224-modda. Ish muhokamasi keyinga qoldirilganida guvohlarni so‘roq qilish
Ish muhokamasi keyinga qoldirilgan taqdirda, agar sud majlisida ishda ishtirok etuvchi barcha shaxslar hozir bo‘lsa va guvohlarning ikkinchi marta kelishi qiyin bo‘lsa, sud kelgan guvohlarni so‘roq qilishi mumkin. Ushbu guvohlarni keyingi sud majlisiga takroran chaqirish faqat zarur hollardagina amalga oshiriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 56, 229, 231-moddalari.
225-modda. Ishni mazmunan ko‘rishning boshlanishi
Ishni mazmunan ko‘rish raislik qiluvchining ish to‘g‘risidagi ma’ruzasidan boshlanadi. So‘ngra raislik qiluvchi da’vogardan o‘z talablarini quvvatlash-quvvatlamasligini, javobgardan da’vogarning talablarini tan olish-olmasligini va taraflarning ishni kelishuv bitimi bilan tamomlashni istash-istamasligini so‘raydi.
Oldingi tahrirga qarang.
226-modda. Da’vogarning arz qilgan talablaridan voz kechishi, javobgarning da’vogar talablarini tan olishi, taraflarning kelishuv bitimi yoki mediativ kelishuvi
(226-moddaning nomi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 20-martdagi O‘RQ-531-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 21.03.2019-y., 03/19/531/2799-son)
Da’vogarning arz qilgan talablaridan voz kechganligi, javobgarning da’vogar talablarini tan olganligi yoki taraflarning kelishuv bitimi shartlari sud nomiga yo‘llangan, ishga qo‘shib qo‘yiladigan yozma arizalarida ifoda etilgan bo‘lishi lozim bo‘lib, bu haqda sud majlisi bayonnomasida ko‘rsatiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Mediativ kelishuv sudga alohida hujjat tarzida taqdim etiladi va ishga qo‘shib qo‘yiladi, bu haqda sud majlisining bayonnomasida ko‘rsatiladi.
(226-modda O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 20-martdagi O‘RQ-531-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 21.03.2019-y., 03/19/531/2799-son)
Da’vogarning arz qilgan talablaridan voz kechganligini qabul qilishdan yoki taraflarning kelishuv bitimini tasdiqlashdan oldin sud da’vogarga yoki taraflarga tegishli protsessual harakatlarni amalga oshirish oqibatlarini tushuntiradi.
Da’vogarning arz qilgan talablaridan voz kechganligini qabul qilish to‘g‘risida yoki taraflarning kelishuv bitimini tasdiqlash haqida sud ajrim chiqaradi, bir vaqtning o‘zida ushbu ajrim bilan ish yuritishni tugatadi.
Arz qilingan talablar javobgar tomonidan tan olingan va bu sud tomonidan qabul qilingan taqdirda, ularni qanoatlantirish to‘g‘risida hal qiluv qarori chiqariladi.
Sud tomonidan javobgarning arz qilingan talablarni tan olishi qabul qilinmagan yoki taraflarning kelishuv bitimini tasdiqlash rad qilingan taqdirda, sud bu haqda ajrim chiqaradi va ishni mazmunan ko‘radi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 44-moddasi ikkinchi — to‘rtinchi qismlari, 124-moddasi 2, 3-bandlari, 166 — 169-moddalari, 203-moddasi ikkinchi qismi, O‘zbekistonRespublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 14-sonli “Birinchi instansiya sudi tomonidan fuqarolik protsessual qonun normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorining 16-bandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |