209-modda. Videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etish
Sudlarda videokonferensaloqani amalga oshirishning texnik imkoniyati bo‘lgan taqdirda, ishda ishtirok etuvchi shaxslar va odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashuvchi shaxslar sudning videokonferensaloqa rejimidagi majlisida bu haqda o‘zlari iltimosnoma berganda yoki sudning tashabbusiga ko‘ra ishtirok etishi mumkin. Ko‘rsatilgan shaxslarning videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etishi to‘g‘risida sud ajrim chiqaradi, ajrimning ko‘chirma nusxasi ishda ishtirok etuvchi shaxslarga, odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashayotgan shaxslarga va o‘z ko‘magida ushbu shaxslar bunday majlisda ishtirok etishi mumkin bo‘lgan tegishli sudga yuboriladi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etishini ta’minlash uchun ko‘rsatilgan shaxslarning yashash joyi yoki joylashgan yeri va turgan joyi bo‘yicha tegishli sudlarning videokonferensaloqa tizimlaridan foydalaniladi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etishini ta’minlayotgan sud ushbu shaxslarning kelgan-kelmaganligini tekshiradi va kelgan shaxslarning shaxsini aniqlaydi, guvohlarga, ekspertlarga, mutaxassislarga, tarjimonlarga o‘z huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi tushuntirilganligi to‘g‘risida ulardan tilxat oladi. Mazkur tilxat u olingan kundan keyingi kundan kechiktirmay sud majlisi bayonnomasiga qo‘shib qo‘yish uchun ishni ko‘rayotgan sudga yuboriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 12-moddasi beshinchi qismi, 71-moddasi uchinchi qismi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 14-sonli “Birinchi instansiya sudi tomonidan fuqarolik protsessual qonun normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorining 13-bandi.
210-modda. Sud majlisini ochish
Ishni muhokama qilish uchun tayinlangan vaqtda sudya majlis zaliga kiradi, sud majlisini ochadi va qaysi ish ko‘rilishi lozimligini e’lon qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |