O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta
Download 1.35 Mb.
|
53511c77e324f
Ish holatlari deganda, jinoyatning og‘irligi, uning oqibatlari, xususiyati va ish uchun ahamiyatli bo‘lgan boshqa holatlar tushuniladi. Sud javobgarlikni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlarga ham e’tibor berishi lozim.
Qonun ushbu jazo chorasi qo‘llanishi mumkin bo‘lgan harbiy xizmatchilar doirasini ham chegaralaydi. Bu jazo turi faqat muddatli harbiy xizmatchilarga nisbatangina qo‘llanishi mumkin. Demak, ushbu jazo turini qo‘llash uchun sud hukmi chiqarilgunga qadar, xizmat muddati tamom bo‘lmagan bo‘lishi kerak. Jazoni intizomiy qismda, ya’ni ichki tartibi ancha qat’iy bo‘lgan maxsus harbiy bo‘linmada o‘tayotgan harbiy xizmatchilar hukmni ijrosiga kirishilgandan boshlab intizomiy qismdan ozod bo‘lgunga qadar harbiylar uchun belgilangan imtiyozlar olish huquqidan mahrum etiladi. Intizomiy qismda o‘talgan xizmat vaqti haqiqiy harbiy xizmat muddatiga qo‘shilmaydi. Ayrim holatlarda harbiy xizmatchi jazoni o‘tab bo‘lganidan so‘ng u yuborilgan qism komandiri tavsiyasiga ko‘ra, harbiy okrug qo‘shinlari komandiri qarori bilan intizomiy qismda o‘talgan jazo muddati haqiqiy harbiy xizmat muddatiga qo‘shilishi mumkin. Intizomiy qismga jo‘natishga hukm qilingan shaxslarning sudlanganligi jazo muddatining tugashi bilan tugaydi.
Jinoyat kodeksining 50-moddasida ozodlikdan mahrum qilish jazosi avvalgi kodekslardan farqli ravishda mahkumni jamiyatdan ajratib, jazoni ijro etish koloniyasi yoki turmaga joylashtirishdan iborat ekanligi aytib o‘tilgan. Ozodlikdan mahrum qilish jazosi, jinoiy jazo maqsadiga boshqa jazo choralarini qo‘llash orqali erishish mumkin bo‘lmaganda va maxsus tartibda mahkumni jamiyatdan ajratgan holda tarbiyalash lozim bo‘lgan hollarda qo‘llaniladi. Bu jazoga mahkum qilingan shaxslarning bir qator huquqlari cheklanadi. Sud ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlaganida sodir etilgan jinoyatning xususiyati, aybdorning xavflilik darajasi va uni qayta tarbiyalash mumkinmi yoki mumkin emasmi, savollarini o‘rganib, jazoning turini, o‘tash tartibi va muddatini belgilaydi. Ozodlikdan mahrum qilish mahkumning jamiyatdagi huquqiy holatini cheklab qo‘yishning alohida shakli bo‘lib, bu uni boshqa jazo turlaridan, hatto qamoq jazosidan ham farq qiladi. Ozodlikdan mahrum qilish jazosini qo‘llash orqali mahkumning huquqlarini cheklash kompleks xususiyatga ega bo‘lib, mahkum ruhiy va jismoniy jihatdan jamiyatdan, o‘zi o‘rgangan muhitdan izolatsiyalanib, jazoni qo‘llash orqali belgilangan maqsadga erishish uchun maxsus tartib qo‘llaniladi. Bu cheklashlar mehnat qilish erkinligi, dam olish va mehnat qilish vaqtining qat’iy belgilanganida, erkin harakat qilishning, uchrashuvlar, posilkalar olishdagi cheklashlarda ifodalanadi. Ozodlikdan mahrum qilish jazosi jinoyatning xavflilik darajasi va mahkumning shaxsini e’tiborga olib tayinlanishi lozim. Ozodlikdan mahrum qilish jazosi olti oydan yigirma yilgacha bo‘lgan muddatga belgilanadi. Voyaga yetmaganlarga olti oydan o‘n yilgacha bo‘lgan muddatga tayinlanadi. Ozodlikdan mahrum qilish jazosi bir necha hukmlarni qo‘shish tartibida tayinlanganda yigirma besh yilgacha bo‘lgan muddatga tayinlanishi mumkin. Ozodlikdan mahrum qilish jazosining maksimal muddati jazoning bir yoki bir necha jinoyatga nisbatan tayinlanishiga, o‘lim jazosini ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirilishiga bog‘liq. Ozodlikdan mahrum qilish jazosini qo‘llashda sud jazo muddatini sud hukmida aniq belgilanishiga e’tibor berish lozim, muddatning aniq belgilanmasligi jinoyat qonuni normasini buzish hisoblanib, sud hukmining bekor qilinishiga sabab bo‘ladi. Shu bilan birga, sud bir qancha jinoyatlar yuzasidan jazo tayinlayotganda, har bir hukm bo‘yicha alohida-alohida jazo belgilashi va umumiy muddatni tayinlashda muddatlarni qo‘shish orqali jazo belgilashi lozim. Qisqa muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosini qo‘llashda ishning barcha holatlaridan, aybdorning shaxsidan kelib chiqib va nima uchun ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo qo‘llanilmayotganligi sabablari hukmda asoslantirilmog‘i kerak. Ozodlikdan mahrum qilish jazosida tayinlanganida har bir modda bo‘yicha uning muddatlari ko‘rsatilmog‘i zarur1. Sudlar voyaga yetmaganlarga, ayollarga, nogironlarga va keksalarga nisbatan jazo tayinlashda ozodlikdan mahrum qilish jazosidan boshqa jazo turini qo‘llash, shartli hukm qilishi masalalarini muhokama qilishlari va agarda, ularni jamiyatdan ajratmagan holda qayta tarbiyalash mumkin emas, deb topganlaridagina ozodlikdan mahrum qilish jazosini qo‘llashlari lozim2. Ozodlikdan mahrum qilish jazosini qo‘llashda uning quyidagi ijobiy jihatdan samara berishi hisobga olinishi lozim:
2) bu jazoni jinoiy guruh tashkilotchilari va faol ishtirokchilariga nisbatan, ekstremistlar, retsidivistlar, respublikadagi vaziyatni beqarorlashtirishga uringan, o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga, jamiyat xavfsizligiga tajovuz qiluvchi jinoyat sodir etganlarga nisbatan tayinlashda ularning xavflilik darajasi e’tiborga olinishi lozim3. 3) ozodlikdan mahrum qilish jazosi og‘ir jinoyat sodir etgan shaxslarga, uyushgan guruh tashkilotchilari va faol ishtirokchilariga muqaddam sudlanganlarga nisbatan qo‘llanishi lozim. Bunda fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga tajovuz qilish, poraxo‘rlik, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning g‘ayriqonuniy muomalasi va qurol tarqatish kabi, shuningdek, respublika iqtisodiyotiga zarar yetkazuvchi jinoyatlar alohida xavf tug‘dirishini nazarda tutish kerak4. Retsidivistlar, giyohvandlik vositalari va psixatrop moddalarni muntazam ravishda yoki ko‘p miqdorda sotuvchilar, o‘tkazuvchilar yoki jinoyatning tashkilotchilari va faol ishtirokchilari, narkotiklarni O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish yoki uning hududi orqali olib o‘tishni yoxud ularni turli usullar bilan tarqatishni ta’minlovchilar, xuddi shunday jinoyatlar uchun muqaddam sudlanganlar, voyaga yetmaganlarni jinoyatga jalb qiluvchilar va hokazolar qattiq javobgarlikka tortilishi lozim1. Ommaviy tartibsizliklar, qirg‘in qilishlar va o‘t qo‘yishlarning tashkilotchilari, faol ishtirokchilariga, jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan hokimiyat vakillarining va boshqa shaxslarning hayoti, sog‘lig‘i, or-nomusi va qadr-qimmatiga tajovuz etuvchi milliy hamda irqiy teng huquqlikni buzishga dalolat qiluvchi shaxslarga qattiq jazo choralari qo‘llanmog‘i kerak. Bundan tashqari, bu shaxslarga nisbatan jazo maqsadiga boshqa ta’sir choralari qo‘llash orqali erishish mumkin bo‘lmaganda qonun normasi sanksiyasida ko‘rsatilgan bo‘lsa, ushbu jazo turi qo‘llanishi mumkin; 4) bu jazoni alkogolizmga chalingan, g‘ayriaxloqiy hayot tarzini kechirayotgan shaxslarga nisbatan qo‘llash samarali hisoblanadi. Iqtisodiyot sohasidagi jinoyat ishlarini (Jinoyat kodeksining 164–166,168–169-moddalarida nazarda tutilgan o‘ta og‘ir jinoyatlar bundan mustasno) ko‘rib chiqayotganda, moddiy zararning ixtiyoriy tarzda qoplanganligi jazoni yengillashtiruvchi favqulodda holat ekanligi va jinoyat ishining muayyan holatlaridan kelib chiqib, ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni qo‘llamaslik uchun asos bo‘ladi2. 60 yoshdan oshgan erkaklar va ayollar uchun ozodlikdan mahrum qilish muddati Jinoyat kodeksi sanksiyasida ko‘rsatilgan jazo muddatining to‘rtdan uch qismidan oshmasligi kerak. Bu norma imperativ xususiyatga ega bo‘lib, jazoni og‘irlashtiruvchi hollarda ham o‘zgartirilmaydi. Bu jazoni qo‘llashda erkak kishining jinoyat sodir etilgan vaqtdagiga nisbatan emas, balki hukm chiqarish vaqtidagi yoshi hisobga olinadi. Ayol kishining yoshi esa ahamiyatga ega emas. Bu qoida shaxs bir yoki bir necha jinoyat sodir etgan hollarda ham tatbiq etiladi. Bitta jinoyat yuzasidan tayinlangan jazoning umumiy muddati 15 yildan (20 yilning to‘rtdan uch qismi), bir necha jinoyat bo‘yicha 18-yil-u 9 oydan (25 yilning to‘rtdan uch qismi) oshmasligi kerak. Qonun ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tash tartibida erkaklar va ayollar uchun alohida holatlarni nazarda tutadi. Ozodlikdan mahrum qilingan erkaklar jazoni u yoki bu ozodlikdan mahrum qilish muassasasida o‘taydilar: 1) ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyati, ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilgan jinoyati uchun va qasddan uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etganlik uchun ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinayotganlarga nisbatan jazoni manzil-koloniyalarda; 2) qasddan og‘ir jinoyat sodir etganlik va o‘ta og‘ir jinoyati uchun birinchi marta ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinayotganlarga nisbatan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda; 3) ilgari qasddan sodir etgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni o‘tab chiqib, qasddan yangi sodir etgan jinoyati uchun hukm qilinayotganlarga nisbatan jazoni qattiq tartibli koloniyalarda; 4) o‘ta xavfli retsidivistlarga nisbatan jazoni maxsus tartibli koloniyalarda o‘tash tayinlanadi. Avf etilib, o‘lim jazosi ozodlikdan mahrum qilish bilan almashtirilgan shaxslar ham jazoni maxsus tartibli koloniyalarda o‘taydilar. Jazoning qanday tartibli koloniyalarda o‘tash lozimligi sud hukmida aniq ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim. Ozodlikdan mahrum qilingan ayollar jazoni manzil koloniyalarida, umumiy va qattiq tartibli koloniyalarda o‘taydilar: 1) ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyat, ehtiyotsizlik oqibatida jinoyat sodir etganlarga hamda qasddan uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etganlarga nisbatan jazoni manzil-koloniyalarda; 2) og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat uchun jazoni umumiy tartibli koloniyalarda; 3) ilgari ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni o‘tab chiqib, yangi sodir etgan o‘ta og‘ir jinoyati uchun hukm qilinayotganlarga, shuningdek, o‘ta xavfli retsidivist, deb topilganlarga nisbatan jazoni qattiq tartibli koloniyalarda o‘taydilar. Manzil koloniyalari quyidagilarga bo‘linadi: 1) ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilgan jinoyatlar uchun hukm qilingan shaxslar saqlanadigan manzil-koloniyalari; 2) umumiy va qattiq tartibli koloniyalardan, shuningdek, tarbiya koloniyalaridan o‘tkazilgan mahkumlar saqlanadigan manzil koloniyalari. Umumiy tartibli koloniyalar quyidagilarga bo‘linadi:
2) og‘ir jinoyat sodir etganlik uchun birinchi marta ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar saqlanadigan koloniyalar; 3) ilgari qasddan sodir etilgan jinoyat uchun ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni o‘tagan va qasddan yangi jinoyat sodir etganligi uchun yana sudlangan ayollar saqlanadigan koloniyalar.
2) ilgari qasddan jinoyat sodir etganligi uchun ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni o‘tagan va qasddan jinoyat sodir etganlik uchun yana sudlangan erkaklar saqlanadigan koloniyalar; 3) ilgari qasddan sodir etgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni o‘tagan va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganlik uchun yana sudlangan ayollar, shuningdek, o‘ta xavfli retsidivist, deb topilgan ayollar saqlanadigan koloniyalar.
Ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyat sodir etganlik, ehtiyotsizlik oqibatida jinoyat sodir etganlik va qasddan uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etganlik uchun ozodlikdan mahrum etish tariqasidagi jazo homilador ayollarga va uch yoshga to‘lmagan bolalari bor ayollarga, shuningdek, qonun hujjatlariga muvofiq yoshga doir pensiyaga chiqish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga nisbatan tayinlanmaydi. 2003-yil 26-sentabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Birinchi marta ozodlikdan mahrum etishga mahkum qilingan shaxslarni jazo o‘tash sharoitlarini liberallashtirish to‘g‘risida»gi Farmoni e’lon qilindi. Unga ko‘ra, uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyati uchun birinchi marta ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar umumiy tartibli jazoni ijro etish koloniyalaridan manzil koloniyalariga, o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganlar qattiq tartibli koloniyalardan umumiy tartibli koloniyalarga o‘tkazilishi lozimligi belgilandi. Bu Farmondan quyidagi salbiy oqibatlarning oldini olish maqsad qilib qo‘yilgan:
2) birinchi marta sudlanganlarning uzoq muddat davomida jazoni ijro etish joylarida bir necha marotaba jazo o‘tagan shaxslar bilan birga bo‘lishlari hamda bu muhitda muqaddam sudlanganlarning ta’siri keng bo‘lishi, ularda kelgusida jamiyat uchun zararli dunyoqarash rivojlanishiga shart-sharoit yaratadi; 3) qonunda og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etgani uchun besh yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilinganlarga, o‘ta xavfli retsidivistlarga besh yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga turma qamog‘i jazosi tayinlash mumkinligi belgilangan. Jazoning muayyan qismini turmada o‘tkazishning o‘ziga xos shartlari mavjud: a) og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat uchun hukm qilingan bo‘lishi yoki o‘ta xavfli retsidivist, deb topilishi; b) besh yildan ortiq muddatga hukm qilingan bo‘lishi kerak. Qonunda jazoning qaysi bir qismi turmada o‘tkazilishi lozimligi belgilanmagan. Bu masala sud tomonidan ishning holati va mahkumning shaxsi hisobga olingan holda belgilanadi. Jinoyat qonuni faqat ozodlikdan mahrum qilishning muddatini, jazoni o‘tash joyini, mahkumlar toifasini, qaysi biri jazoni u yoki bu jazoni ijro etish muassasasida o‘tashini va jazoni ijro etish joylariga yuborish shartlarini belgilab beradi, xolos. Ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tash, mahkumlarni saqlash tartiblari Jinoyat-ijroiya kodeksi bilan belgilangan. Jinoyat kodeksining 51-moddasi – «O‘lim jazosi», deb atalib, unda biz avvalgi kodekslardan farqli o‘laroq, sanksiyasi o‘lim jazosini nazarda tutuvchi jazolar sonini keskin kamaytirilganligini va avvalgi 33 ta jinoyat (1959-yilgi Jinoyat kodeksida), 1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan Jinoyat kodeksida quyidagi 13 ta jinoyatlar uchun o‘lim jazosi belgilangan edi: otib o‘ldirish tariqasidagi o‘lim jazosi faqat javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish (97-moddaning ikkinchi qismi), nomusga tegish (118-moddaning to‘rtinchi