43-modda. Maktabgacha ta’lim tashkilotlarining pedagog xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazish
Maktabgacha ta’lim tashkilotlarining pedagog xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazish besh yilda kamida bir marta amalga oshiriladi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlarining pedagog xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazish Davlat inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotining pedagog xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazish natijalariga ko‘ra pedagog xodimning egallab turgan lavozimiga muvofiqligi aniqlanadi va uning malaka toifasi belgilanadi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlarining pedagog xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
44-modda. Maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimida mehnat faoliyatini amalga oshirishga doir cheklovlar
Muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan, pedagogik faoliyatni amalga oshirishga to‘sqinlik qiladigan kasalliklari yoki jismoniy nuqsonlari bo‘lgan shaxslar, shuningdek qasddan jinoyatlar sodir etganligi uchun ilgari hukm qilingan shaxslar maktabgacha ta’lim tashkilotlarida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanishi mumkin emas.
Ilgari o‘zining aybli harakatlari sababli mehnat shartnomasi tugatilgan shaxslar, shuningdek qo‘llanilgan jazo chorasidan, sudlanganligi holati tugatilganligidan yoki olib tashlanganligidan hamda o‘ziga nisbatan amnistiya yoki afv etish akti qo‘llanilganligidan qat’i nazar, qasddan sodir etilgan jinoyatlar uchun ilgari hukm qilingan shaxslar, jinoyat ishlari aybdorligi to‘g‘risidagi masala hal etilmagan holda tugatilgan jinoyatlar sodir etgan shaxslar maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimi organlari va tashkilotlarining rahbarlik lavozimlariga tayinlanishi mumkin emas.
Qonunda maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimida mehnat faoliyatini amalga oshirishga doir boshqa cheklovlar ham belgilanishi mumkin.
8-bob. Maktabgacha bo‘lgan yoshdagi bolalarni ijtimoiy himoya qilish
45-modda. Maktabgacha bo‘lgan yoshdagi bolalarga qarab turish va ularni ta’minlash
Davlat maktabgacha bo‘lgan yoshdagi bolalarning, ayniqsa yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning, sog‘lig‘ining holatini tuzatishga, uzoq vaqt davolanishga hamda reabilitatsiya qilishga muhtoj bo‘lgan bolalarning, shuningdek kam ta’minlangan va ko‘p bolali oilalardagi bolalarning ijtimoiy himoya qilinishi va qo‘llab-quvvatlanishini ta’minlaydi.
Jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida turli nuqsonlar bo‘lgan bolalarga qarab turish qisman yoki to‘liq davlat ta’minoti asosida amalga oshiriladi.
Yetim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar to‘liq davlat ta’minotida bo‘ladi.
Yetim bolalarga va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga qarindoshlik munosabatlarini saqlash, shuningdek ularning shaxsiy nomulkiy va mulkiy huquqlarini himoya qilish huquqi kafolatlanadi.
Ko‘rish, eshitish qobiliyatini, tayanch-harakat apparatini tuzatishga muhtoj bo‘lgan bolalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan harakatlanish, protezlash, axborotni idrok etish va qabul qilish vositalari, shuningdek boshqa individual tuzatish vositalari bilan ta’minlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |