O’zbekiston tarixi 7-sinf
Download 0.97 Mb.
|
7 sinf ozbekiston tarixi. dars ishlan
III.Yangi mavzu bayoni:
XV asrda kitobat san’ati, ya’ni qo‘lyozma asarlarni ko‘chirib yozish va u bilan bog‘liq bo‘lgan xattotlik, musavvirlik, lavvohlik va sahhoflik san’ati ham nihoyatda yaxshi taraqqiy etadi. Bosmaxona va kitob nashr etish hali vujudga kelmagan zamonda kitob yaratish va uning nusxalarini ko‘paytirish og‘ir mehnat va ko‘p vaqt sarf etiladigan nihoyatda mushkul ish bo‘lgan. Har bir kitob qog‘ozidan tortib muqovasigacha, siyohidan tortib to bo‘yoqlari-yu zarhaligacha ma’lum qoida asosida tayyorlanar edi. Xattot bo‘lish uchun uzoq vaqt sabr-matonat va ishtiyoq bilan mashq qilish, mukammal savodli, badiiy didi baland kishi bo‘lishi lozim edi. Mohir xattotlar o‘z usuli va uslubini shogirdlariga o‘rgatardi. Shu tariqa xattotlik an’analari davom ettirilar va rivojlantirilar edi. Mashhur xattot Mirali Tabriziy (1330-1404) nasta’liq deb nomlangan yangi uslubdagi xatni kashf qiladi. Xushnavis xattot- lardan biri Sultonali Mashhadiy (1432-1520) edi. U Nizomiy, Attor, Hofiz, Sa’diy, Xusrav Dehlaviy, Jomiy, Navoiy, Husayn Boyqaro va boshqa shoirlarning asarlarini ko‘chiradi. Sultonali tomonidan ko‘chirilgan 50 dan ziyod kitob va ko‘pgina qit’alar hozirgi vaqtgacha yetib kelgan. Sultonali o‘ymakorlik san’atida ham mohir bo‘lgan. Husayn Boyqaroning «Bog‘i Jahonoro» bog‘idagi saroy devorlaridagi bitiklar, Husayn Boyqaro qabrtoshi- dagi lavha Sultonali tomonidan o‘yib bitilgan. U xattotlik san’ati turlari haqida maxsus asar ham yozgan. Sultonali Mashhadiy «Qiblat ul-quttob» (Kotiblar qiblasi) va «Sulton ul-xattotin» (Xattotlar sultoni) nomlari bilan shuhrat topadi. Samarqand va Hirotda maxsus saroy kutubxonalari tashkil etilgandi. Kutubxona ishlariga kutubxona dorug‘asi yoki kitobdor boshchilik qilgan. Uning qo‘l ostida xattotlar, naqqoshlar-u musavvirlar, mohir lavvohlar-u sahhoflar buyurtmalami bajarganlar. Masalan, Hirotda Ulug‘bekning ukasi Boysung‘ur kutubxonasida qirqta xattot va bir qancha naqqoshlar qo‘lyozma asarlardan nusxalar ko‘chirish va ularni bezash bilan band bo‘lgan. 1429-yilda bu kutubxonada Abulqosim Firdavsiyning mashhur «Shohnoma» dostoni ko‘chirtirilib, u 20 ta turli mazmun va manzarali rangdor miniaturalar bilan bezatilgan.Husayn Boyqaro va Alisher Navoiy saroy kutubxonasini nodir asarlar bilan boyitishga g‘amxo‘rlik qiladilar. XV asrda ulkan yutuqlarga erishgan tasviriy san’at-portretlar, hayotiy lavhalar, tabiat manzaralari, bino va badiiy asarlarga ishlangan tasvirlardan iborat bo‘lgan. Siymolar qiyofasi tasvirlari orasida Jomiy, Navoiy, Abdullo Xotifiy, Behzod, Husayn Boyqaro, Bobur va boshqalarning tasvirlari bizgacha saqlanib qolgan. Musavvirlar bu tarixiy shaxslarning tashqi qiyofasini aniqroq va mukammalroq tasvirlashga, ayrim hollarda hatto ularning ma’naviy dunyosini ochishga intilganlar. Masalan, mashhur rassom Mahmud Muzahhib tomonidan chizilgan Navoiy tasvirida shoir hassaga tayangan, uning qomati birmuncha bukchaygan, qarashlarida ham horg‘inlik alomatlari, ham ulug‘vorlik va oliyjanoblik ko‘zga yaqqol tashlanib turadi. Kamoliddin Behzod XV asr tasviriy san’atining ulug‘ namoyandasi- dir. U musavvirlikda «Hirot maktabi» deb nomlangan yangi bir ijodiy uslubning asoschisi bo‘ldi. U o‘z davrida Moniyi Soniy (Ikkinchi Moniy) deb ulug‘langan. U ustoz san’atkor sifatida O‘rta Osiyo, Eron, Ozarbayjon va boshqa o‘lkalar tasviriy san’atining taraqqiyotiga samarali ta’sir etdi. Behzodning ijodi xilma-xil mazmunga ega bo‘lib, u tarixiy siymolar (Husayn Boyqaro, Shayboniyxon, Alisher Navoiy) portretlaridan tortib to serjilo hukmdor saroylaridagi qabul marosimlari va jang maydoni manzaralarigacha haqqoniy va ta’sirli qilib bera olgan. Ayniqsa, Dehlaviyning «Layli va Majnun» dostoniga bag‘ishlangan uning lirik manzaralari yoki Sharafiddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma» asari uchun chizilgan jang maydonidagi shiddatli jang tasvir etilgan miniaturalari nihoyatda jozibador va ta’sirchandir. Xullas, tasviriy san’at asarlari bilan badiiy adabiyotning o‘zaro uzviy aloqada ravnaq topganligi, biri ikkinchisiga samarali ta’sir etganini ko‘rsatadi. XIV-XV asrlarda yangi kuy va qo‘shiqlar, cholg‘u asboblari va musiqa nazariyasiga doir nodir asarlar yaratildi. Juda ko‘p mahoratli sozan- dalar, mashshoqlar, bastakorlar va hofizlar yetishdi. Abdu- qodir Nayiy, Qulmuhammad Shayxiy, Husayn Udiy, Shohquli G‘ijjakiy, Qosim Rabboniy va boshqalar shular jumlasidandir. Mohir musiqachilar bilan bir qatorda Ulug‘bek, Navoiy, Jomiy, Binoiy kabi mutafakkir va shoirlar ham musiqa san’ati bilan shug‘ullanib, uning rivojiga ma’lum darajada hissa qo‘shadilar. Masalan, Ulugbek «Bulujiy», «Shodiyona», «Axloqiy», «Tabriziy», «Usuli ravon» va «Usuli otlig‘», Navoiy «Isfahoniy» kuylarini ijod qiladi. Jomiy va Binoiylar musiqa nazariyasiga doir asar yaratadilar. Musiqa she’riyat bilan uzviy aloqada yangi taraqqiyot pog‘onasiga ko‘tariladi. Download 0.97 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling