega bo’lish mumkin. Tadqiqotlar shuni ko’rsatadiki, o’quvchining o’quv jarayoniga kirishuvchanligining bir nechta darajalari mavjud: salbiy, loqayd (yoki neytral), ijobiy-1 (amorf, tabaqalashmagan), ijobiy-2 (tashabbuskor va anglangan), ijobiy-3 (shaxsiy, mas’uliyatli, ta’sirchan)5.
O’quvchilarning o’qishga nisbatan salbiy munosabatlari motivlarning sayozligi va torligi bilan, ya’ni o’qishdagi yutuqlarga nisbatan qiziqishning pastligi, bahoga yo’nalganlik, maqsad qo’ya olmaslik, qiyinchiliklarni yenga olmaslik, o’qishni istamaslik, maktabga va o’qituvchiga nisbatan salbiy munosabatda bo’lish bilan belgilanadi.
Loqadlik munosabati ham xuddi shunday tavsifga ega, ammo ijobiy natijalarga erishish uchun qobiliyati va imkoniyati mavjudligi bilan belgilanadi. Qobiliyatli, ammo dangasa - bu tipga mansub bo’lgan o’quvchilarning qisqacha ta’rifi shunday.
O’quvchilarning o’qishga nisbatan ijobiy munosabatlarining turli darajalarida o’zgaruvchan motivlar yanada chuqurroq anglangan motivlarga aylanib boradi, shuning uchun ham ta’sirchanroq bo’lib hisoblanadi.
Eng yuqori darajadagi motivlar o’zining qat’iyligi, ierarxiyasi, o’quvchining istiqbolli maqsadlar qo’ya olishi, o’z xatti-harakatlari va o’quv faoliyati natijalarini oldindan ko’ra olish, maqsadga erishish yo’lidagi qiyinchiliklarni yenga olish ko’nikmalarining mavjudligi bilan belgilanadi.
Shuningdek, o’quv-biluv faoliyatida o’quv topshiriqlarini bajarishda nostandart yechimlarni qidirishga intilish, xatti-harakatlarning moslashuvchanligi va uyaliligi, ijodiy faoliyatga o’tib borishi, mustaqil ta’lim olish ko’nikmalarininig shakllanib borishi ham motivlarning ushbu darajasi uchun xos xususiyat bo’lib hisoblanadi.
O’quvchining o’qishga nisbatan munosabatini o’qituvchilar, odatda, ularning faolligiga ko’ra aniqlaydilar. Faollik (o’qishdagi, bilimlarni o’zlashtirishdagi) o’quvchining faoliyat predmetiga ta’siri darajasiga ko’ra belgilanadi.
Faollik quyidagi ichki komponentlardan tashkil topadi:

  • o’quv topshiriqlarini bajarishga tayyorlik;

  • mustaqil faoliyatga intilish;

  • topshiriqlarni ongli bajarish;

  • o’qishning tizimliligi;

  • o’zining shaxsiy imkoniyatlarini oshirishga harakat qilish va boshqalar.

O’quv-biluv faoliyatini motivlashtirishning yana bir muhim tomoni – mustaqillik, ya’ni o’quvchining kattalar ko’magisiz faoliyat ob’ekti, vositalarini o’rganish, uni amalga oshirish ko’nikmalari bo’lib hisoblanadi. O’quvchining o’quv-biluv faoliyati faolligi va mustaqilligi o’zaro ajralmas tushunchalar bo’lib, biri ikkinchisini taqozo qiladi va rivojlantiradi.
O’quvchilar faolligini boshqarish an’anaga ko’ra faollashtirish deb ataladi. Uni samarali va maqsadga yo’naltirilgan o’quv-biluv faoliyatiga nisbatan doimimy ravishda yo’llab borish jarayoni sifatida tasavvur qilish mumkin. Faollashtirishning asosiy maqsadi – o’quvchilarning faolligini, ta’lim jarayoni samaradorligini oshirish.
Pedagogik amaliyotda o’quv-biluv faoliyatining faollashtirishning turli yo’llari qo’llaniladi, bular, asosan – ta’limning turli shakl, metod va vositalari bo’lib, ulardan shundaylari tanlanishi kerakki, muayyan vaziyatlarda o’quvchilarning faolligi va mustaqilligi uchun sharoit yarata olsin.
Darslarda ko’proq samarali natija beradigan faollashtirish vaziyatlariga quyidagilarni kiritish mumkin:

  • o’z fikrida turish;

  • bahs-munozaralarda ishtirok etish;

  • o’z o’rtoqlari va o’qituvchi oldiga savollar qo’yish;

  • o’rtoqlarining javoblarini izohlash;

  • o’rtoqlari javobi va yozma ishlarini baholash;

  • orqada qolganlarga ko’maklashish;

  • bo’sh o’zlashtiruvchilarga tushunmagan o’rinlarni tushuntirish;

  • kuchi yetadigan topshiriqni mustaqil tanlash;

  • biluv topshiriqlarining bir necha variantdagi yechimini topish;

  • o’z-o’zini tekshirish, o’zining biluv va amaliy xatti-harakatlarini tahlil qilish vaziyatlarini yaratish;

  • biluv topshiriqlarini o’ziga ma’lum bo’lgan amallarni kompleks qo’llagan holda bajarish.

Ta’kidlash joizki, mustaqil ta’limning barcha yangi texnologiyalari avvalo, o’quvchilarning faollashtirishni nazarda tutadi. Zero, xatti-harakatlri va tirishqoqligi natijasida anglangan haqiqatlar o’quv-biluv faoliyatida juda katta ahamiyatiga molikdir.
Bu o’rinda ta’lim jarayoniga interaktiv o’quv qo’llanmalarining yangi avlodini kiritish talab etiladi. Chunki shunday mazmundagi o’quv mashg’ulotlari o’quvchilarni muntazam ravishda savollarga javob berish, doimiy ravishda darsga ishtirok etib borish, teskari aloqani o’rnatib borish, ta’lim jarayonida maxsus kompyuterli dasturlar, multimediyali o’qitish tizimlarini qo’llash, muntazam ravishda joriy test sinovlarini o’tkazib turishni nazarda tutadi.
Ta’lim jarayonida o’quvchilarning o’quv-biluv faoliyatini motivlashtirishda o’qituvchi juda muhim o’rin egallaydi. Chunki u ta’lim jarayonini tashkil etuvchi va boshqaruvchi sub’ekt sifatida o’quvchilarning o’quv-biluv faoliyatini ham bevosita boshqarib boradi.
Ta’lim jarayonida o’quvchilarning o’quv-biluv faoliyatini boshqarish va motivlashtirish juda ko’p omillarga bog’liq. Shunday muhim omillardan biri bu o’z predmetini qiziqarli qilib yetkaza olishdir.
Zero, qiziqish barcha psixik jarayonlar (idrok, diqqat, xotira, tafakkur, iroda) ning kechishiga ijobiy ta’sir ko’rsatadi. “O’quvchini tarbiyalash va ta’lim berish jarayonida o’quv qiziqishi ko’pqirrali ta’sirga ega bo’ladi: ham o’quvchini mashg’ul qiluvchi, jonli ta’lim vositasi, ham o’quvchi alohida xatti-harakatlarining kuchli motivi, ham o’quvchining yo’nalishini belgilaydigan qat’iy shaxsiy fazilat kabi ta’sir darajalariga ega bo’ladi”.
Agar o’quvchining tabiiy faollik jarayoni hech qanday ahliy qiziqishlar orqali yo’naltirilmasa, o’quvchini qanday yo’llarga boshlashi mumkinligini aytish qiyin. Bu to`g`rida K.D.Ushinskiy bir vaqtlar o’qituvchilarni jiddiy ogohlantirgan edi. U shunday deydi: “Majburlash va iroda kuchi bilan qo’lga olingan ta’lim aqlan rivojlangan kishilarni yetishtirib chiqarishi gumon”.
Shuni ham unutmaslik kerakki, o’quv-biluv faoliyatini takomillashtirish jarayonida motivlar va qiziqishlar shaxsning boshqa ichki tuzilmalari bilan murakkab o’zaro aloqaga kirishadi. Shunday ichki tuzilmalar sirasiga o’quvchining nazariy pozitsiyasi hamda o’quv-biluv faoliyatining o’quvchi uchun shaxsiy ahamiyati kabilarni kiritish mumkin.
Xo’sh, o’quv-biluv qiziqishlarini shakllantirishning shart-sharoitlari nimalardan iborat? O’qituvchi qanday qilib ta’lim jarayonida uni shakllantirishi mumkin? O’quv-biluv motivlari doimiy ravishda takomillashib borishi uchun u nima qilishi kerak? Tajribali o’qituvchi o’qishga nisbatan ongli ijobiy munosabatni qanday qilib vujudga keltiradi?
Mahoratli o’qituvchi o’z o’quvchilarida ijobiy o’quv-biluv motivlarini shakllantirish uchun quyidagilarga e’tibor beradi:

  1. O’quv-biluv motivlari va o’quv predmetiga ijobiy munosabat o’quvchi faol bo’lganda, yangi bilimlarni mustaqil izlash va kashf qilish, muammoli topshiriqlarni hal etish jarayoniga jalb etilganda rivojlantirilishi mumkin.

  2. O’quv mehnati ham, xuddi boshqa mehnat turlari singari, xilma-xil bo’lsagina qiziqarli bo’ladi.

  3. O’qitilayotgan o’quv predmetiga qiziqish paydo bo’lishi uchun yaxlit holda va alohida olingan bo’limlarining kerakligi, muhimligi va maqsadliligini tushunish alohida ahamiyatga ega.

  4. Yangi o’quv materiali o’tilgan materiallar bilan qancha ko’proq aloqador bo’lsa, o’quvchi uchun u shunchalik qiziqarli bo’ladi.

  5. O’ta yengil yoki o’ta murakkab o’quv materiali o’quvchida hech qanday qiziqish paydo qilmaydi. Ta’lim yetarli darajada murakkab, ammo o’quvchining kuchi yetadigan bo’lishi kerak.

  6. O’quvchining ishi qanchalik tez-tez tekshirilib, baholanib borilsa, uning uchun ishlash shunchalik qiziqarli bo’ladi.

  7. O’quv materialining yorqinligi, hissiyligi, o’qituvchining jonli va hissiy yorqin muloqoti o’quvchiga, uning o’quv predmetiga nisbatan munosabatiga juda katta kuch bilan ta’sir ko’rsatadi.

Pedagogik faoliyat ustalari ta’lim metodlarini tashlashga o’ta ijodkorona va jiddiy yondoshadilar. A.A.Bodalevning ta’kidlashicha, frontal, tabaqalashtirilgan va individual ishlash sharoitida ijodiy yondashuv, asosida ko’pgina umumiylik bo’lsada, turlicha namoyon bo’ladi. O’qituvchi faoliyati ob’ektining ichki tarkibi va o’ziga xosligi har bir alohida olingan holatlarda o’qituvchi ijodkorligining xususiyatini belgilaydi. Agar o’quvchilar jamoasi, guruhi, alohida o’quvchi bilan ishlashda bir xil ta’sir metodlaridan foydalanilsa, ta’lim jarayonida nafaqat ijodkorlik, balki ijodga o’xshash narsa ham yo’qotiladi.
O’qituvchi har doim o’quvchisining rivojlanish darajasi, uning xotirasi, diqqati, irodasi, maqsadga yo’nalganligi ustidan nazorat qilib boradi. Bunda nimaga asoslanadi? O’qituvchi o’z o’quvchisi - inson haqida shoshib yomon fikrga borishi yoki uni ayblashi mumkin emas. Uning bosh vazifasi – o’quvchini barcha ko’rinishlarida o’rganish va tushunishga harakat qilishdir. O’qituvchilik kasbi o’ylamasdan ish ko’rishni kechirmaydi. O’quvchi qalbiga chuqur kirib borish, uning ruhiyati va xarakterini anglab olish mahoratli o’qituvchiga xos bo’lgan xususiyatdir.
Ma’lumki, o’quv-biluv faoliyatiga motivlashtirish darsdagi mos psixologik iqlimning yaratilishiga ham bog’liq. Darsda samarali psixologik muhitni qanday qilib o’rnatish mumkin? Eng avvalo sinfda o’quvchining xotirjam ishlashi uchun xalaqit beradigan, chalg’itadigan, uni g’ashiga tegadigan barcha narsalarni yo’qotishga harakat qilish kerak.
O’qituvchining o’z o’quvchilari oldiga qo’yadigan talablari ham unda o’quv-biluv motivlarining shakllanishiga katta ta’sir ko’rsatadi. 80 daqiqali o’quv mashg’uloti davomida o’qituvchining o’z o’quvchilariga nisbatan qo’yadigan talablarini oddiy hisoblab chiqilganda, ular o’rtacha 100 ga yaqin ekanligi aniqlangan. Bu ozmi yoki ko’pmi? Bu savolga javob berish uchun A.S.Makarenkoning aytgan gaplarini eslashning o’zi kifoya: “Agar kimdir mendan pedagogik tajribam mohiyatini qisqa formulada ifodalab berishni so’raganida, men shunday javob bergan bo’lar edim: o’quvchiga nisbatan talab qanchalik ko’p bo’lsa, hurmat ham shuncha ko’p bo’lishi kerak”. Ammo bu o’rinda gap talablarning sonida emas, balki qanday mazmunda ekanligidadir.
Talab qo’yishni qanday qilib o’rganish mumkin? Balki sinfga kirib, o’qituvchilar qanday talab qo’yayotganligini, o’quvchilar esa qanday qilib bajarayotganliklarinii kuzatish kerakdir? Ha, albatta bu kerak, busiz bo’lmaydi. Ammo ishni aynan shundan boshlash unchalik to’g’ri emas. Chunki biz guvohi bo’lishimiz mumkin bo’lgan dalillar juda xilma-xil va murakkabdir. Biz avvalo talabning tabiatini, mohiyati va tavsifnomasini bilishimiz kerak bo’ladi.
Talab qilish metodikasini puxta egallagan o’qituvchilar o’z talablari bilan avvalo o’quvchilarning alohida xatti-harakatlarini stimullashtirib boradilar (bu haqida keyingi bobda atroflicha to’xtalamiz). Ular kimga qanday talab qo’yishni, o’quvchilar esa o’zlariga nisbatan qanday talab qo’yilishi mumkinligini biladilar va bu talablarni og’rinmay bajarar ekanlar, shunday xulq-atvor uslubiga ko’nikib boradilar. Bu esa bevosita ularda o’quv-biluv motivlarining samarali shakllanib borishiga imkon yaratadi.
To’g’ri talab qo’yishning muhim omillaridan biri – bu muayyan pedagogik vaziyatni hisobga olishdir. Ya’ni o’qiuvchi u yoki bu talab shaklini tanlaganda o’sha talab qo’yiladigan sharoitni ham inobatga olishi muhimdir. Eng asosiysi – o’qituvchining talabi ijobiy, aniq, o’quvchining kuchi yetadigan va oxiriga yetkaziladigan bo’lishi kerak.
Darsda o’quvchi o’quv predmeti va tevarak-atrofdagi voqea-hodisalarni faol anglab boradi, shuningdek, o’quvchida unga nisbatan muayyan munosabat ham shakllanadi. Ba’zi voqealar uni tashvishlantirsa, ba’zilariga nisbatan u loqayd bo’ladi, nimadir unga yoqsa, nimadirga nisbatan befarq bo’ladi, ba’zi o’qituvchilarni yaxshi ko’rsa, ba’zilariga chidashga majbur. Psixologlar ijobiy his-tuyg’ularni faoliyatga yo’llovchi va ruhlantiruvchi buyuk kuch deb hisoblaydilar.
Ta’lim jarayonida darsning hissiy-aqliy muhitini turli usullar bilan saqlab turish mumkin.

Download 1.53 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   81




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling