O‘zbekiston tarixi
Download 2.25 Mb. Pdf ko'rish
|
@Kutubxona Elektron-O zbekiston tarixi maruzalar matni
3. XIII-XIV asrning birinchi yarmida O‘rta Osiyo xalqlarining madaniy hayoti. Bosqinchi yovlar azaldan yuqori tsivilizatsiya o‘chog‘i sanalgan, ulug‘ ajdodlarimiz aql- zakovati va donishmandligi bilan yaratilgan yuksak moddiy va ma’naviy madaniyat, betakror obidalar, asori-atiqalar makoni bo‘lgan bu azim yurtni qanchalik xonavayron etmasinlar, biroq xalq irodasini, uning buyuk bunyodkorlik, ijodkorlik salohiyatini sindira olmadilar. Aksincha bu yurtning mag‘rur va erksevar kishilari, bir tomondan, muqaddas Vatan tuyg‘usini dillariga mustahkam jo aylab, ozodlik va mustaqillik yo‘lida jonbozlik bilan kurash olib borgan bo‘lsalar, ikkinchi tomondan esa, ular asriy xalq an’analari, udumlariga sodiq qolib, yaratuvchilik ishlari bilan mashg‘ul bo‘lganlar. Zero, o‘lmas xalq dahosi yangi-yangi salohiyatli ijodkorlar avlodini etishtira borgan. Shu bois uchun ham sahroyi mo‘g‘ullar xarobazorga aylantirgan kultepalar o‘rnida ko‘p o‘tmay yangidan ko‘rkam shaharlar, me’morchilik obidalari qad rostlab, hayot yana yangidan izga tushib bordi. Mahalliy xalq orasidan etishib chiqqan ajoyib me’morlar, naqqoshu- hunarmandlar sa’y-harakati, mahorati bilan betakror moddiy madaniyat namunalari yaratilib, bundan o‘lka hayoti o‘zgacha fayzu manzora kasb etib bordi. Bu davrda bunyod etilib, gavjum savdo-sotiq, hunarmandchilik markazlariga aylana borgan Andijon, Qarshi, Urganch, qaytadan ta’mirlanib chiroy ochgan, oldingi mavqeini tiklagan Samarqand, Buxoro, Shosh, Termiz singari shaharlar, ularning o‘ziga xos me’morchilik qiyofasi shundan dalolat beradi. Ko‘hna Urganchda qad ko‘targan, balandligi 62 metrli ulug‘vor minora XIII asr arxitekturasining noyob yodgorligi hisoblanadi. Samarqanddagi Shohizinda majmui, Buxorodagi Bayonqulixon, Ko‘hna Urganchdagi Najmiddin Kubro, To‘rabek xonim, Muhammad Bashar maqbaralari, Xo‘janddagi Tubaxon maqbarasi va shu singarilar XIV asrning nodir me’moriy yodgorliklari sirasiga kiradi. Xalq amaliy san’ati, kulolchilik namunalarini, sirli naqshinkor sopolli idishlar, shu jumladan, ko‘zalar, chinni buyumlar, uy-ro‘zg‘or ashyolari, binolar peshtoqiga bitilgan, san’at darajasidagi nastalik bitiklari-bular O‘rta Osiyo moddiy madaniyatining XIII-XIV asrlarda ham rivojlanishda davom etganligidan shahodat beradi. Bu davrda ilm-fan, ayniqsa tarixshunoslik rivojida ham muayyan yutuqlar qo‘lga kiritildi. Tarixshunos Juvaniyning «Tarixi jahongusha» /Jahon fotihi tarixi/, Rashididinning «Jomeut-tavorix» /«Yilnomalar majmuasi»/ asarlari mo‘g‘ullar istilosi va hukmronligi davri tarixini chuqur o‘rganishda qimmatli manbalardan hisoblanadi. Shuningdek o‘lkada badiiy adabiyot sohasi ham anchayin ravnaq topdi. O‘rta Osiyo xalqlari orasidan badiiy adabiyotning ko‘plab yirik namoyandalari etishib chiqdi. Jaloliddin Rumiy, Muslihiddin Sa’diy, Xusrav Dehlaviy, Nosiriddin Rabg‘uziy, Pahlavon Mahmud, Xorazmiy, Qutb, Sayfi Saroyi singari xalq orasidan chiqqan mumtoz ijodkorlar ko‘plab umrboqiy, o‘lmas asarlar yaratdilar. Jumladan, XIII asrning ikkinchi yarmi hamda XIV asrning birinchi yarmida yashab, ijod etgan yurtdosh daho shoirimiz Pahlavon Mahmud ijodi bu jihatdan ibratlidir. Uning tug‘ilgan yili noma’lum bo‘lib, vafot etgan davri manbalarda 1322 yil deb ko‘rsatiladi. U hunarmand oilada dunyoga kelgan. O‘zi ham po‘stinduzlik bilan shug‘ullangan, o‘z zamonasining ilg‘or, ma’rifatparvar kishilaridan bo‘lgan. Pahlavon Mahmud nomi bilan zikr qilingan barcha tazkiralarda u g‘azal, ruboiy janrlarida samarali ijod qilgan shoir sifatida tilga olinadi. Biroq, Mahmudni elga mashhur etgan, avlodlar ehtiromiga sazovor qilgan narsa, bu, eng avvalo, uning otashnafas ruboiylaridir. Shoirning ijtimoiy, falsafiy qarashlari ham uning ruboiylari mazmunida aks etgan. Umuman Pahlavon Mahmud she’riyatida keng ma’nodagi hayotiy voqealar, insoniy kechinmalar, chuqur ahloqiy, falsafiy qarashlar ifodalanganki, bu hol shoirning o‘z davrining ijtimoiy-siyosiy jarayonlariga faol munosabatda bo‘lganidan dalolat beradi. XIII asr oxiri va XIV asr birinchi choragida Turkistonda kechgan adabiy jarayonni Burxoniddin o‘g‘li Nosiriddin Rabg‘uziy ijodisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Ayniqsa bunda uning qalamiga mansub «Qissai Rabg‘uziy» asari adib nomini asrlar osha sarbaland etib kelmoqda. Bu asar ilk o‘zbek nasrining dastlabki namunasi sifatida ham qimmatlidir. Rabg‘uziy asaridagi dunyoviy ruh bilan sug‘orilgan ko‘plab she’riy parchalar g‘azalchilik janrining keyingi rivoji uchun ham ayricha ahamiyat kasb etadi. XIV asr turkiy (eski o‘zbek) adabiyotining yirik namoyandalari- Xorazmiyning «Muhabbatnoma», Qutbning «Xusrav va Shirin», Sayfi Saroyining «Suxayl va Guldursun», «Sinbadnoma», «Gulistoni bit-turkiy» she’riy asarlari- dostonlari ham o‘sha davr ma’naviy madaniyatining bebaho durdonalari hisoblanadi. Shunday qilib, XIII-XIV asrlar davomida Movarounnahr hududi mo‘g‘ullar hukmronligi bilan bog‘liq tarzda qanday ziddiyatli, murakkab jarayonlarni o‘z boshidan kechirmasin, uning ko‘hna madaniyati, ilm-urfoni an’anaviy ravishda o‘ziga yo‘l topib, rivojlanishda davom etadi. Xalq dahosi, ijodkorligi uning salohiyatli namoyandalari sa’y- harakatlari, tashabbuslari ila sayqal topib, yangi - yangi qirralar kashf etib boradi. Bu esa, shubhasiz o‘lka xalqlari ma’naviy merosi, qadriyatlarining mazmunan boyib, yuksalishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib borgan. Download 2.25 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling