O’zbekiston respublikasi xalq ta’lim vazirligi nizomiy nomidagi toshkent davlat pedagogika universiteti tabiiy fanlar fakulteti
Plaunsimonlar bo`limi — Lycopodiophyta
Download 126.68 Kb.
|
Yuksak va tuban o’simliklar
Plaunsimonlar bo`limi — Lycopodiophyta
Plaunsimonlar eng qadimgi o`simliklardan biridir. Ular paleozoy erasining Silur davridan boshlab, Karbon davrida o`z rivojlanishining eng yuqori pog`onasiga yetgan. Karbon davrida plaunsimonlarning baland bo`yli daraxtsimon shakllari keng tarqalgan. Hozirgi paytda esa faqatgina o`tsimon turlarigina yetib kelgan. Plaunsimonlar plaunlar (Lycopodineae) va lepidodendronlar (Lepidodendrineae) sinflariga bo`linadi. Plaunlar sinfi o`tsimon o`simliklarning: plaunsimonlar (Lycopodiales) — teng sporalilar va selaginellalar (Selaginellales) — har xil sporalilar qabilalaridan iborat. Lepidodendronlar sinfiga paleozoy erasida yashagan va keyinchalik yo`qolib ketgan daraxt o`simliklar kiradi. Plaunlarning barcha xarakterli xususiyatlarini o`zida mujassamlashtirgan vakili cho`qmoqli plaun (Licopodium clavatum) hisoblanadi (4-rasm). Bu o`simlik Rossiyada, xususan, uning o`rmon zonasida keng tarqalgan. Cho`qmoqli plaun dixatomik shoxlangan, yer bag`irlab o`sadigan o`simlik bo`lib, ayrim hollarda uning uzunligi 3 m ga qadar boradi. Poyasi bigizsimon barglar bilan qoplangan, uning gorizontal holda yer bag`irlab o`sadigan qismida ancha murakkab tuzilishli, shoxlangan ildizlari bor. Poyasining ichki tuzilishi nisbatan murakkab, uning sirt tomonida og`izchali epidermis joylashgan, epidermis ostida ich tomonidan endodermaga o`xshash po`st bo`ladi. Endodermadan so`ng peritsikl boshlanadi, markazda esa traxeidlardan iborat ksilema joylashgan bo`lib, uni elaksimon naylar va parenxima hujayralaridan shakllangan floema o`rab turadi. Barglari uzun, ensiz, poyada navbatlashib, qarama-qarshi va halqa shaklida joylashgan. Poyaning uchida dixatomik shoxlangan cho`qmoq shaklidagi boshoqlar bo`ladi. Boshoqchaning markazidan o`q o`tadi. Boshoqcha o`qiga qorin qismi kengaygan, qisqa bandli, o`tkir uchli spora saqlovchi barglari o`zining tub qismi bilan birlashgan. Spora barglarning markazida buyraksimon sporangiy joylashgan. Sporangiyning ichi juda ko`plab bir xil kattalikdagi sporalar bilan to`la bo`ladi. Pishib yetilgan sporangiy yorilib, sporalar qulay sharoitga tushishi bilan ulardan plaunning gametofit nasli — o`simta o`sib chiqadi. O`simtaning ostki qismida rizoidlar, ustki qismida jinsiy organlar anteridiy va arxegoniy taraqqiy etadi. Odatda anteridiy o`simtaning markazida, arxegoniy esa uning tashqi qismida joylashgan bo`ladi. Cho`qmoq plaunning gametofiti 15-20 yilga qadar umr ko`radi. Jinsiy organlarning rivojlanishi va urug`lanishi gametofit hayotining ikkinchi yarmida kuzatiladi. Urug`lanishdan so`ng vujudga kelgan zigotadan darhol sporofit murtagi shakllanadi. Ma`lum vaqtdan so`ng sporofit murtagidan cho`qmoq plaunning sporofit nasli hosil bo`ladi. Plaunsimonlar ma`lum darajadagi xo`jalik ahamiyatiga ega, undan olinadigan moy tabobatda, sporasidan olinadigan bo`yoq esa jun va ipakni bo`yash uchun ishlatiladi. Selaginellalar, asosan tropik mintaqalarda soya joylarda o`sadigan o`simliklardir. Ular har xil (tengsiz) sporalar yordamida ko`payishi bilan boshqa qabilaga kiradigan plaunlardan farq qiladi. Selaginella mayda (mikrospora) va yirik spora (makrospora) hosil qiladi. Har xil sporalilik evolyutsion rivojlanishda kata rol o`ynaydi, chunki bu xususiyat ikki xil, ya`ni erkak va urg`ochi o`simta (gametofit) vujudga kelishiga sabab bo`ladi. Selaginellalar biron amaliy ahamiyatga ega emas. Download 126.68 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling