Bandalik qilmay Azozil bo’ldi sarkash amriga,
Rondayi dargoh bo’ldi, manki yonmasman hanuz.
Dunyoni ko‘p yig’di Qorun, ketti ul yer qa’riga,
Dunyodin bir dam zamon ko’ngul uzolmasman hanuz...
Yovuzliklarning doyasi, homiysi – Azozil. U diniy tushunchalarga ko’ra Odamga sajda qilmagan va la’natlangan. Qorun insonlar vakili bo’lib, bu obraz boylikka hirs qo’ygan va shu boylik ortidan halokatga uchragan kishilar timsoli. Mashrab bu timsollar yordamida salbiy bo’yoqlarni kuchaytirib, o’zining ham “havoyi hirs”ga berilib, dunyodan ko’ngil uzolmayotganligini qiyosiy tarzda ifodalaydi. Vaholanki, Mashrabning pok qalbi va she’rlaridan bo’lak boyligi bo’lmagan. Bu yerda Mashrab Alisher Navoiyning “Munojot”i g’oyasiga monand qilgan – qilmagan gunohlari uchun “tavba” qiladi.
Mashrab yorni yanada jozibaliroq tasvirlash maqsadida tashbih san’atidan va uning turlaridan ham keng foydalanadi. Shoir mazkur baytda yorning yuzini qizil o’tga, kuygan vujudini kulga o’xshatmoqda:
Qachon ko’rdim qizil o’tdek yuzungni,
Vujudum kuydurub, kuldek to’zuttum...
Mashrab bu tashbihda -dek qo‘shimchasidan foydalanib tashbihi mutlaq (aniq o‘xshatish) xilini xosil qilmoqda.
Qachonki o’xshatish faqat mushabbih va mushabbihun bihdan tashkil topsa, bunday usul tashbihi muyaqqad deb ataladi. Tashbihning bu turi Mashrab she’riyatida ayniqsa, katta mahorat bilan qo’llanilgan:
Orazing - anvar, xating - anbar, labing - shahdu shakar...
Gul - yuzung, nargis – ko’zung, rayhon - xating, gulg’uncha - lab.
Boborahim Mashrab ijodida turli tillarga oid so’zlar ishtirokida yozilgan she’rlar ham bor. She’rni yaratishdagi bunday usul ijodkorlar orasida “shiru shakar”, “shiru shahdu shakar” kabi nomlar bilan atalib kelingan. Jumladan,:
So’rdimki, nadur oting, bigufto: Afoq,
Ya’niki onam qirg’izu, otam qalmoq.
Do'stlaringiz bilan baham: |