Qofu nun – ko’zu labing, madd alifu madd – qoshing,
Ro’yi astoring boshingdin oyog’ing Qur’on qiz...
Mashrab yorning ko‘zini “qof”ga, labini “nun”ga, qoshini “madd” belgisiga, qaddini “alif” harflariga o’xshatmoqda.
Quyidagi baytda ham istixroj san’ati qo‘llanilgan bo’lib, shoir arab harflariga monand oshiq-ma’shuqlarning qaddi-qomatlarini tasvirlab bermoqda:
Alifdek jon arosinda niholi qomatin asrab,
G‘amidin oqibat qaddimni nun yanglig‘ duto qildi…
Baytda “jon” so’zining o’rtasidagi “alif” harfi yorning qaddiga monand. Yor ا-“alif”dek tik qomatini ج – “jim” va ن – “nun” harflari bilan himoyalangani kabi o‘z “nihol”ini asragan. Oshiqning yorning vasliga erisholmayotganligi sabab, uning qaddi ن– “nun” harfiga monand egilgan.
Mashrab she’rlarida yorning qaddi doim “alif” singari tik, qoshi esa “nun” yoki “yo” harflari ko‘rinishida aks etadi. Mazkur misrada ham shunday tasvirlar mavjud:
Qadding “alif”ga o’xshar, qoshing chu “yo” nigorim.
Mashrab nafaqat ayrim misralarni, balki butun bir she’rlarini shu san’at asosda yaratgan va Hurufi hijo san’atini vujudga keltirgan. Agar shoir arab harflari bilan mazmunni oydinlashtirmoqchi, fikrni asoslamoqchi va badiiy ta’sirni kuchaytirmoqchi bo’lsa, unda u istixrojning bir turi hurufi dalolat – daliliy harflar san’atidan foydalanadi.
Nasimiy haqida so’z yuritganimizda Mashrabning undan ijodiy ilhom olib “hurufiy” she’rlar bitganligini aytib o’tganmiz.
Mashrabning quyidagi matla’li she’ridan namuna:
Ey, alifdek qomatingdin istido qildim bu bukun,
Be baloi dog’i darding dilga jo qildim bukun…24
Imodiddin Nasimiyning:
Alif-a’lo qomating har kim ko’rur bejon bo’lur,
Be-bashorat bo’ldi har kim dilbari sulton bo’lur…25
Baytli she’ri ta’sirida yaratilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |