Umumiy ahvolingiz – immunitet faoliyati haqida umumiy holatingizdan kelib chiqib ham bilib olishingiz mumkin. Buning uchun kun davomida organizm va ruhiyatingizdagi o`zgarishlarga diqqat qiling. Holsizlik, quvvatsizlik, mehnat unumdorligining pasayishi organizm zaiflashib borayotganini bildirishi mumkin. Bu holatda shifokor maslahati asqotadi.
Xalq tabobatida immunitetni oshirishda dorivor o‘simliklar ham yaxshi yordam beradi.
Xususan:
• 2 hissa dalachoy(zveroboy) o‘ti, 1 hissa naʼmatak, 1 hissa qora andiz(devyasil) ildizi olinadi-da, obdon aralashtiriladi. Bundan 1 osh qoshiq olib, ustiga 200 ml. sovuq suv qo‘shiladi va qaynash darajasiga yetkaziladi, keyin olovdan olinib, 1 soat davomida dam yediriladi. Suzib olingach, undan 50 ml.dan iliq holida ichib turiladi. Agar ushbu malhamga har safar qabul qilishdan oldin 8 tomchi chakanda moyi qo‘shib ichilsa samarasi yana-da yaxshi bo‘ladi.
• 3 hissadan limon o‘ti, qichitqi o‘t va 1 hissa mavrak(shalfey) o‘tlari olinib, yaxshilab aralashtiriladi. Keyin undan 1 choy qoshiq olib, termosga solinadi. Ustiga yarim litr qaynoq suv qo‘shiladi, keyin 3 soat davomida dam beriladi. So‘ng damlamani suzib, 2 choy qoshiq asal qo‘shiladi-da, har kuni nonushtadan keyin yarim piyoladan – 100 ml.dan ichib turiladi.
• Buldurg‘un(malina) bargidan 4 osh qoshiq olinib, ustiga yarim litr qaynoq suv qo‘shiladi va olovga quyiladi, qaynashi bilanoq olovdan olinadi, 20 daqiqa mobaynida damlashga quyiladi. Keyin qaynatmani suziladi, unga 2 piyola sut va 3 osh qoshiq asal qo‘shilib aralashtiriladi. Bundan kuniga 3-4 mahal yarim piyoladan iliq holida ichib turiladi.
Immunitet pasayishiga olib keluvchi omillar:
Noto‘g‘ri ovqatlanish. Qondagi antitanalar immunoglobulinlar oqsilidan tarkib topgan, ularni me’yorda ishlab chiqarilishi uchun taomnomada go‘sht, tuxum, baliq, sut mahsulotlari, dukkakli o‘simliklar yetarlicha bo‘lishi kerak.
Surunkali stress. Аsabiy charchoq paydo bo‘lganda immunitetni himoya qilish faoliyatini tartibga soluvchi gormonal tizim ishdan chiqadi, natijada immunitet zaiflashadi.
Surunkali uyqusizlik.
Zararli odatlar. Chekish, spirtli ichimliklarni iste’mol qilish, semirish, kam harakat hayot tarzi.
Tashqi muhit. Zararli ishlab chiqarish korxonalari, hovoning ifloslanishi, radiatsiya.
Do'stlaringiz bilan baham: |