Pedagogik artistizm


Nutqning shaxslararo vazifasi


Download 1.36 Mb.
bet26/55
Sana15.02.2023
Hajmi1.36 Mb.
#1199633
1   ...   22   23   24   25   26   27   28   29   ...   55
Bog'liq
majmua artitizm

Nutqning shaxslararo vazifasi – uning kishilar orasida muloqot vositasi ekanligida ko‘rinadi. Bunda nutq: og‘zaki – monolog, dialog, polilog (bir necha kishining suhbati) ko‘rinishida namoyon bo‘ladi.
Shaxsning ichki nutqini ifodalovchi vazifalar – shaxsga ko‘plab psixik jarayonlarni (tafakkur, diqqat, xotira, tasavvur va b.) amalga oshirish, ularni yorqin anglash darajasiga etkazish va psixik jarayonlarni boshqarish va nazorat qilish imkonini beradi.
Nutqning umuminsoniy vazifalari – har bir insonga umuminsoniy, ma’naviy, ijtimoiy-tarixiy tajriba xazinasidan axborot olish imkonini beradi. Bu holda nutq – grafik ramz va belgilarda amalga oshiriladigan yozma shaklda namoyon bo‘ladi.
Akademik O.V.Klyuchevskiyning ta’kidlashicha, «O‘qitishda eng qiyini va eng muhimi – o‘zini eshitishga majbur qilish»dir. Nutq mexanik tarzda qayta yaratiladigan tovush qatoriga nisbatan anchagina kengroq hodisadir. Har bir fikr, so‘z yoki nutq insonning butun tajribasi, xarakteri, maqsadlari va hissiyotining bir lahzalik kashf etilishidir.
Og‘zaki nutq zamonaviy o‘qituvchi kasbiy mahoratining eng muhim elementi bo‘lib, nafaqat o‘quv vazifalarini hal etishga xizmat qiladi, balki ifodali nutq o‘qituvchiga jamoaviy hissiy kechinma muhiti, hissiy muloqot vaziyatini yaratish imkonini beradiki, bunda o‘quv muloqoti badiiy mantiq qonunlariga bo‘ysunadi.Tarbiyachi darsliklardagi o‘quv materiallarini ta’lim oluvchilarga ta’sir qilmaydigan, ehtirossiz tarzda bayon qilishi emas, balki, o‘z hikoyalarida aniqlik va batafsillikni obrazlilik, hissiy, o‘z individual xususiyatlari bilan birlashtira olgandagina ta’lim oluvchilar fan estetikasini his qiladilar va tushunadilar. Shundagina o‘quv mashg‘ulotlari ta’sirchan, qiziqarli o‘tadi. Nutqiy tarbiya uzluksiz ravishda amalga oshirib boriladi.
V.A.Suxomlinskiy o‘z davrida o‘qitishda tarbiyachining jonli so‘zi, bayonning badiiy uslubiga katta o‘rin ajratadi. «Men har qadamda so‘zning go‘zalligi, poetik kuchi, ifori, eng nozik qirralari, musiqasini ochib bermaganimda, o‘quvchilarga eng go‘zal va eng sirlisini so‘zda ifoda etish istagi bo‘lmaganida tarbiyachi degan nomga haqli bo‘lmasdim», deb ta’kidlaydi. Afsuski, ayrim yosh mutaxassislar (o‘qituvchi, tarbiyachilar), ba’zan hatto tajribali tarbiyachilarning ham nutqlari monoton, tushunarsiz tarzda ifodalanadi. Unda so‘zlarning mantiqiy markazlar atrofida aniq mantiqiy guruhlanishi mavjud emas. Mazmun mantiqi bilan emas, balki nafasni to‘g‘ri taqsimlay bilmaslik bilan belgilanadigan ixtiyoriy sukutlar, fikrlararo aloqaning yo‘qligi og‘zaki bayon mazmunini idrok etishga to‘sqinlik qiladi. Maqsadning aniq emasligi shunga olib keladiki, nutqiy ifoda alohida qismlarga taqsimlanadi, ularning har biri mustaqil ahamiyatli bo‘lib, butun fikrni idrok etishning yaxlitligini buzadi. K.S.Stanislavskiy tarbiyachining hikoyalarni ta’lim oluvchilarga noto‘g‘ri talaffuzda etkazishi ularda yomon taassurot qoldirishi haqida shunday deydi: «Harflari almashtirilgan so‘z menga … og‘iz o‘rnida qulog‘i, quloq o‘rnida ko‘zi, burun o‘rnida barmog‘i bo‘lgan odamdek tuyuladi. Boshlanishi yutib yuborilgan so‘z boshi yo‘q odamdek. Oxiri tushirib qoldirilgan so‘z esa, oyoqlari amputatsiyalangan odamdek… so‘zlar bitta shaklsiz massaga birlashsa, asalga qo‘ngan pashshalarni esga olaman».
Pedagoglar nutqning tinglovchilarga ta’siri qaysi omillarga bog‘liq ekanligini bilishlari kerak. Bu omillarga quyidagilar kiradi:
- ishontira olish ko‘nikmasi, nutqning mantiqiy qurilishi;
- nutq texnikasi(nafas olish, ovoz, hissiy ta’sir)ni egallaganlik;
- nutqning obrazliligi, uning ta’sirchan tarzda ifodalanishi, o‘z vaqtida mantiqiy sukutlarni qo‘llay olish;
- yordamchi vositalar: imo-ishora, mimika, plastika, ma’lum poza, muloqot masofasiga egalik;
- munozara qilish ko‘nikmasi yoki faoliyatni tinglovchilar bilan birga axloqiy-psixologik loyihalashtira olish;
- tinglovchilarning ruhiy holatlarini hisobga olish, ko‘rgazmalilikdan foydalana bilish bilan bog‘liq omillar.
Jamiyatda tan olingan so‘z ustalari(adiblar, novatorlar, jamoat arboblari)ning fikricha, yaxshi nutq quyidagi belgilar bilan xarakterlanadi:
- nutqning to‘g‘riligi, ya’ni ma’lum paytda qabul qilingan adabiy me’yorlarga qat’iy mos kelishi va muvofiqligi;
- nutqning o‘zgaruvchanligi – pedagog tomonidan axborot uzatish sur’atining o‘zgartirilishi;
- nutqning ta’sirchanligi, ya’ni nutqning tinglovchilarni barkamol shaxs sifatida shakllantirishda hissiy ta’siri;
- nutqning ifodaliligi, ya’ni fikrni boyita olishi, badiiy obrazliligi, nutq bayonining intonatsiyasi;
- nutqning aniqligi – uning tinglovchi tushunishi uchun qulayligi;
- nutqning mantiqiyligi – uning mantiq konunlariga muvofiqligi;
- nutqning soddaligi – uning tabiiyligi, sun’iylikdan xoli ekanligi, so‘z hashamdorligi, nutqni bayon qilishda ortiqcha bezaklarning mavjud bo‘lmasligi;
- nutqning boyligi – aynan bir xil til birliklarining kam takrorlanishi, foydalaniladigan birliklarning rang-barangligi;
- nutqning ixchamligi – ortiqcha so‘z, o‘rinsiz takrorlarning yo‘qligi;
- nutqning tozaligi – uning kelib chiqishi noadabiy bo‘lgan, jargon, vulgar, alohida zaruratsiz qo‘llanayotgan xorijiy so‘zlardan xoli ekanligi;
- nutqning jonliligi – unda shablonlarning yo‘qligi, obrazliligi;
- nutqning yoqimliligi – uning eshitish uchun yoqimli temp talablariga mosligi, so‘zlarni ularning tovush tomonini hisobga olgan holda tanlanganligi.
Istalgan san’at turi va fanda bo‘lgani kabi, nutqni egallashda ham tabiat tomonidan tegishli iqtidor va qobiliyat berilgan pedagoglar tobora katta muvaffaqiyatlarga erishishlari mumkin. Nutqining chiroyli, ishonchliligi bilan ta’lim oluvchilarni maftun qiladigan darajada gapira olish o‘qituvchilarning pedagogik artistizmlik qobiliyatlariga bog‘liq. Ularning nutqi hamisha badiiylik xarakteriga ega bo‘lishi lozim. Ko‘p hollarda nutqning go‘zalligi, ta’sirchanligini o‘qituvchining iste’dodi, shaxsiy-kasbiy o‘ziga xosligi bilan izohlash mumkin.
Tarbiyachilarning o‘quv materiallarini obrazli tarzda bayon qila olishi, ovozining intonatsion bo‘yog‘i, ko‘zlarining porlab turishi uning nutqiga nazokat baxsh etadi. O‘qituvchilar o‘zlarining aktyorlik sifatlari, nutqiy artistizm ko‘nikmalarini egallaganliklari bilan ta’lim oluvchilarning hissiyotlarini boshqara olishlari lozim. Nutqiy artistizm – tarbiyachi nutqidagi yorqin yo‘nalganlik bo‘lib, unda ijod qila olish, yangiliklarni yarata bilish, ta’lim oluvchilarda hissiy ko‘tarinkilik uyg‘ota bilish ko‘nikmalaridir. Bu uning nutqida ifodalanadi.
Tarbiyachining pedagogik artistizm ko‘nikmalarini egallaganligi uning ta’lim oluvchilar bilan do‘stona hamkorlikka kirishishida namoyon bo‘ladi.Tarbiyachining ta’sirchan nutq texnikasini egallaganligi muhim pedagogik ahamiyatga ega. Bu uning artistlik mahorati bilan bevosita bog‘liq. tarbiyachining nutq texnikasi elementlarini quyidagi chizmada aks ettirishga harakat qilamiz. Yuqoridagilar bilan birga, ta’lim-tarbiya jarayonida tarbiyachining nutq madaniyati ham muhim o‘rin egallaydi. Tarbiyachi nutq madaniyatini biz, shartli ravishda: yaxshi nutq va to‘g‘ri nutq kabilarga bo‘lamiz. Tarbiyachi nutq madaniyati elementlari
Tarbiyachi fikrining mazmundorligi, hissiy bo‘yoqdorligini oshirishga nutqining ifodaliligi alohida ahamiyatga ega. Uning ovozi, nutqi, fikrlash doirasi qanchalik keng bo‘lsa, ta’lim oluvchilarga etkaziladigan axborotlar, ma’lumotlar shunchalik tushunarli bo‘ladi. Tarbiyachining ta’lim oluvchilarga ma’lumotlarni etkazishda tovushni to‘g‘ri yo‘naltira olishi ularga pedagogik ta’sirda muhim didaktik qimmatga ega.

Ta’lim-tarbiya jarayonida tarbiyachilar ovozining past yoki balandligi alohida ahamiyatga ega. Tadqiqotlarda ta’kidlanishicha, past ovozlarga psixologik ishonch baland ovozlarga qaraganda anchagina yuqori bo‘ladi. Pedagoglar esa, bu qonuniyatni o‘z faoliyatlarida hisobga olishlari va o‘z ovozlarini ta’lim oluvchilarga qay darajada etkazish ustida muntazam ishlashlari talab etiladi.




Download 1.36 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   22   23   24   25   26   27   28   29   ...   55




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling