457-modda. Ijro varaqasini qaytarib olish va yangi ijro varaqasi berish
Sud o‘zi tomonidan yozuvdagi xatolar, arifmetik xatolar bilan berilgan, shuningdek o‘zgartirilgan (bekor qilingan) sud hujjati asosida berilgan ijro varaqasini undiruvchining, qarzdorning, davlat ijrochisining arizasiga yoki o‘zining tashabbusiga ko‘ra taraflarni chaqirmagan va sud muhokamasini o‘tkazmagan holda qaytarib olishga hamda uning o‘rniga yangi ijro varaqasini berishga haqli.
Yozuvdagi xatolar, arifmetik xatolar bilan berilgan yoki o‘zgartirilgan (bekor qilingan) sud hujjati asosida berilgan ijro varaqasi uni bergan sudga undiruvchi yoki davlat ijrochisi tomonidan ijro etilmasdan qaytariladi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 448, 449, 451-moddalari, O‘zbekiston Respublikasining 29.08.2001-yildagi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunining 24-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 10.04.2009-yildagi 06/196-sonli “Sud hujjatlarini ijro etishga oid qonun hujjatlarini qo‘llash bo‘yicha sud amaliyotining ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori 10-bandi.
458-modda. Qaytarma ijro
Ijro etilgan sud hujjati bekor qilingan va ish yangidan ko‘rib chiqilganidan keyin talablarni qanoatlantirishni to‘liq yoki qisman rad etish to‘g‘risida hal qiluv qarori qabul qilingan yoxud ish yuritishni tugatish to‘g‘risida yoki arizani ko‘rmasdan qoldirish to‘g‘risida ajrim chiqarilgan taqdirda, bekor qilingan sud hujjati bo‘yicha javobgardan da’vogarning foydasiga undirilgan narsalarning barchasi javobgarga qaytarib berilishi lozim (hal qiluv qarorining qaytarma ijrosi).
Agar ijro etilmagan sud hujjati bekor qilingan yoki o‘zgartirilgan bo‘lsa va da’voni to‘liq yoxud qisman rad etish to‘g‘risida yangi sud hujjati qabul qilingan bo‘lsa yoki ishni yuritish tugatilgan yoki da’vo ko‘rmasdan qoldirilgan bo‘lsa, sud sud hujjatining bekor qilingan yoxud o‘zgartirilgan tegishli qismi bo‘yicha undirishni to‘liq yoki qisman tugatish to‘g‘risidagi sud hujjatini qabul qiladi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 459 — 461-moddalari.
Do'stlaringiz bilan baham: |