217-modda. Ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ularning huquqlari va majburiyatlarini tushuntirish
Raislik qiluvchi ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ularning protsessual huquqlari va majburiyatlarini tushuntiradi. Bu haqda sud majlisining bayonnomasida ko‘rsatiladi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 39, 40, 44, 51, 53-moddalari.
218-modda. Ekspert hamda mutaxassisga ularning huquq va majburiyatlarini tushuntirish
Raislik qiluvchi ekspert hamda mutaxassisga ularning huquq va majburiyatlarini tushuntiradi, ekspertni bila turib yolg‘on xulosa berganlik uchun O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 238-moddasiga muvofiq javobgar bo‘lishi to‘g‘risida ogohlantiradi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 59, 60, 62-moddalari.
219-modda. Sudning ishda ishtirok etuvchi shaxslarning iltimosnomalarini hal qilishi
Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning yangi dalillarni talab qilib olish to‘g‘risidagi va ishni muhokama qilish bilan bog‘liq boshqa barcha masalalar bo‘yicha iltimosnomalari ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning fikr-mulohazalari eshitilganidan keyin sudning ajrimi bilan hal qilinadi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 39, 40-moddalari, 72-moddasi uchinchi qismi, 82, 91-moddalari.
220-modda. Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning sud majlisiga kelmaganligi oqibatlari
Ishda ishtirok etuvchi shaxslardan birortasi sud majlisiga kelmagan taqdirda, ularga sudning chaqiruv qog‘ozi yoki boshqa xabarnomalar topshirilganligi (yetkazib berilganligi) to‘g‘risidagi ma’lumot mavjud bo‘lmasa, sud ish muhokamasini keyinga qoldiradi.
Agar ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud majlisining vaqti va joyi to‘g‘risida tegishli tarzda xabardor qilingan bo‘lib, sud uzrli deb topgan sabablarga ko‘ra kelmagan bo‘lsa, sud ish muhokamasini keyinga qoldiradi.
Taraflar kelmaslik sabablari to‘g‘risida sudni xabardor qilishi va bu sabablarning uzrliligiga dalillar taqdim etishi shart. Agar javobgarning kelmaganligi sabablari to‘g‘risida ma’lumotlar mavjud bo‘lmasa yoki sud kelmaganlik sabablarini uzrsiz deb topsa yoxud javobgar ish yuritilishini qasddan cho‘zayotgan bo‘lsa, sud ishni ko‘rishga haqli.
Taraflar ishni o‘zining ishtirokisiz ko‘rishni va o‘zlariga sud hal qiluv qarorining ko‘chirma nusxasini yuborishni iltimos qilishga haqli. Agar ishning holatlari bo‘yicha zarur bo‘lsa, sud taraflarning sud majlisida ishtirok etishini shart deb topishi mumkin.
Sud muhokamasining vaqti va joyi to‘g‘risida xabardor qilingan ishda ishtirok etuvchi shaxs vakilining kelmaganligi ishni ko‘rib chiqishga to‘sqinlik qilmaydi.
Prokuror yoki advokatning uzrsiz sabablar bilan kelmaganligi to‘g‘risida sud xususiy ajrim chiqaradi, bu haqda tegishincha yuqori turuvchi prokurorga yoki O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining hududiy boshqarmasi huzuridagi malaka komissiyasiga ma’lum qiladi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 156, 159 — 162-moddalari.
Do'stlaringiz bilan baham: |