qismi), jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish (119-moddaning to‘rtinchi qismi), agressiya (151-moddaning ikkinchi qismi), urushning qonun va udumlarini buzish (152-modda), genotsid (153-modda), terrorizm (155-moddaning uchinchi qismi), davlatga xoinlik qilish (157-moddaning birinchi qismi), O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga tajovuz qilish (158-moddaning birinchi qismi), josuslik (160-moddaning birinchi qismi), jinoiy uyushma tashkil etish (242-moddaning birinchi qismi), kontrabanda (246-moddaning ikkinchi qismi), giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni g‘ayriqonuniy ravishda sotish (272-moddaning ikkinchi qismi). O‘zbekiston Respublikasining 1998-yil 29-avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonuni bilan jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib, g‘ayritabiiy usulda qondirish (119-moddaning to‘rtinchi qismi), urushning qonun va udumlarini buzish (152-modda), O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga tajovuz qilish (158-moddaning birinchi qismi), josuslik (160-moddaning birinchi qismi), kontrabanda (246-moddaning ikkinchi qismi)dan o‘lim jazosi chiqarib tashlandi. Jinoiy jazolarni liberallashtirish munosabati bilan 2001-yil 21-avgustda 4 ta jinoyat uchun (javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holatlarda qasddan odam o‘ldirish – 97-moddaning 2-qismi; agressiya – 151-modda; genotsid – 153-modda; terrorizm – 155-moddaning 3-qismi) o‘lim jazosi qoldirilgan. Shuningdek, islohotlar davomi sifatida 2003-yil 12-dekabrdagi Qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, Jinoyat kodeksida ham inson, ham jamiyat, ham davlat uchun ijtimoiy xavfi yuqori bo‘lgan faqat ikki jinoyat uchun o‘lim jazosi qoldirildi. Bular jazoni og‘irlashtiruvchi holatlarda qasddan odam o‘ldirish – Jinoyat kodeksining 97-moddasi, 2-qismi va terrorizm – Jinoyat kodeksining 155-moddasi, 3-qismi. 2005-yil 1-avgustda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida o‘lim jazosini bekor qilish to‘g‘risida»gi Farmoni e’lon qilindi. Unda: «Davlatimizning jinoyatga oid siyosati o‘lim jazosini qo‘llashga nisbatan jahon tendensiyalariga to‘liq mos keladi hamda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida e’lon qilingan insonparvarlik va odillik tamoyillarini izchil ifoda etadi. Ayni vaqtda, mamlakatda amalga oshirilayotgan jamiyat va davlat hayotini demokratik jihatdan yanada yangilash, mamlakatni modernizatsiya qilish borasidagi islohotlarning mohiyati va mazmuni, sud-huquq tizimini liberallashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning natijalari jazo turi sifatida o‘lim jazosi bekor qilinishini hamda uni umrbod yoki uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi bilan almashtirilishi zarurligini taqozo etmoqda»1, deyiladi. Farmonga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida 2008-yilning 1-yanvaridan jinoiy jazo turi sifatida o‘lim jazosi bekor qilinishi va uning o‘rniga umrbod yoki uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi joriy etilishi belgilab qo‘yildi. Jazoning bunday turi sobiq ittifoq davrida favqulodda jazo chorasi sifatida qo‘llanib kelingan bo‘lib, u davlat asoslariga, jamiyat qurilishiga hamda fuqarolarning hayotiga qarshi qaratilgan o‘ta og‘ir jinoyatlar uchun qo‘llanilganligi ma’lum. Sodir qilingan jinoyat uchun o‘lim jazosini belgilash yoki belgilamaslik muammosi mana uzoq yillardirki, olimlar o‘rtasida katta munozaralarga sabab bo‘lib kelmoqda. Hozirgi sharoitda demokratik jamiyatda ushbu jazo turining qo‘llanishi, insonparvarlik prinsiрiga to‘g‘ri kelmasligi, bunday jazo jinoyatchiga nisbatan qasos olishmi yoki aksinchami, agar u qasos olishga qaratilgan bo‘lsa, jamiyatning insonga nisbatan bunday jazoni qo‘llashga haqqi bormi, savollariga rad javobini beruvchilar ham, ma’qullovchilar ham yetarli. Olimlar tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, aholining 50 foizidan 80 foizigacha ba’zi og‘ir jinoyatlar uchun o‘lim jazosini saqlab qolinishini ma’qullashadi. Hozirgi vaqtda dunyoning qator davlatlarida o‘lim jazosi eng og‘ir jazo sifatida qo‘llanib kelinmoqda. Jinoyat kodeksining 51-moddasiga ko‘ra, o‘lim jazosi eng og‘ir jazo bo‘lib, mahkum sud hukmi asosida hayotidan mahrum etiladi. Jinoyat qonuni o‘lim jazosini faqatgina istisno qiluvchi holatlarda (faqat 2 ta jinoyat turi uchun) qo‘llanishini belgilaydi. O‘lim jazosi jazoning tarbiyalash maqsadini amalga oshira olmaydi, balki ijtimoiy adolatni tiklash vazifasini hamda birinchi navbatda mahkum va boshqa shaxslar tomonidan yangi jinoyat sodir etilishining oldini oladi. Otib o‘ldirish tariqasidagi o‘lim jazosi favqulodda jazo chorasi bo‘lib, bu quyidagilarda namoyon bo‘ladi:
ikkinchidan, bu jazoni qonunda ko‘rsatilgan ma’lum bir shaxslarga nisbatan tatbiq etilmasligi. O‘lim jazosi ayollarga, oltmish yoshdan oshgan erkaklarga va o‘n sakkiz yoshga to‘lmasdan jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan tayinlanishi mumkin emas; uchinchidan, o‘lim jazosini qo‘llash bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyat ishlarining taalluqligi. Bu ishlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi jinoyat ishlari bo‘yicha Oliy sudi, jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat va Тoshkent shahar sudining sudloviga taalluqlidir. O‘lim jazosiga hukm qilingan mahkumga afv etishni so‘rab iltimos qilish huquqiga ega ekanligi ham tushuntiriladi. O‘lim jazosi asosiy jazo bo‘lganligi uchun, boshqa asosiy jazo choralari turi bilan qo‘llash mumkin emas. Shuningdek, o‘lim jazo tayinlangan shaxsga nisbatan qo‘shimcha jazo chorasi ham tayinlanmaydi. Bu jazoning o‘ziga xos xususiyati mahkumni jazoning ijrosidan bo‘yin tovlagani uchun boshqa jazo chorasi bilan almashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Erkaklarga nisbatan ushbu jazo turini tayinlashda quyidagilar hisobga olinishi lozim: 1) sudlanuvchi jinoyat sodir etish vaqtida 18 yoshga to‘lmagan bo‘lsa, unga nisbatan o‘lim jazosi tayinlanmaydi; 2) agar hukm chiqarish vaqtida 60 yoshga to‘lgan bo‘lsa, o‘lim jazosi qo‘llanilmaydi. Agar shaxsga nisbatan o‘lim jazosi tayinlangan bo‘lsa, lekin jazoni ijro etish vaqtiga kelib hukm qilingan shaxs 60 yoshga to‘lsa, bunday hollarda jazo ijro etiladimi, savoli tug‘iladi. Bunday hollarda o‘lim jazosi ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirilishi lozim bo‘ladi. Sudlanuvchilarga jazo tayinlashda ularning yoshini hisobga olish insonparvarlik prinsiрlariga asoslangan. Sudlar aybdorga nisbatan o‘lim jazosini qo‘llash masalasini hal qilishda va bu jazo chorasi, nafaqat, ishda javobgarlikni og‘irlashtiradigan alohida holatlar mavjud bo‘lganda va jinoyat sodir etgan shaxs jamiyat uchun mutlaqo xavfli shaxs, deb topilgandagina eng oxirgi chora sifatida tayinlanishi mumkinligini hisobga olishlari zarur. O‘lim jazosini qo‘llash haqida qaror qabul qilayotib, sud hukmining tavsif qismida bunday qarorga kelishning, sodir etilgan jinoyat og‘irligining aniq mazmuni va aybdorning shaxsi bo‘yicha ma’lumotlarni ochib beruvchi asoslarni to‘laligicha keltirish lozim1. O‘lim jazosini ijro etish uchun sudning hukmi, farmoyishi hamda avf etish to‘g‘risidagi iltimosnomani rad etish yoki avf etishni rad etish to‘g‘risidagi xabarnoma asos bo‘ladi2.
Download 1.35 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling