O’zRes Pre. I. A. Karimov- vatan tarixini o’rganishning axamyati to’g’risida


Rossiya imperiyasi tomonidan O’rta Osiyoni


Download 1.01 Mb.
bet71/287
Sana10.02.2023
Hajmi1.01 Mb.
#1184294
1   ...   67   68   69   70   71   72   73   74   ...   287
59. Rossiya imperiyasi tomonidan O’rta Osiyoni bosib olinishi to’rt bosqichda amalga oshirildi. Birinchi bosqich 1847-yildan 1864-yilgacha bo’lgan davrni o’z ichiga oladi. Bu davrda Qo’qon xonligining Shimoliy viloyatlari bosib olindi va Toshkentni zabt etishga urinish bo’lib o’tdi. Bosib olingan hududlarda Orenburg general-gubernatorligi tarkibida Turkiston viloyati tuzildi. Ikkinchi bosqich 1865-yilda boshlandi va 1868-yilgacha davom etdi. Bu davrda Qo’qon xonligi va Buxoro amirligiga qarshi bosqinchilik harakatlari olib borildi. 1873-yildan 1879-yilgacha uchinchi bosqich bo’lib o’tdi, u Xiva xonligini bosib olish va Qo’qon xonligini tugatish bilan yakunlandi. 1880-yil oxiridan 1885-yilgacha istiloning to’rtinchi bosqichi amalga oshirildi. Bu davrda jangovar harakatlar asosan hozirgi Turkmaniston hududida olib borildi. Turkman qabilalari bo’ysundirilishi bilan Rossiya im-periyasining O’rta Osiyo hududidagi jangovar harakatlari yakunlandi. Shunday qilib, Rossiya 1865-yildan boshlab 1885-yilgacha O’rta Osiyoda uzluksiz urush olib bordi. Bu - bosqinchilik, mustamlaka urushi edi. Toshkent uchun janglar. Rus podshosi Aleksandr II 1859-yilda Qo’qon xonligini bosib olishni davom ettirishi to’g’risida qaror qabul qilgach, Qo’qon xonligiga faollik bilan hujum qilish boshlandi. Shu munosabat bilan birinchi navbatda Qo’qon xonligi tarkibiga kiruvchi Toshkentni bosib olish zarur edi. Qo’qon xonligining sobiq qal'asi Oqmachit Toshkentga uyushtiriladigan hujumda tayanch nuqtaga aylandi. Perovskiy 1852-yildayoq bu qal’ani bosib olishga urinib, mag’lubiyatga uchragan edi. U hujum rejasini puxta ishlab, 1853-yilda Oqmachitni egallashga ikkinchi marta urindi. 400 kishidan iborat qal'a garnizoni 3 mingdan ziyod kishidan iborat muntazam armiya qo’shinlariga 20 kun davomida mardonavor qarshilik ko’rsatdi. Barcha mudofaachilar halok bo’lishgach yoki yaralanganlaridan so’nggina qal'ani bosib olishga erishildi. Shundan so’ng Oqmachit qal’asi nomi Perovskiy forti deb nomlandi. XIX asr o’rtalarida Toshkent atrofida shahar devori tiklandi. Uning 12 darvozasi - Labzak, Taxtapul, Qorasaroy, Sag’bon, Chig’atoy, Ko’kcha, Samarqand, Kamolon, Beshyog’och, Qo’ynias, Qo’qon, Qashqar darvozalar bor edi. Barcha darvozalar Qo’qon soqchilari tomonidan qo’riqlanar, kun botishi bilan yopilardi. Har bir darvoza yonida zakotchilar turib, shaharga kiruvchilarni ham, undan chiquvchilarni ham ro’yxatga olib, ulardan bojxona solig’i (zakot) undirishardi. Devor tashqarisidan suv to’ldirilgan xandaq bilan o’ralgan bo’lib, unga suv Chirchiq daryosidan ajralgan Kaykovuz kanali orqali kelardi. Shahar ichida Qo’qon o’rdasi qal’asi joylashgandi. Shahar to’rt dahaga - Beshyog’och, Ko’kcha, Sebzor va Shayxontohur dahalariga bo’linardi. Har bir dahani oqsoqol boshqarardi. XIX asr o’rtalarida shaharda 150 mingdan 200 ming nafargacha aholi istiqomat qilar va u O’rta Osiyodagi eng yirik shaharlardan biri hisoblanar edi. 1864-yilda N.Veryovkin bilan M.Chernyayevning umumiy soni uch mingdan ziyod bo’lgan ikki qo’shini, biri Perovskiy fortidan (Orenburg tomondan), boshqasi esa Verniy (Almati) shahridan Toshkentni zabt etish uchun yo’lga tushdi. Qo’qon garnizonlari mudofaachilarining sabot bilan ko’rsatgan qarshiligiga qaramay, podsho qo’shinlari Sirdaryo bo’ylab janub tomon shiddat bilan siljib keldi. Yirikroq otryad boshida turgan MChernyayev 1864-yil 4-iyunda Verniydan Toshkentga kelish yo’lida Talas daryosining so’l sohilida joylashgan istehkom - Avliyoota (Jambul)ni bosib oldi. Yurish boshlangandan so’ng ikki hafta o’tgach, RVeryovkin otryadi Qo’qon xonligiga qarashli Turkiston shahri va qal'asiga yetib keldi. Shahar uchun jang uch kun davom etdi va 12-iyulda bosib olindi. Biroq Veryovkin 20 kilometrli qal'a devori bilan o’rab olingan, aholi zich joylashgan Toshkent ustiga yurishga yuragi betlamay, bosib olingan hududlarda hokimiyatni mustahkamlash bilan shug’ullana boshladi. 1864-yil yozida Turkiston shahri, kuzida esa Chimkent shahri egallandi. Chimkent bosib olinishi bilan podsho qo’shinlarida Yangi Qo’qon chizig’i nomi ostida qal'alar yagona chizig’ini yaratish imkoniyati paydo bo’lib, unga general Chernyayev boshchilik qildi. Shunday qilib, mustahkamlangan chiziqlar yaxlit zanjiri yaratildi. Raim qal'asidan Perovskiy fortigacha Sirdaryo istehkom chizig’i, Semipalatinskdan Verniy shahrigacha Sibir istehkom chizig’i vujudga keltirildi. Yangi Qo’qon chizig’i Rossiyaning O’rta Osiyo davlatlari bilan chegarasidagi qal'alar zanjirini biriktirdi. 1864-yil 1-oktabrda general Chernyayev tayyorgarlik ko’rmay Toshkentni bosib olmoqchi bo’ldi. Biroq shaharni birdaniga bosib olishning uddasidan chiqolmadi va bu podsho armiyasi askarlariga qimmatga tushdi. Shahar uzoq vaqt to’pdan o’qqa tutilgach, M.Chernyayev askarlariga hujumga o’tishni buyurdi. Biroq shahar himoyachilari qattiq qarshilik ko’rsatishdi. 70 nafardan ziyod askarlarini yo’qotgan Chernyayev Chimkent tomon chekinish to’g’risida buyruq berishga majbur bo’ldi. Mag’lubiyatga uchraganiga qaramay, Chernyayev yana Toshkentni bosib olishga tayyorlana boshladi. Bu paytda, 1865-yil boshida Sirdaryo va Yangi Qo’qon chiziqlari orasida Turkiston viloyati tuzildi, Chernyayev uning harbiy gubernatori etib tayinlandi. Turkiston viloyati tasarrufida butun bir iloyat bo’lib, uning zaxiralaridan istilochilik maqsadlarida foydalanishi mum n edi. Podsho Rossiyasi mustamlaka bosqinchiligining birinchi bosqichi shu bilan yakunlandi. Mustamlaka bosqinchiligining ikkinchi bosqichida Rossiya imperiyasi rejasining bosh maqsadi Toshkentni zabt etish edi. Toshkentni bosib olishga bo’lgan birinchi urinishdagi mag’lubiyatidan xulosa chiqargan M.Chernyayev butun qish davomida jangga tayyorgarlik ko’rdi. 1865-yil aprel oyi oxirida podsho qo’shinlari Toshkent yaqinida jamlandi. Qo’shinning asosiy zarba kuchini 12 ta to’pdan iborat artilleriya tashkil etardi. Shaharga hujum qilishda shu artilleriya hal qiluvchi rol o’ynashi darkor edi. Podsho qo’shinlarining dastlabki qismlari Toshkentdan 25 km masofada, Chirchiq daryosining chap sohilida joylashgan Niyozbek qal’asi yonida paydo bo’ldi. Qal'a himoyachilariga taslim bo’lishni taklif qilgan M.Chernyayev rad javobini oldi. 29-aprelda jang boshlanib, ikki kun davom etdi. Podsho qo’shinlari harbiy qurollar borasida katta ustunlikka ega bo’lib, bir necha soat tinmay to’pdan o’qqa tutib, qal'a devorini teshdilar. Shu teshik orqali askarlar qal'aga kirib olishdi. Toshkent darvozasi deb ataladigan Niyozbek qo’rg’oni shu tariqa bosib olindi. Shundan so’ng general Chernyayev Toshkentga suv borishini to’xtatish, ya'ni aholini ichimlik suvisiz qoldirish uchun Chirchiq daryosi ustidagi to’g’onni buzishni buyurdi. 1865-yil 8-mayda u qo’shinini Toshkent ustiga jo’natdi. Biroq podsho qo’shinlari ro’parasida kutilmaganda Olimqulxon boshchiligida Qo’qon qo’shinlari paydo bo’ldi. Shiddatli jang boshlanib, u Qo’qon qo’shinining chekinishi bilan yakunlandi. Shu jangda Olimqulxon yarador bo’ldi va vafot etdi. Buxoro qo’shini Qo’qon qo’shiniga ko’mak uchun keldi, biroq yordam kechikkan edi. 14-iyun kuni Chernyayev Kamolon va Qo’qon darvozalar qarshisiga to’plarni joylashtirib, so’nggi tayyorgarlikni ko’rib bo’lgandi. Podsho qo’shinlari shahar ustiga shiddat bilan o’q yog’dirdi. Kamolon darvozasi yaqinidagi devor vayron qilindi, podsho qo’shini askarlari o’sha joydan shaharga yorib kirishdi, lekin ularni toshkentlik sarbozlarning o’qi to’xtatdi. Hujum to’xtatildi. Go’yo shaharning barcha aholisi jonajon shahrini himoyalash uchun oyoqqa qalqqanday edi. Ko’chalarda kesilgan daraxtlar va aravalardan barrikadalar qilindi (band solindi). Bunday barrikadalar barcha ko’chalarda hamda chorrahalarda qurildi. Shaharda ko’cha janglari boshlanib ketdi, podsho qo’shinlari o’rtasidagi aloqa uzildi, natijada ularning har biri o’zicha jang olib bordi. Asosiy jang Kamolon darvozadan Xadradagi markaziy bozorga olib boradigan ko’chada boshlanib ketdi. Bu yerda podsho qo’shinlari to’rtta to’p himoyasida turgan barrikadalardan o’ta olishmadi. Shunda Chernyayev, shahar himoyachilari ruhini sindirish maqsadida, qo’shinning bir qismiga shahar qal’asini va xon saroyini egallashni buyurdi. Qal'a tez orada egallandi, bu yerdan turib shaharning yaqin atrofida joylashgan binolar to’pga tutila boshlandi. Biroq qal'a himoyachilari uni tashqaridan o’rab olib, o’t qo’yishdi, natijada podsho qo’shinlari jon saqlash uchun qal'ani va to’plarni tashlab, qochib qolishdi. Otishma tun bo’yi davom etdi. Shahar taslim bo’lmadi. Chernyayev Kamolon darvoza tomon chekinish haqida buyruq berdi. Qo’shin parokanda bo’ldi, o’q-dori tugadi. Ertalab jang yangidan boshlandi. Hujum qiluvchilar yana o’q yog’dirib kutib olindi, biroq shahar himoyachilarining sillasi qurigandi. Shahar yarim xarobaga aylandi, hamma joyda xonadonlar o’t ichida qolgandi. Suv to’sib qo’yilgani sababli ariqlarda suv oqmas va o’tni o’chirib bo’lmasdi. Toshkent osmonini qora tutun qoplagandi. Halok bo’lganlarni dafn etadigan kishi topilmasdi. Bundan buyog’iga kurash olib borishdan naf yo’q, aksincha, qurbonlar yanada ko’payishi mumkin edi. 1865-yil 17-iyun kuni tongda Chernyayev to’rttala daha - Beshyog’och, Ko’kcha, Sebzor va Shayxontohur dahalari oqsoqollarini o’z huzuriga chaqirib kelishlarini buyurdi. Oqsoqollar general qarorgohiga kelib, muzokaralar olib borishdi va shaharni podsho armiyasiga ixtiyoriy topshirish to’g’risida avvaldan tayyorlab qo’yilgan petitsiyani imzolashga majbur bo’lishdi. Shu vaqtdan boshlab, Toshkent Rossiya imperiyasining O’rta Osiyodagi harbiy-siyosiy markaziga aylandi.



Download 1.01 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   67   68   69   70   71   72   73   74   ...   287




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling