213-modda. Sud protsessi ishtirokchilarining kelgan-kelmaganligini tekshirish
Sud majlisining kotibi mazkur ish bo‘yicha chaqirilganlardan kimlar kelganligini, kelmaganlarga sudning chaqiruv qog‘ozlari yoki boshqa xabarnomalar topshirilgan-topshirilmaganligini (yetkazib berilganligini) va ularning kelmaganligi sabablari to‘g‘risida qanday ma’lumotlar borligini sudga ma’lum qiladi.
Sud kelganlarning shaxsini aniqlaydi, shuningdek mansabdor shaxslar va vakillarning vakolatini tekshiradi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 65 — 69, 160, 162-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 14-sonli “Birinchi instansiya sudi tomonidan fuqarolik protsessual qonun normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorining 12-bandi.
214-modda. Tarjimonga uning vazifalarini tushuntirish
Raislik qiluvchi tarjimonga uning vazifasi sud ishi yuritilayotgan tilni bilmaydigan shaxslarning tushuntirishlarini, ko‘rsatuvlarini, arzlarini, tilni bilmaydigan shaxslarga esa tushuntirishlarning, ko‘rsatuvlarning, arzlarning, o‘qib eshittiriladigan hujjatlarning mazmunini, shuningdek raislik qiluvchining farmoyishlarini, ish bo‘yicha sudning hal qiluv qarori va ajrimini tarjima qilib berishdan iborat ekanligini tushuntiradi.
Raislik qiluvchi tarjimonni bila turib yolg‘on tarjima qilganlik uchun O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 238-moddasiga muvofiq javobgar bo‘lishi to‘g‘risida ogohlantiradi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 54, 63, 64-moddalari.
215-modda. Guvohlarni sud majlisi zalidan chiqarib yuborish
Guvohlarning kelgan-kelmaganligi tekshirilgach, ular sud majlisi zalidan chiqarib yuboriladi. Raislik qiluvchi sud tomonidan so‘roq qilingan guvohlar so‘roq qilinmagan guvohlar bilan muomalada bo‘lmasligi uchun choralar ko‘radi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 56, 57, 224, 229-moddalari.
216-modda. Sud tarkibini e’lon qilish va rad qilish huquqini tushuntirish
Raislik qiluvchi sudning tarkibini e’lon qiladi, prokuror, ekspert, mutaxassis, tarjimon, sud majlisining kotibi sifatida kimlar ishtirok etayotganligini ma’lum qiladi va ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ularning rad qilish to‘g‘risida ariza berish huquqini tushuntiradi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 17, 21 — 25-moddalari.
Do'stlaringiz bilan baham: |