О’zbеksitоn хаlqаrо islоm аkаdеmiyаsi Mumtоz shаrq filоlоgiyаsi fаkultеti


Kurs ishining obyekti va predmeti


Download 60.96 Kb.
bet3/20
Sana24.12.2022
Hajmi60.96 Kb.
#1052661
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   20
Bog'liq
ttx

Kurs ishining obyekti va predmeti: Kurs ishining asosiy obyekti sifatida Toshkent davlat sharqshunoslik institutining Sharq qo‘lyozmalari markazida saqlanayotgan Mashrabning toshbosma asarlari tanlab olindi. Shuningdek, Mashrabning mukammal asarlar to’plami nashrlaridan ishda yordamchi manba sifatida foydalanildi.
Kurs ishining tuzilishi: Kurs ishimiz kirish, fasllardan iborat ikki asosiy bob, xulosa va foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxatidan tarkib topgan. Ishning umumiy hajmi 34 betni tashkil qiladi.
Mashrab badiiyati va ruhiyati talqini
1.1Tasavvuf ta'limoti va Mashrab
Vahdat ko‘chatini Boyazid ekkan bo‘lsa,
Mansur Halloj uni qoni bilan sug‘ordi.
So‘fiylar mutasavvuflar haqida
Dilda so’fiymizki, avsofi haqiqat bizdadur,
Botinin obod etib, zohirni rasvo qilgani.
Boborahim Mashrab
O‘zbek mumtoz adabiyoti va uning vakillari ijodiy faoliyatini o‘rganar ekanmiz, albatta ularning ma’naviy negizlari, g’oyaviy asoslari haqidagi tushunchalarga ega bo‘lishimiz va shundagina kengroq xulosalarga kelishimiz mumkin. Adabiyot ijtimoiy hayotning badiiy ko’zgusidir. U jamiyatdan alohida, mustaqil holda yashay olmaydi. Ma’lum bir xalq, jamiyatning ma’naviyati, urf-odat va qadriyatlari albatta san’atga, badiiy adabiyotga o’z ta’sirini o’tkazadi va badiiy tarzda shu san’at asarlarida in’ikos etadi.
Biz mazkur bobda Boborahim Mashrab dunyoqarashiga, ijodiy faoliyatiga, badiiy merosiga bevosita ta’sir ko’rsatgan tasavvuf ta’limoti va uning qalandariya tariqati xususida so’z yuritishni maqsad qildik. Sharqshunos olim Yevgeniy Eduardovich Bertelsning (1890 – 1957 y.y.) quyidagi so’zlari Mashrab faoliyatiga ham tegishli: “Tasavvuf adabiyotini bilmay turib, O’rta asr musulmon Sharqi madaniy hayoti haqidagi aniq tasavvurga ega bo’lish mumkin emas. Uning namoyondalari qariyb XX asr boshlariga qadar qator sharq adabiyotlariga o’z ta’sirini o’tkazib kelishdi.”2
Dunyodagi barcha falsafiy oqimlarning o‘z nazariyachilari bo’lgani kabi tasavvuf ta’limoti yo’nalishlarining ham asoschilari bo’lishgan. Bizning vazifamiz , mavzuga bog’liqligidan kelib chiqib, mumtoz adabiyotga, jumladan, Mashrab faoliyatiga ta’sir ko’rsatgan, shoir dunyoqarashi va ijodining muhim omillari hisoblangan so’fiylik va tasavvuf tariqatlari, asoschilari, g’oyalari haqida muxtasar so’z yuritish, xolos. Tasavvufning mashhur vakillari va nazariyachilari quyidagilardir: 1) Boyazid Tayfur bin Iso al-Bistomiy (804 – 874) – tasavvufning “sarxushlik nazariyasi” asoschisi; 2) Abulqosim Junayd al Muhammad Qavoririy al-Bag’dodiy (830 – 910) – tasavvufning “xushyorlik nazariyasi” asoschisi; 3) Mansur Halloj (858 – 922) – “Anal-Haq” iborasini aytgan mashhur mutasavvuf, kofirlikda ayblanib qatl etilgan; 4) Abusaid Fazlulloh (967 – 1049) – fors tilida ijod qilgan dastlabki mutasavvuf shoir; 5) Al G’azzoliy (1058 – 1111) – tasavvufni qonunlashtirgan so’fiy ulamo; 6) Ahmad Yassaviy (1103 –1166/67) – turk elidan chiqqan dastlabki so’fiylardan biri; 7) Ibn Arabiy (1165 – 1240) –”Vahdat ul vujud” g’oyasining asoschisi; 8) Umar ibn al-Farid (1181 – 1236) — mashhur arab so’fiysi, mistik shoir; 9) Xoji Bektosh vali (vafot yili 1270) – mashhur sofiy; 10) Jaloliddin Rumiy (1207 – 1273) – buyuk mutasavvuf shoir va olim; 11) Bahouddin Naqshband (Bahouddin Muhammad bin Burhoniddin Muhammad alBuxoriy) (1318, mart,Qasri-Hinduvon – 1389, mart, o’sha joy) – ulug‘ shayx, tasavvufning eng mashhur tariqati – naqshbandiya asoschisi hisoblanadi (aslida u tariqatning faqat beshinchi shayxi bo‘lgan); 12) Sayyid Imomiddin Nasimiy (1370 – 1417) – turk, fors va qisman arab tillarida ijod qilgan mashhur ozarbayjonlik shoir va mistik, hurufizm tariqatining yirik vakili, shakkoklikda ayblanib qatl etilgan.
Tasavvuf ta'limotini bugungi kunda ma’lum bir qat’iylashgan tizim sifatida ta’riflash, unga uzil-kesil baho berish nihoyatda mushkul. Shuni aniq aytish mumkinki, tasavvuf haqidagi mavjud ko‘pgina manbalarda, u xoh o’tmishda, xoh hozirgi davrda yaratilgan bo’lsin ta’limotning umumiy mohiyati, tariqatlar tizimi va namoyondalar silsilasi, murshid va murid munosabati, suluk bosqichlari masalalarida mushtarak fikrlar mavjud bo’lsa-da, tasavvufning kelib chiqish tarixi, ildizi va sabablari, har bir tariqatning o’ziga xos xususiyatlari kabi masalalarda gohida chalkash, bir – biriga zid ma’lumotlarga duch kelamiz. Buning asosli sabablari ham bor: Tasavvuf mohiyatining o’zi Yaratganni anglashda idrokni, mantiqiy mushohadani va qat’iy qoidalarni, o’z ta’rifida ma’lum bir qolipni mezon sifatida qo‘llashni inkor qiladigandek. O‘z davrida Farididdin Attor aytib o’tgan edi: “Boshqalar noto’g’ri foydalangani uchun biron narsadan voz kechish, ahmoqlikning kattasi bo’lishi mumkin. Tasavvuf haqiqatini ma’lum bir hukm yoki qoidalarga, qolip yoki an’analarga moslab bo’lmaydi, garchi u ularning barchasida qisman mavjud bo’lsa-da.”
Tasavvuf ruhiyat ta’limoti, murakkab ta’limot. Aslida u ezgulik zaminida, komil inson g’oyasi asosida yaratilgan. Lekin u shunchalik murakkabki, unga noto’g’ri munosabatda bo’lish, o’rganuvchilar ruhiyatining shakllanishiga salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkin. Qolaversa, bu ta’limot negiziga chuqur kirib borish, hozirgi davr kishisi tushunchalarini o’zgartirishi, ijtimoiy taraqqiyotga munosabat masalasida ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Masalan, Abul-Hasan Al-Xujviriyning “Mutasavvuf – o’zi uchun o’lish va Haq uchun tirik bo’lish qasdida kurashadigan kishi” kabi tasavvufona g’oyalar aks etgan hikmatlarning asl negizini tushunmasdan noto’g’ri xulosaga kelishi mumkin.
O‘tmishda tasavvufni o‘rganuvchi davr va tarixiy sharoit talablaridan kelib chiqqan. Qaysidir ma’noda ularda ma’rifat kasb etishda nisbatan alternativ yo’lning o’zi bo’lmagan. Keltirganimizdek, biz bu ta’limot xususida, faqatgina Boborahim m Mashrab dunyoqarashiga ta’sir qilganligi sababli qisman so’z yuritishni lozim topdik. Chunki, ayrim maktab darsliklari yoki nashr bo’lgan qissalarda ta’riflangan Mashrabning karomatlari, devonavor hulqi, qalandarona qiyofasi bepardoz ko’rinishda keltirilishi mumkinki, bu jihat o‘rganuvchilarda shoir haqida noto’g’ri tushunchalarni paydo qilishi ehtimoldan holi emas.
Mashrab tasavvuf shoiri edi. Falsafashunos Otaxo’ja Bahodirov bu xil shoirlar faoliyatiga shunday baho beradi: “Ilm-fanga ma’lumki, IX asrda Iroqda shakllangan diniy –falsafiy oqim – so’fiylik ijtimoiy notenglikka, xurofotlarga qarshi o’t ochdi. So’fiylar xalqning ma’naviy ustozlari hatto o’lganlaridan keyin ham xalq haloskorlari sifatida qadrlanar edi. Tarix guvohki, Shayx Boyazid Bistomiy, Mansur Xalloj, Imodiddin Nasimiy, Farididdin Attor kabi ulug‘ zotlar so‘fiylikning “Vahdatul vujud” oqimida turib xalq dard-hasratlarini oshkora bayon qilgani, ijtimoiy notenglik va adolatsizlikni qoralaganliklari uchun shahid bo’ldilar”.3 Dastlabki so’fiylar borliq xaqida absolyut monistik tushunchaga kelishgan, keyinchalik bu tushuncha ta’limotga aylangan va bu ta’limotni al-Arabiy “Vahdatul vujud” deb atab uning nazariyalarini ishlab chiqqan.4
Yaratuvchi qanday idrok qilinadi? So’fiylar bu savolga javob berishda ikki buyuk shayx ta’limotining biriga asoslanishgan. Birinchi ta’limot asoschisi Boyazid Bistomiydir. Bu tushuncha uchun “ekstaz ilhomi” (g’alaba) va “Yaratganga muhabbatdan mast bo’lish” (sukra) xos bo‘lgan. Bu ikki holatni his qilgan mutasavvuf Uning diydoriga yetishadi, shaxs sifatida g’oyib bo’ladi va fanoga aylanadi. Akademik B. Valixo‘jaev bu hodisani “Sen” (Xudo) va “Men” (banda) o’rtasidagi farq ma’lum darajada yo’qoladi, natijada “Sen” “Men”ga aylanadi va uning “Sen” ligi “Men” likka singib ketadi, deb hisoblaydi.5 Bu ta’limot namoyondalari pirning huzurida “samo'” (ar. eshitish) majlislarida qatnashishgan, ular uchun she’rxonlik, musiqa, raqs bazmlarini uyushtirish odat bo‘lgan. Bu bazmlarning mohiyatini g’ayb (ilohiyot) sirlari haqida bahs-munozaralar tashkil etgan. “Xususan, sukra-behudlik nazariyasini yoqlagan so’fiylar bunga o’ch edilar. Ular: so’fiy uchun asosiy narsa vujudning borligini unutish, hol maqomini egallashdir, samo’ shu ruhiy ijtihod qiyomini kuchaytiradi, deb hisoblaydilar”6. Bu holatning kundalik hayotdagi talqiniga oid ushbu hikoyat ahamiyatlidir: “Bir kishi eshik qoqibdi.Boyazid so’rabdi: “Kimni istamoqdasan?” Yo’lovchi javob beribdi : “Boyazidni!” Boyazid javob beribdi : “Men ham o’ttiz yildan beri Boyazidni istab yuribman, biroq haligacha uni topa olganim yo’q”. Bunda xuddi-ki o’rin almashuv hodisasi ro’y bergandek bo’ladi: shaxs ilohiy bo’ladi, Iloh –shaxsga aylanadi. Shu asosda Bistomiy tasavvufning “men senman, sen esa, men” nazariyasini ishlab chiqadi.
Boyazidning ayrim hikmatlari va u bilan bog‘liq naqllar mutasavvuf g’oyasining mohiyatiga oydinlik kiritadi:
Ilon pust tashlagani singari men o‘zimdan o’zimni olib tashladim. Mohiyatimga nazar soldim va ...Ayo, men Unga aylanibman”.
Tangrim, mening mavjud bo‘lishimga yo‘l qo‘yma! Qachongacha Sen va men o’rtamizga mening “Men”im g’ov bo‘ladi? ”. “Bistomiydan so‘rashibdi: “biron narsaning ro‘y berishi bandaning zahmatiga bog‘liqmi?” Javob beribdi: “Yo’q, lekin zahmatsiz ham hech narsa ro‘y bermaydi”.
Qalbingga g’am kelsa, buni omad deb bil, zero erlar g’am tufayli biron narsaga erishadilar”.
Keyingi ta'limot asoschisi Abulqosim Junayd Bag’dodiy hisoblanadi. U Bistomiyning so’fiyning fanoga erishish mumkinligini inkor etmaydi. Biroq bunga erishishda “Sukra” yo’lini emas, “Sahv” yo’lini ma’qul ko’radi.
Bistomiy talqinidagi fano faqatgina oraliq hodisa ekanligini, murid yo’lini davom ettirishi, “xushyorlik”ka erishishi, Yaratganni “mast”likda emas, balki hissiyot va sezgilarni to‘liq nazorat qilgani holda idrok qilishni, “fano”ga emas, balki “baqo”ga erishishi lozimligini qayd qiladi. Junayd Bag’dodiyning zohiriy va botiniy bilimlarni kelishtirishga, shariat va tariqatni bir butunlikda bilishga oid qarashlari evaziga “sayyidut toifa”, “tojul orifiyn” darajalariga ega bo’ldi. Rasmiy ulamolar ushbu maktabning dunyoqarashi mo’tadil va unga bemalol chidasa bo’ladi, deb hisoblashgan.
“U (Junayd Bag‘dodiy-E.M.)ning asosiy g’oyasi shundan iborat-ki, inson ruhiy hol-maqomlardan yuksalib, Alloh vasliga erishganda sahv, ya’ni hushyorlik yo’lini tanlashi kerak. Shunda Mansur Halloj kabi shariatga hilof gaplar va xatti-harakatlarni amalga oshirmaydi. Aksincha, uning to’g’ri tarbiyalanishiga xizmat qiladi.”7.
Junayd bilan bog’liq naqllar va uning so’zlari:
Do‘st Haqning qalbi – Ilohiy asror makonidir. Tangri O‘zining sirlarini dunyoni sevganning qalbiga joylashtirmaydi”.
Bilgilki, Tangri bandalarining qalblariga ularning ne chog’liq yaqinlashganiga qarab yaqinlashadi. Sening qalbingga nima yaqin ekanligidan g’ofil bo’lma. ”
Haqiqiy bechoraning qadri, uning yordam so‘ramasligida va berishayotganda ters qaramasligida emas, balki, unga ters bo’lishganda – jim turishidadir. ”
Junayddan so’rabdi: « Qachon qalb taslim bo‘ladi. U javob beribdi: “ Qachon u qalb bo’lsa.”
Bilim ikki xil bo’ladi: “Yagonaning mohiyatini anglashda ko‘plikning eng so‘nggi chegarasiga qadar kengayish va ko‘plik bilimidan yagona mohiyat sari intilish.”
Deyarli barcha sunniy tariqatlarda so’fiylar komillikka yetishishlari uchun “Shariat”, “Tariqat”, “Ma’rifat” (gohida “ma'rifat” bosqichi tashlab ketiladi), “Haqiqat” bosqichlarini bosib o‘tishlari lozim topilgan.
Biroq Boborahim Mashrab sulukida “Ma’rifat” bosqichi keltirilmaydi. Shoir she’rlarida uch bosqich xususida so’z yuritadi, Ma’rifat haqida gap borganda uni “bilim” ma’nosida tushunadi:

Download 60.96 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   20




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling