Paporotniksimonlar bo`limi —Pteropsida
Pteropsida — paporotniksimonlar — makrofilliya bilan, ya`ni barglarining yirik, ko`pincha murakkab tuzilgan bo`lishi hamda bo`g`im oraliqlarining kamroq rivojlanganligi bilan xarakterlanadi. Suv naylari barglarga kiradigan joylarda, poyadagi o`tkazish sistemasida barg uzilishlari yoki rahnalari vujudga keladi. Sporofillarida sporangiylar ko`p bo`ladi. Bu tipga ikki sinf kiradi: 1. Dastlabki (birlamchi) paporotniklar (Primofilices). 2. Paporotniklar (Filicineae).
Filicineae sinfi uchta tartibga bo`linadi: ujovniklar (Ophioglossales), marattiylar (Marattiales) va paporotniklar (Filicales).
Dastlabki paporotniklar sinfi — Primofilices
Primofilices — Pteropsida bo`limining eng qadimgi va sodda tuzilgan vakillari bo`lib, faqat qazilma holidagina ma`lum. Ular paleozoy davrida o`sgan (o`rta devondan boshlab boshlang`ich permgacha) asl paporotniklarga xos belgilari ularda hali yuzaga kelmagan edi. Ularda haqiqiy yirik barglar bo`lmagan, bu o`simliklar bargsiz yoki juda mayda bargli o`simliklar edi. Sporangiylari barglarda turmasdan, psilofitlardagiga o`xshash, novdalarining uchida turar edi. Bu gruppaning eng qadimgi va sodda vakillaridan biri Cladoxylon scopariumdir.
Bu o`simlik dixotomik ravishda shoxlanib, butaga o`xshab o`suvchi yer usti novdalari chiqaradigan kichkina o`simlik edi. Uning o`sha novdalari noto`g`ri dixotomik ravishda shoxlangan mayda-mayda yassi barglar bilan qoplangan bo`lar edi. Novdalarining yuqori qismlarida uchida sporangiy tomirlari bo`ladigan barglari bor edi. Stauropteris Oldhamium ikkinchi misol bo`la oladi. Unda “barglar” o`sib chiqadigan ildiz poyasi bo`lgan. Ammo bu barglar barglardan ko`ra butasimon novdalarga ko`proq o`xshar edi. Ularning tarmoqlari to`rt qator bo`lib joylashgan “patchalar” bilan qoplangan edi. Shularning uchlarida halqasiz sporangiylar turardi. Primofilices tartibiga talaygina vakillar kiradi. Ularning anatomik tuzilishi o`ziga xosdir. Primofilicesning sporangiylari tomirlar uchida erkin joylashgan yoki bir-biri bilan qo`shilib sinangiylarga aylangan. Ularning ko`pchiligida bir necha qator hujayralardan tuzilgan halqasi bo`lgan; sporalari bir xil bo`lgan. Primofilices xozirgi paporotniklarning qadimgi ajdodlari deb xisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |