Oʻzbekiston Respublikasidagi iqtisodiy, Ijtimoiy-siyosiy voqealarga doir maʼlumotlar


Oʻzbekiston Prezidenti BAA bilan innovatsion hamkorlikni rivojlantirish muhimligini qayd etdi


Download 64.81 Kb.
bet2/8
Sana30.04.2023
Hajmi64.81 Kb.
#1405889
1   2   3   4   5   6   7   8
Bog'liq
30-hafta

Oʻzbekiston Prezidenti BAA bilan innovatsion hamkorlikni rivojlantirish muhimligini qayd etdi


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklari Hukumat ishlari boʻyicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviy boshchiligidagi delegatsiya bilan 4-aprel kuni oʻtkazilgan uchrashuvida yuqori texnologiyalar, sunʼiy intellekt, raqamlashtirish, shahar infratuzilmasini modernizatsiya qilish borasidagi aniq loyiha va dasturlarni amalga oshirish istiqbollari, hududlarning savdo-investitsiyaviy salohiyatini roʻyobga chiqarish va boshqa masalalar koʻrib chiqildi.
Davlatimiz rahbari ushbu yoʻnalishlar boʻlajak oliy darajadagi ikki tomonlama sammit kun tartibining asosini tashkil etishi lozimligini qayd etdi
Bundan tashqari, amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish, boshqaruvda professional kadrlarni va dasturchilarni tayyorlash, elektron hukumatni joriy qilish yoʻnalishlarida va boshqa sohalarda oʻzaro foydali hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdorlik bildirildi.
Vazir al-Gargaviy davlatimiz rahbariga Amirliklar Prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon hamda mamlakat Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amiri Shayx Muhammad Ol Maktumning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Uchrashuv soʻngida Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan joriy dasturlarni jadallashtirish va istiqbolli loyihalarni tayyorlashni nazarda tutuvchi “yoʻl xaritasi”ni yangilash yuzasidan topshiriqlar berildi.
Yakunda vazir al-Gargaviyga Oʻzbekiston va BAA oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlarni kengaytirishga qoʻshgan katta hissasi va Yangi Oʻzbekistondagi islohotlar dasturini har tomonlama qoʻllab-quvvatlagani uchun davlatimizning yuksak mukofoti – “Doʻstlik” ordeni topshirildi.


Aholini uy-joy bilan taʼminlash koʻlami yanada kengayadi


Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 5-aprel kuni yangi uy-joylar qurilishi va 2023-yilgi ipoteka dasturi boʻyicha ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.
Soʻnggi olti yilda mamlakatimiz aholisi 5 million 500 ming nafarga oʻsib,
36 milliondan oshdi. Ularga munosib turmush sharoitlari yaratish maqsadida turar joylar qurilmoqda.
Xususan, 2017-yildan boshlab, 326 mingta yangi uylar foydalanishga topshirilgan. Bu davrda uy-joy bilan taʼminlash aholi jon boshiga 18 foizga oshgan.
Buning uchun soʻnggi uch yilda banklar 210 ming oilaga 33 trillion soʻmlik ipoteka kreditlari ajratgan. Ehtiyojmand 73 ming oilaga boshlangʻich badal va foiz toʻlovlari uchun 1,3 trillion soʻm subsidiya berilgan.
Sohaga bozor tamoyillari joriy qilingani natijasida yuzlab xususiy buyurtmachi kompaniyalar shakllandi. Yigʻma temir-betonli koʻp qavatli uylar quruvchi 11 ta yirik klaster paydo boʻldi. Tadbirkorlarga sharoit yaratilgani tufayli sement, gazoblok, kafel, keramogranit ishlab chiqarish koʻpayib, ularning narxi ancha arzonlashdi.
Bu ishlar izchil davom ettirilib, oʻtgan yili 60 ming xonadonli koʻp qavatli uylar barpo etildi. 31 ta hududda “Yangi Oʻzbekiston” massivlarini qurish dasturi boshlandi.
Yigʻilishda, avvalo, ushbu dastur ijrosi tanqidiy muhokama qilindi. Andijon va Xorazmda yer toʻgʻri tanlangani, infratuzilma yaratilgani natijasida qurilish jadal ketayotgani, lekin qolgan viloyatlarda bu ishlar kechikayotgani koʻrsatib oʻtildi. Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Fargʻona va Toshkent viloyati hokimlarining qurilish boʻyicha oʻrinbosarlariga nisbatan intizomiy chora koʻrildi. Mutasaddilarga infratuzilma, qurilish va sotuv bilan bogʻliq masalalarni hal qilishga oid topshiriqlar berildi.
Umuman, joriy yilda uy-joy qurish hajmini 1,5 baravar oshirib, 90 mingga yetkazish rejalashtirilgan. Davlatimiz rahbari bu ishlar har bir viloyat iqtisodiy koʻrsatkichlari oʻsishiga katta turtki berishini taʼkidladi. Shu bois aholi va quruvchilar uchun 4 ta yoʻnalishda yangi yengillik va imkoniyatlar belgilandi.
Birinchidan, koʻproq aholini qamrab olish maqsadida rasmiy daromadi yetarli boʻlmagan aholiga ham ipoteka krediti olish imkoni yaratiladi. Ularning toʻlov qobiliyatini aniqlashda bank kartasidagi aylanma, ijara, kommunal va boshqa xarajatlarga toʻlangan pullari ham hisobga olinadi.
Dastlabki badalni koʻproq toʻlagan fuqarolar bankdan arzonroq kredit olish imkoniyatiga ega boʻladi. Subsidiyaga ajratilgan mablagʻlarni tezroq ishlatish uchun subsidiya xabarnomasining amal qilish muddati 12 oydan 4 oyga tushiriladi. Shu bilan birga, bu oylar davomida sertifikatidan foydalanmagan fuqarolarga subsidiya olish uchun yana qayta murojaat qilish huquqi beriladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga ipoteka krediti uchun mablagʻ hamda subsidiya ajratish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Aholini arzon uy-joylar bilan taʼminlashga qaratilgan yana bir loyiha – “Mening birinchi uyim” dasturi. Buning uchun Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi huzurida maxsus uy-joy kompaniyasi tashkil etiladi. Toshkent viloyati Zangiota tumanidan 36 gektar yer ajratilib, 58 ta koʻp qavatli uy, ijtimoiy muassasalar, koʻngilochar maskanlar quriladi. Bunda tadbirkorlarga savdo va tijorat maydonlarini bozor narxida sotish orqali uy-joylar narxini arzonlashtirishga erishiladi.
Mutasaddilarga ushbu shaharchaning master rejasini yakunlab, ekspert va jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazish vazifasi qoʻyildi.
Ikkinchidan, qurilish tannarxini pasaytirish uchun yogʻoch, fanera, yogʻochli opalubka va oynani import qilishda 2025-yilga qadar bojxona boji bekor qilinadi. Yuqori markali sement boʻyicha bojxona boji imtiyozi yana 1 yilga uzaytiriladi. Buning hisobiga uy-joy qurish tannarxi 5 foizgacha pasayadi.
Pudratchi tashkilotlarga qurilayotgan uyni qavatma-qavat garovga qoʻyish va har bir qavati uchun kredit olish huquqi hamda quruvchi kompaniyalarga har bir koʻp qavatli uy uchun kompensatsiya va kafillik beriladi.
Banklar beradigan kreditlarni davlat tomonidan qayta moliyalash amaliyoti davom ettiriladi.
Uchinchidan, uy-joylarning oʻz vaqtida foydalanishga topshirilishi va xaridorgirligida kommunikatsiya asosiy masala. Shu bois Iqtisodiyot va moliya vazirligiga infratuzilma uchun zarur mablagʻ ajratish, viloyat hokimlariga yangi massivlarda ichki yoʻllarni qurish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Eski uylar koʻp boʻlgan shaharlarda renovatsiya dasturiga talab ortmoqda. Davlatimiz rahbari buning huquqiy poydevori boʻlishi kerakligini taʼkidlab, “Renovatsiya toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ishlab chiqishni taklif etdi.
Yana bir masala – bugungi kunda koʻp joylardagi qurilishlar ularning infratuzilmasi quvvatiga mutanosib emas. Misol uchun, Toshkent shahrining aholisi har yili 100 mingga koʻpaymoqda, yiliga qoʻshimcha 20 ming xonadonga ehtiyoj bor. Shahar oqova suv tozalash inshootlari quvvatidan ancha ortiq yuklama bilan ishlayapti.
Shuning uchun endi suv, oqova, elektr, gaz, yoʻl infratuzilmasini yaxshilashga investor-developerlar ham jalb qilinishi mumkinligi aytildi.
Toʻrtinchidan, bu yil 90 mingta uy-joy rejasi qurilish materiallari korxonalari uchun katta bozor. Lekin temir-beton ishlab chiqaruvchi 3 mingga yaqin korxonaning yarmida laboratoriya yoʻqligi qayd etildi.
Prezidentimiz bu mahsulotlar uylar sifatiga taʼsir qiluvchi asosiy omil ekanini taʼkidlab, barcha shunday korxonalarda zamonaviy laboratoriyalar tashkil qilish talabini qoʻydi.
Soʻnggi oylarda dunyoda ham, mintaqamizda ham seysmik faollik kuzatilayapti. Shu bois 1-maydan boshlab, qurilish moʻljallangan maydonda muhandislik-geologik ekspertiza oʻtkazish majburiy boʻlishi, seysmik xavfsizlik talablari yuqori boʻlgan bino-inshootlar faqat reytingi baland korxonalar tomonidan qurilishi belgilandi.
Davlatimiz rahbari shaharlarning drenaj tizimida yuzaga kelayotgan muammolarga ham toʻxtalib, buni hal etish boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Ipoteka – ham ijtimoiy, ham iqtisodiy jihatdan muhim masala. Shuning uchun qurilish ishlarini jadallashtirib, xalqimizga uylarni sifatli qilib topshirish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan Bosh vazir va uning oʻrinbosarlari, vazirlar va hokimlar axborot berdi.



Download 64.81 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling