Yer tuzish loyihasini ko‘rib chiqish va tasdiqlash
Ma’muriy-hududiy birliklarning chegaralarini joyning o‘zida belgilashga doir materiallar, shuningdek istiqbolga mo‘ljallangan hamda loyihalash oldidan yer tuzish ishlariga doir boshqa materiallar qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi va tasdiqlanadi.
Xo‘jaliklararo va xo‘jalik ichidagi yer tuzish loyihalari qishloq xo‘jaligi hamda o‘rmon xo‘jaligi korxonalari, muassasalari va tashkilotlari mol-mulkining mulkdorlari yoki ular vakolat bergan organlar tomonidan ko‘rib chiqiladi va qabul qilinadi, shuningdek manfaatdor tashkilotlar bilan kelishiladi.
Ho‘jaliklararo yer tuzish loyihalari viloyat va Toshkent shahar hokimi tomonidan tasdiqlanadi.
Qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining ichki xo‘jalik yer tuzish loyihalari tuman hokimi tomonidan tasdiqlanadi. Yer tuzish loyihalariga o‘zgartishlar ushbu loyihalarni tasdiqlagan organlarning ruxsati bilan kiritiladi.
Yer tuzishni O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi organlari davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiradi. Qishloq xo‘jalik ekinzorlarini joylashtirish, yerlarni yaxshilash va muhofaza qilish, eroziyaga qarshi va melioratsiya tadbirlarini amalga oshirish borasidagi yer tuzish loyihalarini ishlab chiqish yuridik va jismoniy shaxslarning talabnomalariga muvofiq ular hisobidan amalga oshirilishi mumkin.
[OKOZ:
1.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.03.00.00 Erdan foydalanish va muhofaza qilish / 11.03.04.00 Erning davlat hisobi. Davlat yer kadastri. Er monitoringi]
Yer monitoringi
Yer monitoringi yer tarkibidagi o‘zgarishlarni o‘z vaqtida aniqlash, yerlarga baho berish, salbiy jarayonlarning oldini olish va oqibatlarini tugatish uchun yer fondining holatini kuzatib turish tizimidan iborat.
Davlat yer kadastrini yuritishni, yerdan foydalanishni, yer tuzishni, yer fondidan belgilangan maqsadda va oqilona foydalanish ustidan davlat nazoratini amalga oshirishni, yerlarni muhofaza qilishni axborot bilan ta’minlash yer monitoringi asosida amalga oshiriladi.
Yer monitoringini o‘tkazish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
[OKOZ:
1.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.03.00.00 Erdan foydalanish va muhofaza qilish / 11.03.04.00 Erning davlat hisobi. Davlat yer kadastri. Er monitoringi]
Do'stlaringiz bilan baham: |