2.1 Psilofitsimonlar bo`limi — Psilophytophyta
(Riniyasimonlar — Rhyniophyta)
Psilofitsimonlar faqat qazilma holda uchraydigan o`simliklardir. Birinchi bor bu o`simliklar quyi devon qatlamlarida D. Duson tomonidan 1859 yilda Kanadada topilgan. Lekin filogenetik sistemada bu o`simlik oradan 50 yildan ortiqroq vaqt o`tgach, 1917 yilda Shotlandiyaning devon qatlamlarida R. Kidston va U. Lang tomonidan qayta topilgandan so`ng o`z o`rnini topdi. Har ikkala holda ham o`simlikni sporofit nasli topilganligi kuzatiladi. Sporofitning vegetativ tanasi dixotomik shoxlangan, poyaga o`xshash, ildizsiz, bargsiz tallomli organlardan iborat.
Bu bo`limning sodda tuzilishli vakillarining yer osti organlari bir hujayrali rizoidlar, uncha-muncha taraqqiy etgan vakillarining yer osti organlari vazifasini esa tallomning shoxlangan yer osti qismi – ildiz poya bajargan. Bularda barg umuman bo`lmagan, lekin yuksak taraqqiy etgan vakillarida barg vazifasini bajaradigan qipiqsimon o`simtalar – fillodiylar bo`lgan.
Vegetativ tanasining ichki tuzilishi juda sodda bo`lib, tananing eng ust qismida bir qavat hujayra dan iborat epidermis, uning ich tomonida ko`p qavatli po`st joylashgan. Poyaning markazida boshlang`ich o`zak tsilindr – prostotel joylashgan. U o`z navbatida floema va ksilemadan tashkil topgan. O`simlikda ikkilamchi yo`g`onlashish kuzatilmaydi.
Tallomning uchida bir hujayrali, cho`ziq, bir xonali sporangiy joylashgan. Sporangiyning devori ko`p qavatli bo`lib, uning ichida arxisporial to`qimalalr taraqqiy etgan. Arxisporial to`qimalardan to`rttadan spora – tetrada vujudga kelgan. Psilofitsimonlarning gametofiti aniqlanmagan. Ularning bitta qabilaga mansub, 5 oila, 20 ga yaqin turkumi ma`lum. Shulardan barqaror aniq vakillari riniya, xorneya, psilofiton va asteroksilon hisoblanadi. Bo`limning riniya (Rhynia major), xorneya (Hornea), psilofiton (Psilophyton), asteroksilon (Asteroxilon) singari vakillari qazilma holda uchraydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |