O‘zbekiston tarixi
XIX asr birinchi yarmida o‘zbek xonliklarining jug‘rofiy-siyosiy o‘rni, davlat
Download 2.25 Mb. Pdf ko'rish
|
@Kutubxona Elektron-O zbekiston tarixi maruzalar matni
2. XIX asr birinchi yarmida o‘zbek xonliklarining jug‘rofiy-siyosiy o‘rni, davlat boshqaruvi va ijtimoiy-siyosiy hayoti. Buxoro amirligi. Buxoro amirligi o‘zbek xonliklari orasida o‘zining hududiy o‘rni, aholisi va tabiiy resurslari jihatidan muhim mavqeiga ega edi. XIX asrga kelganda, Buxoro amirligining hududi qariyb 200 ming kvadrat kilometrni tashkil etdi. Uning chegaralari janubda Amudaryoning so‘l qirg‘og‘idan boshlanib, Sirdaryogacha cho‘zilib qozoq juzlari bilan chegaradosh edi. Amirlik sharqda Pomir tog‘laridan g‘arbda Xiva xonligi chegaralarigacha bo‘lgan hududni ishg‘ol etardi. Buxoro va Samarqand kabi yirik shaharlar joylashgan Zarafshon vodiysi amirlikning markaziy qismi hisoblanardi. Qashqadaryo va Surxondaryo vohalari, hozirgi Tojikiston hududidagi Vaxsh, Kafirnihon, Panch daryolari vodiysida joylashgan shahar va qishloqlar, hozirgi Turkmaniston hududidagi Murg‘ob daryosi vohalaridagi erlar Buxoro amirligiga qarar edi. Buxoro amirligining poytaxti Sharqda eng nufuzli shahar sifatida e’tirof etilgan Buxoroi Sharif edi. Yirik shaharlardan Samarqand, Qarshi, Shahrisabz, Kitob, Termiz, Sherobod, Hisor, Dushanbe, Ko‘lob va boshqalar amirlik tasarrufida edi. Marv va Chorjo‘y shaharlari uchun Buxoro amirligi bilan Xiva xonligi o‘rtasida, Jizzax, O‘ratepa va Xo‘jand shaharlari uchun Buxoro amirligi bilan Qo‘qon xonligi o‘rtasida tez-tez urushlar bo‘lib, bu shaharlar qo‘ldan- qo‘lga o‘tib turardi. XIX asr birinchi yarmida Buxoro amirligida 2 millioncha aholi yashardi. Aholi amirlikning sersuv vohalarida yashab, jazirama issiq, suvsizlik hukmronlik qiluvchi Qizilqum sahrolari va cho‘llari kimsasiz yastanib yotardi. Zarafshon vodiysida 300-350 ming, Qashqadaryo vohasida 500 ming, Surxandaryo vohasida 200 ming, Sharqiy Buxoroda 500 mingcha aholi yashardi. Amirlikning yirik shaharlari - Buxoroda 60 ming, Samarqandda 50 mingga yaqin aholi yashardi. Aholi etnik jihatdan ko‘pgina elatlardan iborat bo‘lib, ularning ko‘pgina qismi, qariyb 57 foizi o‘zbeklar edi. O‘zbeklar bir qancha qabilalardan tashkil topgan bo‘lib, ular orasida mang‘it, saroy, qo‘ng‘irot, jabg‘u, qarluq, qalmoq, nayman, qipchoq, ming, yuz qabilalari ko‘pchilikni tashkil etardi. Ular, asosan, Zarafshon, Qashqadaryo va Surxandaryo vohalaridagi shahar va qishloqlarda yashardi. Buxoro amirligi monarxiya tipidagi davlat bo‘lib, uning amiri cheklanmagan hokimiyatga ega edi. Amir o‘z fuqarolarini o‘ldirishi yoki hayot qoldirishi, butun aholi mulkiga ega bo‘lishga ham haqli edi, ko‘ngli tusaganini qilardi. XIX asr boshlariga kelganda, amirlikda xizmatkor amaldorlar tabaqasi shakllandi. Faqat amir saroyining o‘zida 300 ga yaqin amaldor xizmat qilardi. Bu tabaqa davlat xazinasidan maosh olar, amirga batamom qaram bo‘lib, ularni amirning o‘zi tayinlar yoki egallab turgan lavozimidan olib tashlar edi. Amaldorlar amir farmoyishini bajaribgina qolmay, uning istak- xohishi va ko‘nglini topa bilishlari, unga doimo xushomad qilishlari kerak edi. Shu bois saroyda xushomadgo‘ylik, amir shaxsini ulug‘lash rasm bo‘lib qoladi. Amir va uning oilasigagina emas, quyi mansabdagilar yuqori amaldorlarga ham xushomadgo‘ylik qilardilar. O‘z mavqei, turmushi, oilasining omonligi, mulki uchun qo‘rqish, ertangi kunga ishonmaslik kabi og‘ir vaziyat vujudga keladi. Qisqasi, mansabdorning taqdiri to‘lig‘icha yuqori amaldor qo‘lida edi. Mansabni sotish, poraxo‘rlik keng tarqaldi. Amirlikda eng katta davlat lavozimi - qushbegi, dargoh vaziri, ya’ni bosh vazir lavozimi edi. Davlatning barcha boshqaruv idoralari unga itoat etar edi. Bir so‘z bilan aytganda, barcha ijroiya hokimiyat qushbegining qo‘lida edi. Viloyat va tuman hokimlari ham qushbegi tavsiyasiga binoan tayinlanar edi. Qushbegi xon istiqomat qilib turgan arki oliyda turar edi . Download 2.25 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling