336-modda. Hujjatni saqlovchiga nisbatan da’vo taqdim etmaslik oqibatlari
Agar arizachi ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oylik muddat o‘tguniga qadar hujjatni saqlovchiga nisbatan da’vo taqdim etmasa, sudya ushbu Kodeksning 332-moddasiga muvofiq ko‘rilgan choralar o‘z kuchini yo‘qotganligi to‘g‘risida ajrim chiqaradi va hujjat bergan muassasani bu haqda xabardor qiladi. Hujjatni saqlovchi bunday choralar ko‘rilishi natijasida o‘ziga yetkazilgan zararni arizachidan undirish huquqiga ega.
337-modda. Ishni ko‘rib chiqishga tayinlash
Agar ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oylik muddat o‘tguniga qadar hujjatni saqlovchidan ariza kelib tushmasa, sud ishni ko‘rib chiqishga tayinlaydi.
Ish ko‘rib chiqiladigan kun to‘g‘risida arizachi ham, hujjatni bergan muassasa ham xabardor qilinadi. Biroq ularning kelmaganligi ishni ko‘rib chiqishga to‘sqinlik qilmaydi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 225, 233, 240-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 13.11.1992-yildagi 56-sonli “Taqdim etuvchiga deb berilgan hujjatlar yo‘qolgan taqdirda ularga bo‘lgan huquqlarni tiklash (chaqirib ish yurgizish) haqidagi arizalarning sudlar tomonidan ko‘rilishi to‘g‘risida”gi qarorining 4-bandi.
338-modda. Ishni hal qilish
Ishni ko‘rib chiqqach, sud hal qiluv qarori chiqaradi. Sud arizani qanoatlantirgan taqdirda hal qiluv qarorida taqdim etuvchiga deb berilgan yo‘qolgan hujjat haqiqiy emasligini ko‘rsatadi. Bu hal qiluv qarori arizachiga omonatni yoki haqiqiy emas deb topilgan hujjat o‘rniga yangisini berish uchun asos bo‘ladi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 249, 251, 253-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 13.11.1992-yildagi 56-sonli “Taqdim etuvchiga deb berilgan hujjatlar yo‘qolgan taqdirda ularga bo‘lgan huquqlarni tiklash (chaqirib ish yurgizish) haqidagi arizalarning sudlar tomonidan ko‘rilishi to‘g‘risida”gi qarori 9 — 11-bandlari.
Do'stlaringiz bilan baham: |