196-modda. Bir nechta talabni birlashtirish
Da’vogar bitta arizada o‘zaro bog‘liq bo‘lgan bir nechta talabni birlashtirishga haqli.
197-modda. Sudyaning bir turdagi ishlarni birlashtirish huquqi
Sudya mazkur sudning ish yuritishida ayni bir taraflar ishtirok etayotgan bir turdagi bir nechta ish yoxud bir shaxsning turli javobgarlarga yoki bir nechta da’vogarning ayni bitta javobgarga nisbatan arizalari bo‘yicha bir nechta ish mavjudligini aniqlasa, bu ishlarni birgalikda ko‘rish uchun bitta ish yuritishga birlashtirishga, agar bunday birlashtirish ishning o‘z vaqtida va to‘g‘ri hal qilinishiga olib kelsa, haqli.
Ishlarni birlashtirish to‘g‘risida ajrim chiqariladi.
Birlashtirilgan ishlarni ko‘rish muddati keyinroq qo‘zg‘atilgan ish bo‘yicha belgilanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 27, 45, 196-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2019-yil 25-oktabrdagi 19-sonli “Fuqarolik ishlari bo‘yicha birinchi instansiya sudining ajrimlari to‘g‘risida”gi qarorining 3-bandi birinchi, oltinchi xatboshilari, 16-bandi birinchi, beshinchi xatboshilari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 24-avgustdagi 26-sonli “Fuqarolik ishlarini sud muhokamasiga tayyorlash to‘g‘risida”gi qarorining 18-bandi.
198-modda. Bir nechta talabni alohida ish yuritishga ajratish
Agar arizani ko‘rayotgan sudya talablarni ajratib ko‘rishni maqsadga muvofiq deb topsa, u birlashtirilgan talablardan birini yoki bir nechtasini alohida ish yuritishga ajratishga haqli.
Bir nechta da’vogar tomonidan yoki bir nechta javobgarga nisbatan talablar taqdim etilgan taqdirda, arizani ish yuritishga qabul qilish va ishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilayotgan sudya, agar talablarni ajratib ko‘rishni maqsadga muvofiq deb topsa, bir yoki bir nechta talabni alohida ish yuritishga ajratishga haqli.
Talablarning bir qismini alohida ish yuritishga ajratish masalasi bo‘yicha ajrim chiqariladi.
Ajratilgan talab bo‘yicha ish ko‘rish muddati ajrim chiqarilgan kundan boshlab hisoblanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 27, 196 — 198-moddalari, 204-moddasi birinchi qismi 11-bandi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2019-yil 25-oktabrdagi 19-sonli “Fuqarolik ishlari bo‘yicha birinchi instansiya sudining ajrimlari to‘g‘risida”gi qarorining 3-bandi birinchi, oltinchi xatboshilari, 16-bandi birinchi, beshinchi xatboshilari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 24-avgustdagi 26-sonli “Fuqarolik ishlarini sud muhokamasiga tayyorlash to‘g‘risida”gi qarorining 18-bandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |