453-modda. Ijro varaqasini ijroga taqdim etishning o‘tkazib yuborilgan muddatini tiklash
Ijro varaqasini ijroga taqdim etishning o‘tkazib yuborilgan muddati, agar qonunda boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, sud uzrli deb topgan sabablarga ko‘ra tiklanishi mumkin.
O‘tkazib yuborilgan muddatni tiklash to‘g‘risidagi ariza sud hujjatini chiqargan sudga yoki u ijro etiladigan joydagi sudga beriladi. Ariza sudga kelib tushgan kundan e’tiboran o‘n kun ichida sud majlisida, ishda ishtirok etuvchi shaxslarni xabardor qilgan holda ko‘riladi, biroq bu shaxslarning kelmaganligi o‘tkazib yuborilgan muddatni tiklash to‘g‘risidagi masalani hal qilish uchun to‘sqinlik qilmaydi.
Arizani ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha ajrim chiqarilib, u undiruvchi va qarzdorga yuboriladi.
O‘tkazib yuborilgan muddatni tiklash rad qilinganligi ustidan xususiy shikoyat (protest) berilishi mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 448, 451-moddalari, O‘zbekiston Respublikasining 29.08.2001-yildagi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonuni 27, 29-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 10.04.2009-yildagi 06/196-sonli “Sud hujjatlarini ijro etishga oid qonun hujjatlarini qo‘llash bo‘yicha sud amaliyotining ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori 7-bandi.
454-modda. Hal qiluv qarorining ijrosini kechiktirish yoki uning bo‘lib-bo‘lib ijro etilishi, uni ijro etish usuli va tartibini o‘zgartirish
Sud hujjatining ijrosini qiyinlashtiradigan obyektiv holatlar mavjud bo‘lgan taqdirda, sud undiruvchining, qarzdorning yoki davlat ijrochisining arizasiga binoan hal qiluv qarorining ijrosini kechiktirishga yoxud uning bo‘lib-bo‘lib ijro etilishiga yo‘l qo‘yishga, uni ijro etish usuli va tartibini o‘zgartirishga haqli.
Agar vakolatli davlat organining qarorida yoki taraflarning kelishuvida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, sud hujjatining ijrosini kechiktirish yoxud bo‘lib-bo‘lib ijro etish uchun ko‘pi bilan bir yil muddat berilishi mumkin.
Qarzdorga sud hujjatining ijrosini kechiktirish yoki uning bo‘lib-bo‘lib ijro etilishiga yo‘l qo‘yish chog‘ida, sud ushbu Kodeksning 9-bobida nazarda tutilgan tartibda uning ijrosini ta’minlash choralarini ko‘rishi mumkin.
Sud hujjatining ijrosini kechiktirish yoki uni bo‘lib-bo‘lib ijro etish, uni ijro etish usuli va tartibini o‘zgartirish haqidagi ariza kelib tushgan kundan e’tiboran o‘n kunlik muddatda sud tomonidan ko‘riladi.
Arizani ko‘rish natijalari bo‘yicha ajrim chiqarilib, uning ko‘chirma nusxasi undiruvchiga, qarzdorga, shuningdek sud hujjatining ijrosi davlat ijrochisining ish yurituvida bo‘lgan taqdirda, davlat ijrochisiga yuboriladi.
Ajrim ustidan ushbu Kodeksda belgilangan tartibda shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 447-moddasi, O‘zbekiston Respublikasining 29.08.2001-yildagi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunining 32-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 10.04.2009-yildagi 06/196-sonli “Sud hujjatlarini ijro etishga oid qonun hujjatlarini qo‘llash bo‘yicha sud amaliyotining ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori 9-bandi, 12-bandi birinchi xatboshisi.
Do'stlaringiz bilan baham: |