V BO‘LIM. SUD HUJJATLARINING IJROSI
446-modda. Sud hujjatlarini ijroga qaratish
Sud hujjatlari ular qonuniy kuchga kirgandan keyin ijroga qaratiladi, bundan uning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda darhol ijro etilishi hollari mustasno.
Sud hujjatining majburiy ijrosi, agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, sud tomonidan beriladigan ijro varaqasi asosida amalga oshiriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 6, 170, 178 — 180, 255, 265, 270-moddalari, O‘zbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2009-yil 10-apreldagi 06/196-sonli “Sud hujjatlarini ijro etishga oid qonun hujjatlarini qo‘llash bo‘yicha sud amaliyotining ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori.
447-modda. Ijro varaqasi
Ijro varaqasi sud tomonidan berilgan, undiruvchining sud hujjatini majburiy ijro etishga bo‘lgan huquqini tasdiqlovchi hujjatdir.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 6, 170, 178 — 180, 249, 255 — 259, 262, 265, 270, 446-moddalari, O‘zbekiston Respublikasining 29.08.2001-yildagi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonuni 7, 8-moddalari.
448-modda. Ijro varaqasi berish
Har bir sud hujjati bo‘yicha bitta ijro varaqasi beriladi. Biroq, agar ijro turli joylarda yoki bir nechta undiruvchining foydasiga amalga oshiriladigan bo‘lsa, sud undiruvchilarning iltimosiga binoan ijro joyini yoxud hal qiluv qarori ijrosining har bir ijro varaqasiga tegishli qismini aniq ko‘rsatgan holda bir necha ijro varaqasi beradi.
Bir nechta javobgardan pul summalarini undirish to‘g‘risidagi hal qiluv qarori asosida javobgarlarning soni bo‘yicha bir nechta ijro varaqasi beriladi. Bunda, agar solidar javobgarlardan undirish nazarda tutilayotgan bo‘lsa, har bir ijro varaqasida undiruvning umumiy summasi ko‘rsatilishi va solidar javobgar ekanligi ko‘rsatilgan holda javobgarlarning hammasi sanab o‘tilishi kerak.
Ijro varaqasi sud hujjatini qabul qilgan sud tomonidan beriladi.
Ijro varaqasi undiruvchiga beriladi yoki sud hujjati qonuniy kuchga kirgandan so‘ng besh kun ichida undiruvchining iltimosnomasiga ko‘ra davlat ijrochisiga ijro etish uchun yuboriladi, bundan sud hujjati chiqarilishi bilanoq ijro varaqasi berilib, darhol ijro etiladigan hollar mustasno.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 6, 446, 447-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 10.04.2009-yildagi 06/196-sonli “Sud hujjatlarini ijro etishga oid qonun hujjatlarini qo‘llash bo‘yicha sud amaliyotining ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori 3-bandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |