356-modda. Hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish tartibi
Hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish to‘g‘risidagi ariza ushbu Kodeksda nazarda tutilgan qoidalarga binoan sudya tomonidan yakka tartibda ko‘rib chiqiladi.
Sudya ishni hakamlik muhokamasi tarafining iltimosnomasiga binoan ijro varaqasi so‘ralayotgan ish materiallarini hakamlik sudidan ushbu Kodeksda dalillarni talab qilib olish uchun nazarda tutilgan qoidalar bo‘yicha talab qilib olishi mumkin.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha sud hakamlik muhokamasi taraflarini sud majlisining vaqti va joyi to‘g‘risida xabardor qiladi. Sud majlisining vaqti va joyi haqida zarur tarzda xabardor qilingan mazkur shaxslarning kelmaganligi ishni ko‘rib chiqish uchun to‘sqinlik qilmaydi.
Sud ishni sud majlisida ko‘rib chiqayotganda hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berishni rad etish uchun ushbu Kodeksning 357-moddasida nazarda tutilgan asoslar mavjudligini yoki mavjud emasligini bildirilgan talablar va e’tirozlarni asoslash uchun fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga taqdim etilgan dalillarni tekshirish yo‘li bilan aniqlaydi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha sud ishni sud majlisida ko‘rib chiqayotganda hakamlik sudi aniqlagan holatlarni tekshirishga yoxud hakamlik sudining hal qiluv qarorini mazmunan qayta ko‘rib chiqishga haqli emas.
Agar hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish to‘g‘risidagi ariza ushbu Kodeks 349-moddasining uchinchi qismida ko‘rsatilgan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudning ish yurituvida bo‘lsa, mazkur hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish to‘g‘risidagi ariza ko‘rib chiqilayotgan sud hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqishni qarzdorning iltimosnomasiga binoan keyinga qoldirishi mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 22-bobi, O‘zbekiston Respublikasining 16.10.2006-yildagi “Hakamlik sudlari to‘g‘risida”gi Qonuni 52-moddasi.
Do'stlaringiz bilan baham: |