O‘zbekistonning tinchliksevar mustaqil tashqi siyosati va uning jahon hamjamiyati tomonidan tan olinishi reja


Download 33.42 Kb.
bet1/3
Sana29.12.2022
Hajmi33.42 Kb.
#1071951
  1   2   3
Bog'liq
O‘ZBEKISTONNING TINCHLIKSEVAR MUSTAQIL TASHQI SIYOSATI VA UNING JAHON HAMJAMIYATI TOMONIDAN TAN OLINISHI


O‘ZBEKISTONNING TINCHLIKSEVAR MUSTAQIL TASHQI SIYOSATI VA UNING JAHON HAMJAMIYATI TOMONIDAN TAN OLINISHI
Reja

  1. O'zbekistoning tinchlik sevar tashqi siyosati va uning jahon hamjamiyati tomonidan tan olinishi

  2. O‘zbekistonning jahon hamjamiyatiga integratsiyalashuvida Prezident I.A.Karimovning o‘rni va roli

  3. O'zbekistoning hamjamiyati tomonidan tan olinishi

  4. Mustaqil O’zbekistonning BMTga qabui qilinishi va jahon hamjamiyatidagi o‘ziga xos o‘rni

Tarixga buyuk o‘zgarishlar davri bo‘lib kirgan XX asrning so‘nggi o‘n yilligida yer yuzidagi kuchlar nisbati tubdan o‘zgarib, dunyodagi qarama-qarshi bo‘lgan ikki tuzum (SSSR boshchiligidagi sotsialistik va AQSH boshchiligidagi kapitalistik tuzum) barham topdi. Yer yuzidagi bunday keskin o‘zgarishlar har bir mustaqil taraqqiyot yo‘lini tanlagan davlatlar uchun jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egallashga harakat qilish imkoniyatini yaratdi.


Tashqi bu imkoniyat va yurtimizning o‘z taraqqiyot istiqbollari uchun qulay jug‘rofiy-siyosiy imkoniyatlarga ega ekanligi O‘zbekistonning mustaqil tashqi siyosat yuritish, jahon hamjamiyatidan o‘zining munosib o‘rnini topishiga keng yo‘l ochib berdi. Bu borada O‘zbekistonning qadimdan dunyo xalqlari bilan aloqalari, Buyuk Ipak yo‘lining asosiy yo‘nalishlari yurtimiz orqali o‘tganligi, Markaziy Osiyo mintaqasidagi qadimiy savdo va madaniy aloqalarda yurtimizning hissasi yirik bo‘lganligi qo‘l kelgan bo‘lsa, qisqa fursatda tashqi siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarimizning kengayishida, O‘zbekistonning jahon hamjamiyatiga integratsiyalashuvida Prezident I.A.Karimovning o‘rni va roli beqiyosligini alohida ta’kidlab o‘tmoq lozim.
Mustabid tuzum hukmronligi davrida sobiq ittifoqning boshqa respublikalari qatori O‘zbekiston ham zohiran xorijiy davlatlar bilan mustaqil munosabatlar o‘rnatish, jumladan tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish huquqiga ega suveren respublika hisoblanardi. Ammo haqiqatda hammasi aksincha bo‘lib suveren respublikalarning Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan xalqaro huquqlari shunchaki quruq gap – targ‘ibotchilik xususiyatiga ega edi, xolos. Bunday holat O‘zbekiston hayotiga halokatli ta’sir ko‘rsatayotgan edi.
O‘zbekiston to‘g‘ridan-to‘g‘ri xalqaro maydonga chiqish huquqidan mahrum, nafaqat tashqi siyosiy, balki tashqi iqtisodiy davlat muassasalariga ham ega emas edi. Unda mustaqil ravishda tashqi aloqalarni o‘rnatish huquqi mutlaqo bo‘lmagan. Xalqaro munosabatlar faqat markazning ruxsati va qattiq nazorati ostida amalga oshirilardi. Natijada respublikaning tashqi aloqalari chegaralangan doiralarda namoyon bo‘lib, avvalboshdan o‘zining notabiiyligi va sinfiy-mafkuraviy yo‘nalishi bilan ajralib turardi.
O‘zbekistonning sobiq ittifoqning tashqi iqtisodiy aloqalaridagi ishtiroki respublikani faqat tovar eksport qiluvchi darajasiga tushirib qo‘ygan imperiyaviy mafkura asosida amalga oshirilardi. Buning ustiga, iqtisodning ekstensiv rivojlanishi sharoitida sanoat jihozlarining alohida turlarini hisobga olmaganda, eksportning asosiy manbai shafqatsiz ravishda qurilayotgan tabiiy-xom ashyo resurslari edi. O‘zbekistondan paxta, ipak, qorako‘l, oltin, rangli metallar, hunarmandchilik buyumlari va boshqa mahsulotlar olib ketilardi. Bularning barchasi qat’iy valyutada o‘nlab million rublni tashkil etishiga qaramay, respublika eksport daromadlaridan xalq farovonligini oshirish, milliy iqtisodni mustahkamlash, uni o‘z manfaatlaridan kelib chiqib rivojlantirish yo‘lida foydalana olmas edi.
O‘zbekiston sobiq ittifoqning eksport imkoniyatlarini oshirishga ulkan hissa qo‘shgan bo‘lishiga qaramay, tashqi bozorga yetkazib bergan mahsulotlariga nisbatan arzimas miqdordagi import mollari va valyutani olar edi. Prezident I.A.Karimov ta’kidlagani kabi mustabid tuzum davrida O‘zbekiston “tashqi savdo sohasida Markaz monopoliyasining qattiq iskanjasini” hamisha o‘zida his etib turar edi. Barcha valyuta hisob-kitoblari faqat Ittifoq idoralari orqali amalga oshirilganligi tufayli respublika o‘z eksportidan kelgan foydaning qayoqqa gumdon bo‘layotganidan bexabar qolardi.
Boshqacha aytganda, xalqaro hamkorlikning sobiq “qizil imperiya”ning kommunistik dunyoqarashdagi mafkurasiga asoslangan mustamlakacha-mustabidcha tabiatiga mos sovet andozasi avvalboshdan tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanish vazifasi faqat markaz ixtiyoriga berilganligidan kelib chiqar edi. Respublikalar, jumladan, O‘zbekistondan “yuqori”dan majburan qabul qildirilgan strategik siyosatni so‘zsiz bajarish talab qilinar edi.
Xalqaro maydonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish huquqidan mahrum etilgan O‘zbekiston o‘z tashqi siyosatini mustaqil amalga oshirish, jahon hamjamiyatiga kirishning o‘ziga xos yo‘lini tanlash, tashqi iqtisodiy faoliyatining yo‘nalishlari va ustuvor jihatlarini belgilash imkoniyatiga ega emas edi. Mustaqillikning qo‘lga kiritilishi xalqaro hamkorlikning mustabid tuzum davrida shakllangan sovet andozasini tubdan o‘zgartirish, O‘zbekistonning milliy manfaatlariga mos keladigan ko‘p qirrali faol tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishni ta’minlashning birlamchi sharti sifatida maydonga chiqdi.
1991 yilda O‘zbekiston siyosiy suverenitetini e’lon qilib, mustaqil rivojlanishning dastlabki kunlaridan boshlab boshqaruvning mustahkam o‘rnashib qolgan ma’muriy-buyruqbozlik tizimidan voz kechish yo‘lini tutdi. Yosh davlat ijtimoiy himoyalangan bozor iqtisodiyoti va ochiq tashqi siyosatga asoslangan huquqiy-demokratik jamiyatning asoslarini qurishga kirishdi.
Bu harakatlar butun xalqning kuch qudrati bilan eng mohir siyosiy namoyandalarning qat’iy harakatini yalpi safarbar etishni taqozo qildi.
Ana shunday sharoitda O‘zbekiston Prezidenti I.A.Karimov o‘zbek xalqining milliy uyg‘onishi manfaatlariga sodiqligi, dadil va qat’iyatli faoliyat hamda uzoqni ko‘ra oladigan siyosatchiligi bilan alohida ajralib turdi.
Islom Karimovning mamlakatimiz rahbari sifatidagi siyosiy faoliyatini kuzatganda hali sobiq mustabid davlat tarkibida bo‘lgan ittifoqdosh respublikalar orasida O‘zbekistonning birinchi Prezidenti bo‘lishi bilanoq o‘zbek xalqining sodiq farzandi sifatida mustaqil davlat taraqqiyotining g‘oyaviy asoslarini ishlab chiqqanligini yaqqol ko‘rish mumkin. Shu bilan birga, Gorbachyovning qayta qurish siyosati o‘zining so‘nggi damlarini kechirayotganini tushunib, o‘sha paytdayoq u O‘zbekistonning markazga bo‘ysunmagan holda mustaqil tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy faoliyat olib borishi uchun zamin tayyorlash zarurligini ko‘ra oldi. Jumladan, tashqi faoliyat sohasida Islom Karimov tomonidan hammadan avval respublikani xom ashyo yetkazib beruvchi mamlakatdan iqtisodiy jihatdan yuqori darajada rivojlangan, jahon andozalariga javob beradigan va kelgusida dunyo iqtisodiy maydonida integratsiyalashuv bilan keng ko‘lamli iqtisodiy hamkorlik qilishga qobil davlatga aylantirishga asosiy e’tibor qaratish zarurligi to‘g‘risidagi g‘oya ilgari surildi. Hali to‘la mustaqillikka erishmay turib, mustabid tuzum sharoitida I.A.Karimov tashabbusi bilan 1991 yilning iyunida “O‘zbekiston SSRning tashqi iqtisodiy faoliyati to‘g‘risida” va “O‘zbekiston SSRning chet el investitsiyalari to‘g‘risida” muhim Qonunlarning qabul qilinishi respublika rahbari ko‘tarib chiqqan bu g‘oyalarni hayotga tadbiq etish yo‘lidagi dastlabki qadamlar bo‘ldi.
Ittifoq davlat birlashmasi ham mavjud bo‘lishiga qaramay, mazkur hujjatlarda O‘zbekiston iqtisodiga chet el investitsiyalarini kiritishning huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy asoslari, shuningdek, uni amalga oshirish tartibi belgilab berildi, Respublika hududidagi xorijiy sarmoyalarning davlat tomonidan kafolatlanishi qonun yo‘li bilan rasmiylashtirildi. Keyinchalik ular boshqaruvning ma’muriy-buyruqbozlik usulidan sekin-asta bozor usuliga, jumladan, tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solishga o‘tishni amalga oshirishdan iborat iqtisodiy islohotlarning birinchi bosqichida muhim rol o‘ynadi.
Haqiqiy mustaqillik sharoitida, rivojlanishning boshlanish holatida esa respublikaning ichki qurilishi murakkab masalalarini hal qilish va tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash davrini boshidan kechirishiga to‘g‘ri keldi. Sobiq Ittifoqning tashqi savdoga va tashqi aloqalarni boshqarishning butun huquqiy me’yorlar tizimiga bo‘lgan davlat monopoliyasining tugatilishi bilan birga kechgan mustabid tuzumning halokati oqibatlari buning obyektiv sababi bo‘ldi.
Umumittifoq tashqi savdo va tashqi iqtisodiy tuzilmalar faoliyatining to‘xtashi, bunday idoralarning O‘zbekistonda bo‘lmaganligi mustaqillikning dastlabki bosqichida tashqi siyosatni amalga oshirishda muayyan qiyinchiliklarni keltirib chiqardi. O‘sha davrda vujudga kelgan bunday vaziyat O‘zbekistonga tashqi iqtisodiy majmuaning boshqaruv tizimi bilan birga, tashqi siyosat bo‘yicha o‘zining modelini jadal suratda shakllantirish, shuningdek, tashqi aloqalarni yo‘lga qo‘yish prinsiplarini ishlab chiqish va O‘zbekistonning jahon iqtisodiy tizimiga integratsiyalashuv yo‘lini mustaqil belgilashni zarur qilib qo‘ydi.
Istiqlolning dastlabki kunlaridan boshlab O‘zbekistonda xalqaro tashkilotlarning faoliyatini o‘rganish, xorijiy davlatlar bilan diplomatik, turistik aloqalarni yo‘lga qo‘yish va bu ishlarda faoliyat yuritish uchun yuqori malakali milliy kadrlar yetishtirish ehtiyoji kelib chiqdi. Shuni ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston bu ishlarni rejali tarzda amalga oshirdi.
1991 yil 31 avgustda Oliy Kengashning VI sessiyasida qabul qilingan “Mustaqillik haqidagi Bayonot”da “Xalqaro hamjamiyatning to‘la huquqli a’zosi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarda mustaqil davlat, xalqaro huquq subyekti sifatida qatnashadi, uning maqsadlari mustahkam tinchlik, qurolsizlanish, o‘z hududini qurol-yarog‘lardan holi qilish, yadroviy qurolni va boshqa ommaviy qirg‘in qurollarini yo‘qotish, suveren davlatlar o‘rtasidagi nizo va ziddiyatlarni hal etishda kuch ishlatish va tazyiqqa yo‘l qo‘ymaslikdan iborat”, deb yozib qo‘yildi. O‘z tashqi siyosatining asosiy yo‘lini belgilab olgan O‘zbekiston Respublikasi 1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan Konstitutsiyamizning XVII moddasida bu yo‘lni qonun bilan mustahkamladi.
Prezident I.A.Karimov o‘zining asarlari, maqolalari va nutqlarida O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining asosiy ustuvor tamoyillarini nazariy va amaliy jihatdan asoslab, “... davlatimiz tashqi siyosatining ma’no-mazmuni va maqsadi bitta – u ham bo‘lsa, O‘zbekiston manfaatidir”,1 deb alohida uqtirdi.
Davlatimizning tashqi siyosat bobidagi tamoyillari quyidagilardir:
mafkuraviy qarashlardan qat’iy nazar hamkorlik uchun ochiqlik, umuminsoniy qadriyatlarga, tinchlik va xavfsizlikni saqlashga sodiqlik;
davlatlarning suveren tengligi va chegaralar daxlsizligini hurmat qilish;
boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik;
nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish;
kuch ishlatmaslik va kuch bilan tahdid qilmaslik;
inson huquqlari va erkinliklarini hurmatlash;
ichki milliy qonunlar va huquqiy normalardan xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan qoidalari va normalarining ustuvorligi;
davlatning, xalqning oliy manfaatlari, farovonligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida ittifoqlar tuzish, hamdo‘stliklarga kirish va ulardan ajralib chiqish;
tajovuzkor harbiy bloklar va uyushmalarga kirmaslik;
davlatlararo aloqalarda teng huquqlilik va o‘zaro manfaatdorlik, davlat milliy manfaatlarining ustunligi;
Tashqi aloqalarni ham ikki tomonlama, ham ko‘p tomonlama kelishuvlar asosida rivojlantirish, bir davlat bilan yaqinlashish hisobiga boshqasidan uzoqlashmaslik.
Mustaqil davlatimiz xalqaro huquqning umumjahon e’tirof etgan normalariga sodiqligini bildirib, uni o‘z Konstitutsiyasida ham mustahkamladi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi Xalqaro huquq tamoyillari va normalarining butun bir majmui – BMT Ustaviga, Inson huquqlari Deklaratsiyasiga va inson huquqlariga oid boshqa xalqaro huquq bitimlaridan – Xelsinki bitimi, Parij va Madrid xartiyalariga asoslandi. Shuningdek, Asosiy Qonunga kiritilgan qonunlarni rivojlantirish maqsadida “Diplomatik munosabatlarni o‘rganish tartibi”, “O‘zbekistonda xalqaro shartnomalarni tuzish, ijro etish va bekor qilish” haqida aktlar ham qabul qilindi. Ularda tashqi siyosatning har tomonlama asoslangan tamoyillari o‘z aksini topdi.
Bu tamoyillar yosh suveren davlatning asosiy tashqi siyosiy doktrinasini ifoda etish bilan birga davlatlararo munosabatlar yo‘nalishlarining rivojlanishi va keng doiradagi tashqi muammolarni hal qilish imkonini berdi. Mamlakatimizning jahon xalqlari tinchligi va xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan tinchliksevar tashqi siyosati uning jahon miqyosida mustaqil davlat sifatida tan olinishini ta’minladi.
Davlatimizning tashqi siyosatdagi demokratik prinsiplarga to‘liq amal qilishi bois 1991-1992 yillarda O‘zbekistonni 111 davlat tan olgan bo‘lsa, bugungi kunga qadar 143 ta davlat tan oldi.
Jahonning 120 dan ortiq mamlakati bilan diplomatik aloqalar o‘rnatildi. Toshkentda 40 dan ortiq mamlakatning elchixonalari ochildi. Respublikada 88 ta xorijiy mamlakat vakolatxonalari akkreditatsiya qilingan, 24 hukumatlararo va 13 nohukumat tashkilotlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Dunyodagi 30 dan ortiq davlatda O‘zbekistonning elchixonalari va konsullari ishlab turibdi.



Download 33.42 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling