451-modda. Ijro varaqasini ijroga taqdim etish muddati
Sudning hal qiluv qarori majburiy tartibda ijro etish uchun, agar qonunda boshqa muddat belgilanmagan bo‘lsa, u qonuniy kuchga kirgan paytdan e’tiboran uch yil ichida taqdim etilishi mumkin.
Davriy to‘lovlarni undirish uchun berilgan ijro varaqalari bu to‘lovlar undiriladigan butun davr ichida ijroga taqdim etilishi mumkin. Ijro varaqasi ijroga taqdim etilguniga qadar o‘tgan vaqt uchun davriy to‘lovlar ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan muddatlar doirasida undiriladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan muddatlarning o‘tishi har bir to‘lov muddati tugagan kundan e’tiboran boshlanadi.
Agar sud tomonidan ijro varaqasi berilguniga qadar sud hujjatining ijrosi kechiktirilgan yoki bo‘lib-bo‘lib ijro etilishiga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, unda ijro varaqasini taqdim etish muddati qaysi vaqtdan boshlanishi ko‘rsatiladi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 447-moddasi, O‘zbekiston Respublikasining 29.08.2001-yildagi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonuni 27-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 10.04.2009-yildagi 06/196-sonli “Sud hujjatlarini ijro etishga oid qonun hujjatlarini qo‘llash bo‘yicha sud amaliyotining ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori 10-bandi ikkinchi xatboshisi.
452-modda. Ijro varaqasini ijroga taqdim etish muddatining uzilishi
Ijroga taqdim etish muddati, agar qonunda boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, ijro varaqasining ijroga taqdim etilishi, shuningdek hal qiluv qarorining qisman ijro etilishi bilan uziladi.
Muddat uzilgandan so‘ng uning o‘tishi yangidan boshlanadi, bunda oldingi o‘tgan vaqt yangi muddatga qo‘shib hisoblanmaydi. Ijro varaqasi to‘liq yoki qisman undirilmay qaytarilgan taqdirda, ijro varaqasini ijroga taqdim etish uchun yangi muddatni hisoblash ijro varaqasi undiruvchiga qaytarilgan kundan e’tiboran boshlanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 448, 451-moddalari.
Do'stlaringiz bilan baham: |