O‘zbekistonda demokratik, fuqarolik jamiyati asoslarining shakllanishi, amalga oshirilgan siyosiy islohotlar
Download 45.86 Kb.
|
5.6 mavzu
O‘zbekistonda demokratik, fuqarolik jamiyati asoslarining shakllanishi, amalga oshirilgan siyosiy islohotlar. Milliy davlat boshqaruvi tizimi. Mamlakatimizda mustaqillik yillarida davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish jarayonida ikkita asosiy vazifa uddalangani qayd etilgan. Avvalo, iqtisodiyotda ma’muriy-buyruqbozlik va taqsimot tizimidan bozor munosabatlariga o‘tilgan bo‘lsa, ikkinchidan, davlat organlarining yangi sharoitlarda samarali faoliyat yuritishiga erishildi. O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng, huquqiy jamiyat va demokratik davlat barpo etish yo‘lida siyosiy islohotlarni amalga oshirishni kun tartibidagi dolzarb masala sifatida belgilab oldi. O‘zbekistonda davlat boshqaruvining Prezidentlik shakli zamonaviy tizim o‘zagini tashkil etadi. 1991 yil 18 noyabrda Oliy Kengash VIII-sessiyasida “Prezident saylovlari to‘g‘risida” Qonun va “Prezident saylovini tayinlash to‘g‘risida” Qaror qabul qilindi. Bu qonunga ko‘ra, Prezident lavozimiga 35 yoshga to‘lgan, davlat tilini biladigan, saylovgacha kamida 10 yil O‘zbekistonda muqim yashayotgan O‘zbekiston fuqarosi saylanishi mumkin. Prezident 5 yil muddatga saylanadi, bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Prezident bo‘lishi mumkin emas, Prezident saylashning asosiy prinsiplari: umumiy, teng, to‘g‘ridan to‘g‘ri, yashirin ovoz berish bilan, fuqarolarning saylovda ixtiyoriy qatnashishi, saylov kunigacha 18 yoshga to‘lgan fuqarolarning saylovda qatnashishi hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining konstitutsiyaviy maqomi respublika Konstitutsiyasining 19-bobida aniq belgilab qo‘yilgan. Konstitutsiyaning 89-moddasida Prezident davlat boshlig‘i va davlat organlarining faoliyatini ta’minlashi qayd etilgan. Prezidentning shaxsi daxlsiz bo‘lib, u qonun bilan muhofaza etiladi deya, belgilab qo‘yilgan. Konstitutsiyaning 93-moddasida Prezidentning vazifalari, uning vakolatiga kiradigan masalalar doirasi belgilangan. Prezident bir vaqtning o‘zida Konstitutsiya, inson va fuqaro huquqlarining kafili bo‘lib, davlat hokimiyat organlari faoliyatini ta’minlaydi, qonunlar ishlab chiqishda bevosita ishtirok etadi. Prezident bir vaqtning o‘zida Qurolli kuchlar Oliy bosh qo‘mondoni, Xavfsizlik kengashining raisi bo‘lib ham hisoblanadi. Vakolati tugagach, iste’foga chiqqan Prezident umrbod - senat a’zosi lavozimini egallaydi. Shu o‘rinda qayd etish kerakki, Prezident vakolat muddati 2007 yil dekabrda tugashi munosabati bilan 2007 yil 23 dekabrda navbatdagi Prezident saylovi o‘tkazildi. XDPdan A.Rustamov, Adolat SDPdan D.Toshmuhammedova, saylovchilar tashabbuskor guruhi (STG)dan A.Saidov, LDP dan I.Karimov nomzodi ko‘rsatildi. Saylovda ro‘yxatga olingan 16.297.000 saylovchidan 90,6 %i qatnashdi. I.Karimov uchun saylovchilarning 88,1 %i ovoz berdi. 2007 yil 27 dekabrda bo‘lgan Markaziy saylov komissiyasi majlisida I.Karimov Prezident lavozimiga saylandi deb qaror qilindi. 2015 yil 29 mart kuni muqobillik asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tdi. Uning natijalariga ko‘ra Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgarishlarga muvofiq Islom Karimov 5 yillik muddatga mamlakatning oliy lavozimiga saylandi. Islom Karimov O‘zbekiston davlati va davlatchiligini barpo qilish, demokratik fuqarolik jamiyati qurish asoslarini yaratdi, mamlakatimiz taraqqiyotining asosiy yo‘nalishini ishlab chiqdi, yurtimizning yorug‘ istiqboli yo‘lida ko‘pmillatli xalqimizni birlashtirib, uni ulug‘ maqsadlar sari boshlab bordi. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘anievich Karimov 2016 yil 2 sentabr kuni 78 yoshida Toshkent shahrida vafot etdi. U 2016 yil 3 sentabr kuni Samarqand shahrida dafn etildi. Dafn marosimida jahonning 17 ta mamlakatidan delegatsiyalar, davlat rahbarlari, ko‘plab rasmiy doira vakillari, respublikaning keng jamoatchilik a’zolari ishtirok etdilar. 2016 yil 8 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida parlament palatalarining qo‘shma qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarish vaqtincha O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoev zimmasiga yuklandi. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi okrug saylov komissiyalaridan kelgan bayonnomalarga asosan 2016 yil 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan ovoz berish jarayonida saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan 20 million 461 ming 805 nafar saylovchidan 17 million 951 ming 667 nafari ishtirok etganini aniqladi. Bu ro‘yxatga kiritilgan saylovchilar umumiy sonining 87,73 foizini tashkil qildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining natijalariga ko‘ra, Sarvar Sa’dullaevich Otamuratovni yoqlab 421 ming 55 nafar saylovchi yoki ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar umumiy sonining 2,35 foizi ovoz berdi, Shavkat Miromonovich Mirziyoevni yoqlab 15 million 906 ming 724 nafar saylovchi yoki ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar umumiy sonining 88,61 foizi ovoz berdi, Xatamjon Abduraxmonovich Ketmonovni yoqlab 669 ming 187 nafar saylovchi yoki 3,73 foizi, Narimon Majitovich Umarovni yoqlab 619 ming 972 nafar saylovchi yoki 3,46 foiz saylovchilar ovoz berdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonini beshta xalqaro tashkilot – yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Butunjahon saylov organlari uyushmasi va Islom hamkorlik tashkilotidan hamda Amerika, yevropa, Osiyo va Afrikaning 46 ta davlatidan 600 nafarga yaqin kuzatuvchi kuzatib borgani siyosiy kampaniya demokratiya talablari asosida ochiq va oshkora o‘tganining yorqin dalilidir. Saylov jarayonini monitoring qilishda siyosiy partiyalardan 37 mingdan ortiq kuzatuvchi ham faol ishtirok etdi. Majlisda qayd etilganidek, 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi mamlakat o‘z oldiga qo‘ygan buyuk maqsadlar yo‘lida – dunyodagi rivojlangan demokratik davlatlar qatoridan o‘rin egallash, mamlakatni siyosiy va iqtisodiy jihatdan modernizatsiya qilish, xalq uchun erkin, tinch va farovon hayotni ta’minlash borasida yana bir ulkan qadam qo‘yganini, ta’bir joiz bo‘lsa, mustaqil taraqqiyotining yangi davriga kirib borayotganini yaqqol namoyish etdi. 2016 yil 4 dekabr’ kuni bo‘lib o‘tgan Prezident saylovi yakunlari bo‘yicha saylovchilarning 88,61 foiz ovozi bilan Shavkat Miromonovich Mirziyoev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi. 2016 yil 14 dekabrda rasman o‘z vazifasini bajarishga kirishdi. 2021 yilning 24 oktabr kuni mamalakatimiz hayotidagi muhim siyosiy voqea - O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tdi. 5 ta Siyosiy partiya tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodlar saylovchilarning quyidagi miqdordagi ovozini oldi: O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan nomzod Bahrom Abduhalimov – 3,39 foiz; O‘zbekiston Ekologik partiyasidan nomzod Narzullo Oblomuradov – 4,14 foiz; O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan nomzod Alisher Qodirov – 5,48 foiz; O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod Maksuda Varisova – 6,63 foiz; Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod Shavkat Mirziyoev – 80,12 foiz. O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga ko‘ra, ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning 50 foizdan ortig‘ining ovozini olgan nomzod Prezident etib saylangan, deb hisoblanadi. Ushbu ma’lumotlarga tayanib, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod Shavkat Mirziyoev saylovchilarning eng ko‘p – 80,12 foiz ovozini olib, ishonchli g‘alaba qozondi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi. Saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan 20 milliondan ortiq saylovchidan 80,4 foizdan ko‘prog‘i saylov jarayonlarida ishtirok etgan. Sh.M.Mirziyoevning faoliyatida sotsial-iqtisodiy masalalar bilan bir qatorda ta’lim, fan, sog‘liqni saqlash tizimlarini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, yoshlarning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga etishlari uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, onalik va bolalikni kuchli muhofaza qilish ustuvor vazifa sifatida muhim o‘rin egalladi. Davlat hokimiyati oliy organlarining tuzilishi, hokimiyatlarning bo‘linish tamoyili Konstitutsiyada keltirilgan. Davlat hokimiyatining har biri mustaqil faoliyat yurituvchi 3 hokimiyatga: qonun chiqaruvchi; ijro etuvchi; sud hokimiyatiga bo‘linishi qonunlashtirilgan. Konstitutsiyaning 76-moddasiga ko‘ra Oliy davlat vakillik organi bo‘lgan – Oliy Majlis qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiradi. Bu vazifani bajaruvchi vakillik organlari parlament deb ham yuritiladi. Oliy Majlis 1995-1999 yillar davomida 10 ta kodeks, 2 ta milliy dastur, 145 ta qonun, 452 ta qaror qabul qildi, qonunlarga esa 216 ta qo‘shimcha va o‘zgarishlar kiritildi. 70 ta xalqaro shartnoma ratifikatsiya qilindi, xalqaro konvensiyalarga qo‘shilish to‘g‘risida 58 ta qaror qabul qilindi. 1999 yil dekabrda bo‘lgan saylovlar natijasida 250 deputatdan iborat parlamentning yangi tarkibi shakllandi. Qonunlarni ishlab chiqish jarayonida Oliy Majlis qo‘mitalarining butun tarkibi ishtirok etadi. Qonun loyihalarini tayyorlashda maxsus ishchi guruhlari tuzilib, unda olimlar va mutaxassislarni kengroq jalb etish kabi xalqaro tajribadan foydalanildi. Inson huquqlari bo‘yicha Vakil instituti Oliy Majlis Kengashi tomonidan tasdiqlangan Nizom asosida faoliyat olib bormoqda. “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi Qonun 1996 yil 26 dekabrda, 7-sessiyada qabul qilindi. Ushbu qonunning qabul qilinishi ijtimoiy-siyosiy hayot bobida ko‘pfikrlililik, turli qarashlar va munosabatlarning demokratik dunyo talablariga binoan shakllanishiga turtki bo‘lib xizmat qildi. Zero, jamiyat ijtimoiy hayotida ko‘p partiyaviylikning tadbiq etilishi shubhasiz, turli salbiy illatlarga g‘ov bo‘lishi, jamiyatning ma’naviy jihatdan sog‘lomlashishi muammolarning tezkor bartaraf etilishi, qonunlarning ustuvorligi hamda inson haq-huquqlarining himoya etilishi borasida muhim qadam edi. Mustaqillikning dastlabki davrida qonun chiqaruvchi va ijro hokimiyatida izchillikni ta’minlash, islohotlarni mutanosib ravishda amalga oshirish maqsadida Prezident bir vaqtning o‘zida Vazirlar Mahkamasi Raisi lavozimini ham bajardi. Bir qator hujjatlar, jumladan, “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi, “Prokuratura to‘g‘risida”gi, “Sudlar to‘g‘risida”gi, “Davlat soliq xizmati to‘g‘risida”gi, “Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida”gi qonunlar ayrim davlat organlarining maqomini belgilab beradi. Hozirgi kunda yuqori turuvchi lavozimlarga tayinlash va ko‘rsatish, kadrlar zaxirasini shakllantirish, xizmatchilarni attestatsiyadan o‘tkazish tizimi borasida yagona yondashuv yo‘q, mazkur jarayon jamoatchilik bexabar bo‘lgan ichki hujjatlar bilan tartibga solinadi. Bugun yangicha hamda mustaqil fikrlaydigan, mas’uliyatli, tashabbuskor, ilg‘or boshqaruv usullarini puxta o‘zlashtirgan, halol, o‘z Vatani va xalqiga sodiq kadrlarni tayyorlash bo‘yicha samarali tizim yaratmasdan sifat o‘zgarishlariga erishib bo‘lmasligi aniq. Shu sababli davlat xizmatini modernizatsiya qilish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilning 3 yanvar kuni “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Unda davlat organlarining mansabdor shaxslari va boshqa xodimlari tomonidan o‘z mansab yoki xizmat majburiyatlarining bajarilishi samaradorligi mezonlarini, standartlarini va uning sifatini baholash tizimlarini joriy etish, davlat organlari xodimlarining huquqiy maqomini belgilash, xizmatni o‘tashning shaffof tartibini o‘rnatish, shaxsiy va kasbiy sifatlar, ochiqlik, beg‘arazlik, adolatlilik va xolislik prinsiplari asosida tanlov bo‘yicha saralash hamda xizmatda ko‘tarilish tizimini joriy etish, davlat organlarining mansabdor shaxslari va boshqa xodimlarining samarali ijtimoiy himoya qilinishini, moddiy ta’minot olishini va rag‘batlantirilishini ta’minlash davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar sifatida belgilab berilgan. 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish yo‘nalishi doirasida amalga oshirilgan ishlar, qabul qilingan qonunlar milliy davlat boshqaruvi tizimini yanada rivojlanishida asos bo‘lib xizmat qilmoqda. O‘zbekiston Respublikasida ma’muriy islohotlar konsepsiyasi hamda ushbu islohotlarni o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi, “Davlat boshqaruvi asoslari to‘g‘risida”gi, “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi, “Davlat va xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi, “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunlar shular jumlasidandir. Download 45.86 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling