O’zbekistonning eng yangi tarixi kafedrasi


Ko‘ppartiyaviylik tizimi. Jamiyatning demokratlashuvida siyosiy partiyalar, nodavlat va jamoat tashkilotlarining roli


Download 0.52 Mb.
bet22/91
Sana17.01.2023
Hajmi0.52 Mb.
#1097660
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   ...   91
Bog'liq
УМК Ўзб.энг янги тарихи 2021-22

4.Ko‘ppartiyaviylik tizimi. Jamiyatning demokratlashuvida siyosiy partiyalar, nodavlat va jamoat tashkilotlarining roli.


O‘zbekiston siyosiy tizimi zamonaviy siyosiy munosabat­lar shart-sharoitlari va omillariga moslashish hamda uyg‘unlashish sifatlariga ega. Mazkur jarayonning tarkibiy qismlaridan biri bo‘lgan ko‘ppartiyaviylik tizimi bugungi kun­da izchil rivojlanmoqda. Siyosiy partiyalarning jamiyatni yangilash va modernizatsiya qilish, fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishdagi roli va ahamiyati ortib borayotir. Partiyalar faoliyatining tashkiliy-xuquqiy, mo­liyaviy shart-sharoitlari mustahkamlanmoqda, ularning xalq orasidagi obro‘si ortib, davlat ahamiyatiga molik qarorlar qabul qilishdagi ta’siri tobora kuchayib bormoqda.
Siyosiy plyuralizm va ko‘ppartiyaviylik mamlakatimiz­da jamiyat ijtimoiy hayotining ajralmas qismiga aylandi. Ushbu qoidaning Konstitutsiya darajasida mustahkamlanishi siyosiy partiyalarning fuqarolik jamiyati va davlat o‘rtasidagi vositachilik roli, Konstitutsiyaviy-huquqiy maqomi oliy darajada e’tirof etilganligini anglatadi.
Jamiyatda siyosiy partiyalarning erkin faoliyat ko‘rsatishi demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etishning asosiy garovidir. Partiyalarning demokra­tiyani shakllantirishdagi bevosita ta’siri ularning ja­moat tashkiloti ekanliklaridan kelib chiqadi, ya’ni siyosiy partiya xalq hokimiyatchiligini amalga oshirish maqsadida aholining ijtimoiy fikrini ifodalovchi yirik ij­timoiy tashkilot sifatida namoyon bo‘ladi.
O‘zRning birinchi Prezidenti Islom Karimov ta’kidlaganidek, "Partiya degani bu mansab uchun, lavozim uchun kurash emas, balki muayyan g‘oya uchun, uning ja­miyatda ustuvor bo‘lishi va ro‘yobga chiqishi uchun kurash demakdir. Agar partiya ma’nosini mana shu nuqtai nazardan tushunar ekanmiz, qancha partiya bo‘lsa bo‘laversin, ular­ning faoliyatiga tegishli sharoit yaratib beriladi" (Karimov I.A. Bizdan ozod va obod Vatan qolsin. 2-j.T.: O‘zbekiston. 1996. B.351.).
O‘tgan asrning 20-yillari boshlariga kelib, mamlakatimiz hududida yakka partiyaviylik bilan bir qatorda yakka hokimlik o‘rnatildi. Turli nom va ko‘rinishdagi barcha partiyalarning faoliyati tugatildi. Bolsheviklar partiyasi hamma jabhaga kirib borib, asosiy boshqaruv jilovini qo‘lga oldi. Hukmron partiya davlat va hukumatning asosiy funksiyalari mazmun-mohiyatini belgilab beruvchi kuchga aylana bordi. Bunday sharoitda demokratiya va uning asosiy institutlaridan nishon ham qolmasdi. Kommunistik partiyaning g‘oyasiga ko‘ra, har bir insonning dunyoqarashi kommunistik mafkura asosida shakllanishi kerak edi. Kommunistlar tub aholining manfaati, mentaliteti hamda davlatchilik tarixi bilan umuman hisoblashmasdi.
Komunistik partiya faoliyatining asosiy qoidalari demokratik sentralizm deb atalsa-da, aslida o‘taketgan markazlashuv (avtoritar, byurokratik boshqaruv)ni anglatardi. Fikrlar xilma-xilligiga yo‘l qo‘ymaslik, siyosiy tashkilotga xos bo‘lmagan ma’muriy-xo‘jalik masalalari bilan shug‘ullanish, davlat idoralari, shuningdek, jamoat birlashmalari ishlariga aralashish va boshqalar partiya faoliyatining asosini tashkil etardi.
Kompartiya butun siyosiy hokimiyat tizimi o‘zagini tashkil qilar edi: "U rahbarlikning shunday bir qismi ediki, bu qism qolgan jamiki rahbarlikka rahbarlik qilardi, ya’ni oliy maqomdagi rahbariyat edi. Rahbarlikning va jamiyatni boshqarishning barcha tizimlari bevosita partiya boshqaruvi nazorati ostida ishlar, amalda ham uning uzviy bir davomi va bamisoli shaxobchasiday edi (Levitin L., Karlayl D. Islom Karimov yangi O‘zbekiston Prezi­denti. -T.: O‘zbekiston, 1996 .B. 58).
Ushbu partiya va uning kelajakni o‘ylamay ishlab chiqilgan xom mafkurasi XX asrning 90-yillariga kelib siyosiy inqirozga yuz tuta boshladi. Buni har xil siyosiy o‘yinlar va boshboshdoqlik hamda davlat to‘ntarishlarida ko‘rish mum­kin edi. Shunga o‘xshash turli xil siyosiy inqirozlar kompartiyaning bundan keyin faoliyat yurita olmasligini amalda isbotladi.
Shu davrga kelib, partiya a’zolari orasida ham mustaqillik g‘oyalari kuchayib, ular amaliy ishlarga aylana boshladi. O‘zbekistonda 1989 yilda partiya rahbariyatiga Islom Kari­mov kelgandan so‘ng ichki va tashqi siyosatda jiddiy o‘zgarishlar yuz bera boshladi. Aholining ijtimoiy ahvolini yaxshilash maqsadida turli tadbirlar amalga oshirildi.
Oliy Kengash tomonidan 1991 yil 15 fevralda "O‘zRda jamoat birlashmalari to‘g‘risida"gi Qonunning qabul qilinishi bilan mamlakatda jamoat birlashmalarining erkin va mustaqil faoliyat yuritishlari uchun ilk bor mustahkam huquqiy asos yaratildi.
Sobiq ittifoqdosh respublikalarda bo‘lganidek, O‘zbekistonda ham turli xil siyosiy guruhlar va harakatlar vujudga kela boshladi. Xususan, 1988 yil 16-noyabrda "Birlik" xalq harakati tashkil etildi. Ushbu harakat ilk siyosiy ja­moat birlashmasi bo‘lganligi uchun o‘z faoliyatida ko‘plab xatolarga yo‘l qo‘ydi. Ular faoliyat nuqtai nazaridan ko‘proq harakat emas, balki siyosiy partiyaga o‘xshab ketar edi. Harakat a’zolari o‘sha paytdagi siyosiy vaziyatdan foydalanib, turli xil miting, namoyishlar o‘tkazish orqali o‘zlarini "xalqparvar" qilib ko‘rsatishga hamda shu yo‘l bilan soxta obro‘ olishga harakat qilar edilar. Aslida esa ushbu harakat Litva Respublikasida o‘sha paytda faoliyat yuritayotgan "Sayudis" tashkilotiga taqliddan boshqa narsa emas edi.
"Birlik"chilar o‘z faoliyatlarini Boltiqbo‘yi respublikalaridan harakatlarning dasturlarini ko‘chirishdan boshladi. Bunda ular O‘zbekistonning o‘ziga xos xususiyatlarini mavjud sharoitni, siyosiy muhitni, kishilarning siyosiy madaniyati darajasi va boshqa omillarni hisobga olmasdan turib, Boltiqbo‘yi respublikalaridagi tashkilotlarning faoliyatini aynan takrorlashga harakat kildilar", "... ular o‘tish davridagi iqtisodiy va ijtimoiy qiyinchiliklarni bartaraf qilishga kirishgan hukumat va uning mahalliy organlariga yordam berish o‘rniga, aksincha, ular tomonidan olib borilayotgan xayrli tadbirlarni payqamaslikka, hattoki, eng xalqchil va ijobiy islohotlarni ham tanqid qilishga intilar edilar. Shuning uchun ham harakat xalq ichida o‘z ildiziga ega bo‘lmadi” (Qirg‘izboyev M. Fuqarolik jamiyati: siyosiy qarashlar, mafkuralar, madaniyatlar. -T.: Sharq, 1998.-B. 116.).
Tashkilotda ichki nizolar avj olib, siyosiy porakandalikka yuz tutildi hamda u ikkiga bo‘linib ketdi. 1990 yil 30 aprelda "Erk" partiyasi ta’sis qurultoyi bo‘ldi, unda partiyaning dasturi va nizomi qabul qilindi. Ushbu tashkilotning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi balandparvoz gaplar bo‘lib, uni amalga oshirish mexanizmi ishlab chiqilmagan edi. Mazkur partiya ham "Birlik" harakati singari hissiyotga berilish, mitinglar, inqilobiy chaqiriqlar, yolg‘on va’dalardan nariga o‘ta olmadi. Xalqdan ajralib qolgan partiya o‘zining ayrim "siyosatchilari"dan tashqari tarafdorlariga ham ega emas edi.
"Erk"chilar saylovda mag‘lubiyatga uchraganlaridan keyin o‘zlarini demokratiya tarafdorlari deb atasalar-da, endi g‘ayridemokratik yo‘llar bilan siyosiy hokimiyatni qo‘lga kiritishga harakat qildilar. Ular hech qanday qonunni, hattoki Konstitutsiyani mensimaydigan jinoyatchilar guruhiga aylandilar" (Azizxo‘jayev A.A. Mustaqillik: kurashlar, iztiroblar, quvonchlar. -T.: Akademiya, 2001. B. 67.).
Aniq dasturiy hujjatlarning yo‘qligi, noma’qul qadami, o‘zaro murosasizligi, so‘l-ekstremistik va fundamentalistik kuchlarni qo‘llab-quvvatlashi natijasida ayrim partiya va harakatlarga nisbatan respublika rahbariyati to­monidan bu xavfning oldini olish choralari ko‘rildi.
Shu tariqa "Erk" partiyasi 4 yildan oshiq faoliyati da­vomida siyosiy o‘yinlarni qanchalik namoyish etmasin, tor manfaatlar girdobidan chiqa olmadi. Shu o‘rinda, mazkur masala yuzasidan partiyaning o‘sha paytdagi faollaridan birining matbuotdagi quyidagi fikrlarini keltirib o‘tish joiz: "Butun bir siyosiy partiya bugungi kunda xususiy tashkilotga aylanib qoldi va o‘z egasiga xizmat qilmoqda. Partiya raisi yolg‘iz o‘zi partiya nomidan qarorlar va bayonotlar qabul qilmoqda, qurultoy va plenumlarda saylanadigan shaxslarni lavozimga tayinlab, lavozimdan olmoqda. Kommunist diktatorlar ham bunday ishlarni qilmagan edi" (Yigitaliyev S. Men xalq bilan birgaman // "Xalq so‘zi" gazetasi, 1993 yil 29 dekabr.).
O‘zbekistonda milliy mustaqillikning e’lon qilinishi, Ittifoqdan mustaqil davlat tuzilmalarining shakl­lanishi, sobiq kommunistik partiya tashkilotlarining butunlay tugatilishi natijasida fuqarolik jamiyati instituglarini shakllantirish uchun shart-sharoitlar yaratildi. Mamlakatda xalq o‘z manfaatlari va siyosiy irodasini erkin bildirish, erkin ifoda etishi uchun huquqiy asoslar hamda munosib siyosiy muhit yaratilishi bilan siyosiy partiyalar ham tuzila boshladi.
Hozirgi davr jahondagi demokratiyaning asosiy mezonlaridan biri saylovlarning ko‘ppartiyaviylik asosida o‘tkazilishidir. 1991 yilning 18 noyabrida qabul qilingan "O‘zR Prezidenti saylovi to‘g‘risida"gi Qonunda saylovning ko‘ppartiyaviylik asosida o‘tkazilishi hukuqiy jihatdan e’tirof etildi. Mazkur Qonunda siyosiy partiyalar mamlakat Prezidentligiga nomzodlar ko‘rsatish huquqiga ega ekanligi bayon etildi.
"O‘zRda jamoat birlashmalari to‘g‘risida”gi Qonunning ko‘ppartiyaviylik tizimi shakllanishining huquqiy jihatlarini ta’minlab berishi natijasida mamlakatda yangi siyosiy partiyalarning yuzaga kelish jarayoni boshlandi. Milliy mustaqillik davrida tashkil topgan ilk siyosiy partiya O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidir. Partiyaga 1991 yil 1 noyabrda bo‘lib o‘tgan ta’sis qurultoyida asos solindi. Qurultoy mustaqil O‘zbekiston tarixidagi muhim siyosiy voqea, ya’ni O‘zbekiston XDP ta’sis etilganligini e’lon qilib, uning Dasturi va Nizomini qabul qildi.
Lekin, Xalq demokratik partiyasi tashkil etilgandan so‘ng, uning rivojlanishi bir tekisda ketdi, deb bo‘lmaydi. Xususan, XDPning ko‘pgina mahalliy kengashlari partiya quyi bo‘g‘ini tizimini tezroq shakllantirishga berilib, ular tarkibining sifatiga, a’zolarning umumiy soni va uyushganlik darajasiga yetarli e’tibor bermadilar. Oqibatda a’zolar soni 10 kishigacha bo‘lgan boshlang‘ich partiya tashkilotlari soni ularning umumiy sonining qariyb yarmini tashkil etdi.
Mazkur partiya tashkil etilganidan hozirgi kunga qadar uch marotaba Prezident saylovlarida hamda parlament saylovlarida ishtirok etib, o‘z saylovchilari ishonchini qozongan holda parlamentda o‘z fraksiyasini tashkil etishga erishdi. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi bugungi kunda parlament partiyasi sifatida faoliyat yuritmoqda.
O‘zbekistonda ko‘ppartiyaviylikning rivojlanish tarixida o‘z o‘rniga ega partiyalardan yana biri O‘zbekiston "Va­tan taraqqiyoti" partiyasi bo‘ldi. Ushbu partiya 1992 yil 24 mayda bo‘lib o‘tgan ta’sis qurultoyida tashkil topgan. Partiya o‘z oldiga Vatan va xalq kelajagi uchun shaxsiy mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir hurfikrli insonlarni tanlash, o‘zbek xalqining mustamlakachilik davrida mamlakatimiz hududidan olib ketilgan moddiy va ma’naviy boyliklarni qaytarish uchun kurashish, taraqqiyotga g‘ov bo‘layotgan byurokratiya, korrupsiyaga qarshi kurashishda ularni keltirib chiqaradigan sabablarni bartaraf qilishga, O‘zbekistondagi ekologik vaziyatga jahon jamoatchiligi e’tiborini jalb kilish, ilm-fan taraqqiyotining iqtisodiy omillarini qayta ko‘rib chiqish kabi vazifalarni maqsad qilib qo‘ygan edi.
Mustaqillikning dastlabki yillarida tashkil topgan partiyalardan yana biri O‘zbekiston "Adolat" sotsial-demokratik partiyasidir. Ushbu partiya 1995 yil 18 fevralda bi­rinchi ta’sis Qurultoyida tuzilgan. Ushbu Qurultoyda uning Dasturi va Nizomi qabul qilingan. Ta’sis qurultoyida avvalgi saylovlarda saylangan tashabbuskor guruhning 47 deputati ishtirok etib, ular "Adolat" sotsial-demokratik partiyasining parlamentdagi fraksiyasini tashkil etdi.
O‘zbekiston "Adolat" sotsial-demokratik partiyasi O‘zbekistonda shakllangan ilk sotsial-demokratik partiyadir. Hozirgi kunda ko‘plab mamlakatlarda sotsial-demokratik yo‘nalishdagi partiyalarning mavqei ancha ustun. Sotsial-demokratik partiyalarning asosiy maqsadi jamiyatdagi ijtimoiy muammolarni hal etishga qaratilgan bo‘ladi. Partiya shuning uchun ham rivojlangan mamlakatlardagi sotsial-demokratik yo‘nalishdagi partiyalar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yishga va xalqaro sotsial demokratik harakatlarda faol ishtirok etishga intilmoqda.
O‘zbekiston "Adolat" sotsial-demokratik partiyasi o‘rta sinf va ehtiyojmand aholi tabaqasiga tayanadi, ularning siyosiy va ijtimoiy irodalarini ifodalashga intiladi. Aholining kam ta’minlangan qatlamlarini ijtimoiy muhofaza etishga ko‘maklashadi, ijtimoiy adolat tamoyillariga qat’iy amal qilib, ularning manfaatlarini, haq-huquqlarini himoya qiladi.
Mustaqillik yillarida tashkil topgan partiyalardan yana biri O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidir. Ushbu partiya 1995 yil 3 iyunda birinchi ta’sis Qurultoyida tuzilgan.
O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasining asosiy maqsad-vazifasi milliy an’analar va qadriyatlarni asrashdan iborat.
O‘zRning birinchi Prezidenti Islom Karimov mazkur partiya faoliyatiga baho berib quyidagi fikrlarni bildirgan edi: "Bu partiyaning, mening nazarimda, boshqalardan farqli o‘laroq, xalqimizda milliy o‘zlikni anglash, milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini yuksaltirish haqida ko‘proq qayg‘urishi tabiiydir. Biz kimmiz? Kimning avlodimiz? Millatimiz nima hisobidan ulug‘ bo‘lgan, dunyoga tanilgan? Bu­gun dunyoga chiqishning qanday imkoniyatlari bor? Kelajagi buyuk davlat qurishni niyat qilgan ekanmiz, buning uchun qanday hayotiy asoslar mavjud?" degan savollarga javob topish Milliy tiklanish partiyasining asosiy faoliyat yo‘nalishiga aylanishi kerak".
1998-yil 28-dekabrda “Fidokorlar” milliy-demokratik partiyasi tashkil etiladi. 2000 yil 14 aprel kuni "Vatan taraqqiyoti" parti­yasi va “Fidokorlar” milliy-demokratik partiyasining qo‘shma qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Unda har ikki partiya harakati, faoliyat dasturi yakdilligi muhokama qilindi, ular­ning birlashib ishlashlari maqsadga muvofiq, degan xulosaga kelindi va ikkita partiya birlashdi.
2008 yil 20 iyun kuni O‘zbekiston "Fidokorlar" mil­liy demokratik partiyasi va O‘zbekiston "Milliy tikla­nish" demokratik partiyasining birlashuv qurultoyi bo‘ldi. Unda asosiy masala O‘zbekiston "Milliy tiklanish" demok­ratik partiyasi va "Fidokorlar" milliy demokratik partiyasini birlashtirish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqilib, ikkala partiyaning birlashishi to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Qurultoyda partiyalarning maqsadli dasturiy vazifalari mazmun-mohiyatiga ko‘ra bir-biriga yaqin, ya’ni, milliy tiklanish va vatanparvarlik g‘oyasini ro‘yobga chiqarish, milliy an’ana va qadriyatlarni himoya qilish, asrab-avaylash hamda rivojlantirish ekanligi ta’kidlandi.
2009 yilgi OM Qonunchilik palatasiga o‘tkazilgan saylovlar yakuniga ko‘ra, Milliy tiklanish demok­ratik partiyasining 31 ta deputatdan iborat fraksiyasi ro‘yxatga olingan.
O‘zbekiston siyosiy tizimida o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘lgan O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining (O‘zLiDep) Nizomi va Dasturi uning 2003 yil 15 noyabrda bo‘lib o‘tgan Ta’sis Qurultoyida tasdiqlangan.
O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi umummilliy siyosiy tashkilot sifatida mulkdorlar qatlami, kichik biz­nes, fermerlik va dehqon xo‘jaliklari vakillari, ishlab chiqarishning yuqori malakali mutaxassislari va boshqaruv xodimlari, ishbilarmonlar manfaatlarini ifodalaydi va himoya qiladi. Partiya 2009 yilgi saylov natijalariga ko‘ra, OM Qonunchilik palatasida 53 ta deputatdan ibo­rat fraksiyaga ega.



Download 0.52 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   ...   91




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling