O’zbekistonda fuqarolarning huquq erkinliklarining ta’minlanishi (o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, davlat qurilishi va fuqarolik jamiyati, insonparvar jamiyat)
Fuqarolik jamiyati institutlarini shakllantirishning asosiy kafolati, ya’ni ularning huquqiy asoslarini yaratish maqsadlarida 1991 yilning 15 fevralida O‘zbekiston Oliy Kengashi «O‘zbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari to‘g‘risida»gi qonunni qabul qildi. Mazkur qonun respublikada faoliyat yuritib kelayotgan jamoat birlashmalari faoliyatini tubdan isloh qilishga, ularni sobiq yakkahokim mafkuradan poklanishiga, shuningdek, jamoat birlashmalari tizilmalarini davlat va hukumat tizimidan ajratishga huquqiy shart-sharoitlar yaratib berdi. Respublika ijtimoiy-siyosiy hayotida birinchi marta mazkur qonunda jamoat birlashmalarining maqsadlari xalqaro va demokratik mezonlar asosida ta’riflab berildi: «Jamoat birlashmalari fuqarolik, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy, huquqiy hamda erkinliklarni ro‘yobga chiqarish va himoya qilish, fuqarolarning faolligi va tashabbuskorligini, davlat va jamoat ishlarini boshqarishda ularning ishtirok etishini rivojlantirish...» maqsadlarida tuziladi.
2002 yilning 29-30 avgustida bo‘lib o‘tgan ikkinchi chaqiriq Oliy Majlisning IX sessiyasi mamlakatda fuqarolik jamiyati qurishni avj oldirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Mamlakatda «Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari» tamoyilidan kelib chiqib, fuqarolik jamiyatiqurish maqsadlarida davlat hokimiyatining aksariyat vakolatlarini mahalliy hokimiyat organlari va o‘zini o‘zi boshqarish organlariga berish jarayonlari boshlandi. Markaziy davlat hokimiyati tasarrufida esa asosan, faqat konstitutsion tuzumni, mamlakatning mustaqilligi va hududiy yaxlitligini himoya qilish, huquq-tartibot va mudofaa qobiliyatini ta’minlash, inson huquqlari va erkinliklarini, mulk egalarining huquqlarini, iqtisodiy faoliyat erkinligini himoya qilish, kuchli ijtimoiy siyosat yuritish, samarali tashqi siyosat olib borish kabi vakolatlarni qoldirish ko‘zda tutilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |