18-modda
Xalqaro izlash to‘g‘risida hisobot
(1) Xalqaro izlash to‘g‘risidagi hisobot belgilangan muddatda va belgilangan shaklda tuziladi.
(2) Xalqaro izlash to‘g‘risidagi hisobot u tayyorlaganidan keyin darhol Xalqaro izlash organi
tomonidan talabnoma beruvchiga va Xalqaro byuroga yuboriladi.
(3) Xalqaro izlash to‘g‘risidagi hisobot yoki 17(2)(a)-moddada qayd etib o‘tilgan deklaratsiya
Yo‘riqnomada nazarda tutilgan tilga tarjima qilinadi. Tarjima Xalqaro byuroning o‘zi tomonidan yoki
uning buyurtmalari bo‘yicha, ammo uning javobgarligi ostida bajariladi.
19-modda
Xalqaro byuroda ixtiro formulasini o‘zgartirish
(1) Xalqaro izlash to‘g‘risidagi hisobotni olganidan keyin talabnoma beruvchi o‘zgartishlarni
Xalqaro byuroga belgilangan muddatda taqdim qilgan holda xalqaro talabnoma formulasini bir
marta o‘zgartirish huquqiga ega bo‘ladi. Talabnoma beruvchi bir vaqtda Yo‘riqnomaga muvofiq
o‘zgartishlarning qisqacha tushuntirishini taqdim etishi va ular ixtiro tavsifi hamda chizmalarda
qanday aks etganligini ko‘rsatishi mumkin.
(2) O‘zgartishlar dastlabki topshirilgan xalqaro talabnomada ochib berilganlar doirasidan
chiqmasligi kerak.
(3) Agar biror-bir ko‘rsatilgan davlatning milliy qonunchiligi o‘zgartishlar dastlabki
topshirilgan xalqaro talabnomada ochib berilganlar doirasidan chiqishiga ruxsat bersa, (2) bandga
rioya qilmaslik ushbu davlatda oqibatlarga ega bo‘lmaydi.
20-modda
Xalqaro talabnoma materiallarini ko‘rsatilgan idoralarga yuborish
(1) (a) Xalqaro talabnoma xalqaro izlash to‘g‘risidagi hisobot (jumladan 17(2)(b)- moddada
qayd etib o‘tilgan har qanday mulohaza) bilan yoki 17(2)(a)-moddada qayd etib o‘tilgan
deklaratsiya bilan birga Yo‘riqnomada nazarda tutilgani kabi har bir ko‘rsatilgan idoraga, agar
ko‘rsatilgan idora bunday tartibdan to‘liq yoki qisman voz kechmasa, yuboriladi.
(b) Yuboriladigan materiallar qayd etib o‘tilgan hisobot yoki deklaratsiyaning tarjimasini
(belgilanganidek) ichiga oladi.
(2) Agar ixtiro formulasi 19(1)-moddaga muvofiq o‘zgartirilgan bo‘lsa, materiallar ixtiro
formulasining dastlabki ko‘rinishidagi to‘liq matnini ham, o‘zgartirilgan ko‘rinishidagi matnini ham
yoxud kiritilgan o‘zgartishlar ko‘rsatilgan holda ixtiro formulasining dastlabki ko‘rinishidagi to‘liq
matnini, shuningdek 19(1)-moddada qayd etib o‘tilgan tushuntirishni, agar u mavjud bo‘lsa, ichiga
olishi kerak.
(3) Ko‘rsatilgan idoraning yoki talabnoma beruvchining iltimosiga ko‘ra Xalqaro izlash organi
Yo‘riqnomada nazarda tutilganidek xalqaro izlash to‘g‘risidagi hisobotda havolalar qilingan
hujjatlarning nusxasini tegishincha ushbu idoraga yoki talabnoma beruvchiga jo‘natadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |