O‘zbekiston tarixi
Download 2.25 Mb. Pdf ko'rish
|
@Kutubxona Elektron-O zbekiston tarixi maruzalar matni
Badiiy adabiyot. Amir Temur va temuriylar davri madaniy muhitining yorqin sahifasini
turkiy (eski o‘zbek) adabiyotining ravnaqisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Gap shundaki, sarchashmalari ancha olisdan boshlangan bu adabiyot bu davrga kelib yanada sayqal topib, uning badiiy imkoniyatlari yangi ufqlar kashf etib, o‘zining yuksak rivojlanishiga erishdi. Buning natijasida yangi-yangi nomdor shoiru adiblar ijod maydoniga kirib kelib, o‘z betakror, umrboqiy asarlari bilan badiiy tafakkur xazinasiga salmoqli hissa qo‘shdilar. O‘zbek mumtoz adabiyotining tamal toshini qo‘ygan Mavlano Lutfiy (1366-1465) dan boshlab Haydar Xorazmiy (XIV asr oxiri, XV asr boshlari), uning zamondoshlari Durbek, Gadoiy, Atoiy, Sakkokiy singari zabardast turkigo‘y shoirlar ijodi ravnaqi tufayli mumtoz adabiyotimiz yangi marralarga ko‘tarildi va uning xilma-xil janrlarida bir-biridan go‘zal, nafis va baquvvat badiiy asarlar dunyo yuzini ko‘rdi. Lutfiyning «Gul va Navro‘z», Xorazmiyning «Mahzunul asror» («Sirlar xazinasi»), Durbekning «Yusuf va Zulayxo» asarlari yohud Gadoiy va Atoiylarning ishq-muhabbat, hayot na’shu namosini, inson shaxsi va uning yuksak orzu-armonlari, intilishlarini baland pardalarda ulug‘lagan otashnafas she’r-g‘azallari, qasidalari-bular mumtoz o‘zbek adabiyoti rivojining muhim yutug‘idir. Mazkur asarlarda o‘zbek tilining jarangdorligi, uning badiiy imkoniyatlarining benihoyaligi, qolaversa, uning halqchilligi, yuksak estetik qudrati va ta’sirchanligi to‘la kuch bilan ifodalanganligiga shohid bo‘lasan, kishi. O‘zbek adabiyotning yanada yuksak darajaga ko‘tarilib, keng e’tirof topishida ulug‘ o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy (1441-1501) ijodi alohida o‘rin tutadi. Negaki she’riyat mulkining sultoni Navoiy o‘ziga qadar bo‘lgan turkigo‘y shoirlar ijodi erishgan yutuqlarni o‘zida mujassamlashtiribgina qolmay, balki ayni zamonda o‘zining serqirra ijodiy faoliyati bilan bu adabiyotning yuksak kamol topishi va dovrug‘ini sarbaland etishga mislsiz ulush qo‘shdi. Alisher Navoiyning barakali ijodiga to‘xtaladigan bo‘lsak, hali shu vaqtga qadar o‘zbek adabiyotida sermahsullik jihatidan u bilan tenglashadigan adib, ijodkor bo‘lgan emas. Katta epik asar - «Xamsa»dan tashqari ham Navoiyning «Hazoinul-maoniy» bo‘yicha hammasi bo‘lib o‘zbek tilida 2600 g‘azal, 133 ruboiy, 210 qit’a, 86 fard, 52 muammo, 13 tuyuq, 10 muhammas, 10 chiston (she’riy topishmoq), 4 mustazod, 4 tarje’band, 5 musaddas, 1 qasida, 1 musammon, 1 tarkiband, 1 masnaviy, 1 soqiynoma turkum she’ri, forsiy devoni bo‘yicha 554 g‘azali, 343 muammosi, 73 ruboiysi, 72 qit’asi, 16 she’riy tarixi, 9 lug‘zi bizgacha etib kelgan. Navoiyga qadar hech kim o‘zbek tilida buncha ko‘p she’r yozmagan, g‘azal, ruboiy, qit’a kabi she’riy turlarni buncha rivojlantirmagan edi 1 . Uning 51 ming 230 misradan iborat besh go‘zal dostonni o‘z tarkibiga olgan buyuk «Xamsa»si haqli suratda o‘zbek adabiyotining gul toji hisoblanadi. Navoiy «Xamsa»siga kirgan «Hayrotul-abror», «Farxod va Shirin», «Layli va Majnun», «Sabbai sayyor», «Saddi Iskandariy» dostonlarining har biri o‘zining bebaho ma’naviy qudrati, badiiy yuksakligi, til boyligining mukammalligi bilan ajralib turadi. Eng muhimi, o‘zbek tilida ilk bor «Xamsa» bitishdek g‘oyatda mashaqqatli vazifani sharaf bilan ado etgan Navoiy dahosi har qancha tahsinga sazovordir. 1 Хайитметов А. Навоийхонлик суҳбатлари, Т., «Ўқитувчи», 1993, 22-бет. Ulug‘ mutafakkir asarlarini mutoalaa qilar ekanmiz, ularda aks etgan, ilgari surilgan chin insonparvarlik, vatanparvarlik, mehnatsevarlik, hayotga oshuftalik, keng ma’nodagi ishq- muhabbat g‘oyalari vujudimizni qamrab oladi, o‘ziga maftun etadi. Bu ham Navoiy ijodining umrboqiyligidan, umumbashariy qadriyatlar ruhi bilan chuqur sug‘orilganligidan yaqqol dalolatdir. Shu bilan birlikda bu davrda fors-tojik adabiyoti ham an’anaviy tarzda rivojlanishda davom etdi. Bu adabiyot dovrug‘ini baland ko‘targan, yuksak badiiy ijod namunalarini yaratgan kamol Xo‘jandiy, Xofiz Sheroziy, Abdurahmon Jomiy, Binoiy, Hiloliy va Vosifiy singari daho so‘z san’atkorlar nomini alohida tilga olib o‘tish joizdir. Ularning yuksak badiiy tafakkur ila yaratilgan umrboqiy asarlari mana necha asrlardirki, tarix va davrlar sinovidan o‘tib, qanchalab avlodlar ongi, shurini yolqinlantirib kelmoqda. Shunday qilib, Amir Temur va Temuriylar davri Vatanimiz xalqlarining hayotiy taqdirida, ularning ijtimoiy taraqqiyotning yuksak marralariga ko‘tarilib borishlari davomida o‘chmas iz qoldirgan alohida bir tarixiy bosqich bo‘ldi. Eng muhimi, bu davr Amir Temurdek buyuk siymoni tarix maydoniga chiqardiki, bu zoti sharif va uning avlodlarining mislsiz sa’y- harakatlari, bunyodkorlik faoliyatlari tufayli Movarounnahr va Xuroson o‘lkalari ulkan o‘zgarishlarga yuz tutdi. Mo‘g‘ullarning bir yarim asrlik bosqini va zulm-asoratidan butunlay xalos bo‘lgan ona yurtimiz qudratli saltanatga aylanibgina qolmay, ayni chog‘da ijtimoiy- iqtisodiy, madaniy-ma’naviy jihatlardan yuksalib, jahonga dovrug‘ taratdi. Ulug‘ ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan moddiy va ma’naviy madaniyatning yuksak namunalari, duru javohirlari mana necha asrlardirki, jahon ahlini hayratga solib, minnatdor avlodlar ardog‘ida e’zozlanib kelmoqda. Download 2.25 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling