36-bob. Taqdim etuvchiga deb berilgan hujjatlar yo‘qolgan taqdirda ular bo‘yicha huquqlarni tiklash (chaqirib ish yuritish)
331-modda. Ariza berish
Shaxs pul mablag‘lari qo‘yilganligi haqida yoki qimmatli narsalar yoxud davlat zayomi obligatsiyalari saqlash uchun topshirilganligi to‘g‘risida bank tomonidan taqdim etuvchiga berilgan qiymatli hujjatni yo‘qotgan taqdirda, shuningdek qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda, suddan yo‘qolgan hujjatni haqiqiy emas deb topish va yo‘qolgan hujjat bo‘yicha huquqlarini tiklash to‘g‘risida iltimos qilishi mumkin.
Ish taqdim etuvchiga deb hujjat bergan muassasa joylashgan hududdagi sud tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Arizada hujjat qanday vaziyatda yo‘qolganligi, taqdim etuvchiga deb hujjat bergan muassasaning, hujjatning nomi ko‘rsatilgan bo‘lishi, hujjatning alohida belgilari va yo‘qolgan hujjatni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi iltimos bayon qilinishi kerak.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 293-moddasi 9-bandi, 332 — 333-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 13.11.1992-yildagi 56-sonli “Taqdim etuvchiga deb berilgan hujjatlar yo‘qolgan taqdirda ularga bo‘lgan huquqlarni tiklash (chaqirib ish yurgizish) haqidagi arizalarning sudlar tomonidan ko‘rilishi to‘g‘risida”gi qarori 1, 2, 5, 8-bandlari.
332-modda. Sudyaning arizani qabul qilganidan keyingi harakatlari
Sudya arizani qabul qilganidan keyin:
ariza beruvchining hisobidan ommaviy axborot vositalarida e’lon chiqarish to‘g‘risida;
taqdim etuvchiga deb hujjat bergan muassasaning yo‘qolgan hujjat bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirishini va pul berishini ish sudda ko‘rilguniga qadar taqiqlash haqida ajrim chiqaradi.
Sud ajrimining ko‘chirma nusxasi hujjatni bergan muassasaga yuboriladi.
Ajrim chiqarish rad etilganligi ustidan xususiy shikoyat berilishi yoki xususiy protest keltirilishi mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 105-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 13.11.1992-yildagi 56-sonli “Taqdim etuvchiga deb berilgan hujjatlar yo‘qolgan taqdirda ularga bo‘lgan huquqlarni tiklash (chaqirib ish yurgizish) haqidagi arizalarning sudlar tomonidan ko‘rilishi to‘g‘risida”gi qarori 3-bandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |