Pedagogika va psixologiya yo`nalishi 109 guruh
Download 69.53 Kb.
|
Tarbiya fanining predmeti, maqsad va vazifalari
- Bu sahifa navigatsiya:
- Ekologik tarbiya
Iqtisodiy tarbiya
O‘zbekiston Respublikasida, bozor munosabatlari shiddat bilan bir vaqtda o‘quvchilarga iqtisodiy bilimlarni berish va ularda iqtisodiy faoliyatni yurita olish ko‘nikma, malakalarni shakllantirish o‘ziga xos ahamiyat kasb etadi. Iqtisodiy tarbiya-o‘quvchilarga iqtisodiy bilimlarni berish, ularda iqtisodiy faoliyat (oila budjetini shakllantirish, oila xo‘jaligini yuritish, mavjud moddiy boyliklarni asrash, ko‘paytirish, savdo-sotiq munosabatlarini to‘g‘ri tashkil etish va hokazolar)ni tashkil etish ko‘nikma va malakalarini shakllantirishdan iborat bo‘lib, ijtimoiy tarbiyaning muhim tarkibiy qismi sanaladi. Iqtisodiy tarbiya ta’lim muassasalarida yo‘lga qo‘yilayotgan iqtisodiy ta’lim bilan chambarchas holda olib boriladi. Iqtisodiy tarbiyani tashkil etishda oila, ta’lim muassasasi va jamoatchilik o‘rtasidagi mustahkam hamkorlikka tayanish ijobiy natijalarni kafolatlaydi. Iqtisodiy ta’lim va tarbiyaning asosiy maqsadi o‘quv mashg‘ulotlarini olib borishda talaba-yoshlar ongida tejamkorlik, ishbilarmonlik, tadbirkorlik kabi iqtisodiy jihatlarni o‘z ichiga oluvchi xislatlarga nisbatan ongli munosabatni shakllantirishdan iborat. Iqtisodiy tarbiyani tashkil etish jarayonida quyidagi vazifalar amalga oshiriladi: - o‘quvchilarga iqtisodiy bilim asoslari (iqtisod, oila xo‘jaligini yuritish va boshqarish, ishlab chiqarish jarayonini tashkil etish, ishlab chiqarishni moliyalashtirish, kapital, tadbirkor, tadbirkorlik faoliyati, kichik va o‘rta biznes, ijara shartnomalar va ularni tuzish, banklar, bank operatsiyalari, buyujetni shakllantirish, daromad, bankrot, biznes-reja va boshqalar) borasida chuqur bilimlar berish va ularni takomillashtirish; - o‘quvchilarda iqtisodiy ong va tafakkur, xususan, mavjud moddiy boyliklarga nisbatan oqilona munosabatni tarbiyalash; - ularda muayyan kasbiy yoki ishlab chiqarish ko‘nikma va malakalarini shakllantirish; - ularni iqtisodiy ishlab chiqarish jarayoniga faol jalb etish; - o‘quvchilarda tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishga nisbatan ehtiyoj va layoqatni yuzaga keltirish; - ular tomonidan tor doirada bo‘lsada tadbirkorlik faoliyatining yo‘lga qo‘yilishiga erishish. Har qanday tarbiyada ham o‘sha tarbiyaga tegishli tushunchalarning mazmunini to‘liq anglab yetish o‘sha tarbiya samaradorligini oshirishi hech kimga sir emas. Bu borada o‘quv yurti va oila sharoitida talaba-yoshlarning iqtisodiy tafakkurini yuksaltirishda, ularni hamkorlikka va ishbilarmonlikka chaqirishni, iqtisodiy hisob-kitoblarni o‘rganishni hayotiy tajriba asosida amalga oshirish iqtisodiy tarbiyada muhim ahamiyat kasb etadi. Iqtisodiy tarbiyada tejamkorlik, tadbirkorlik, mehnatsevarlik, tashabbuskorlik, ishbilarmonlik, iqtisodiy hisob-kitob, oila budjeti va boylik kabi tushunchalarning muhim ahamiyati bor. Iqtisodiy tarbiyaning dastlabki bosqichlari uzoq tarixga ega. Ular kishilik jamiyati taraqqiyotiga mos ravishda takomillashib kelavergan. Iqtisodiy tarbiyaga tegishli ma’lumotlarni ilohiy kitob - Qur’oni Karimda va muqaddas kitob-Hadisi sharif hamda «Avesto» bitiklarida ham topish mumkin. Iqtisodiy tarbiya Sharq mutafakkirlarining asarlarida ham bayon etib kelingan. Jumladan, Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy asarlarida qozixonada meros va uni taqsimlash bo‘yicha alohida xodim faoliyat ko‘rsatishi qayd etilgan. Ular shubhasiz qozixonadagi iqtisodiy muammolar yechimlarini hal etish uchun jalb etilgan. Bu borada Forobiyning “Inson o‘z mablag‘ini sarflashni bilishi kerak. Pul sarflashda qizg‘anchiqlik qilish xasislikka olib keladi. Pullarni rejasiz ishlatish esa insonni beboshlikka etaklaydi”, degan fikri o‘rinlidir. Tejamkorlikda vaqtmasalasi alohida e’tiborga molik tushunchadir. U inson ixtiyoridagi bebaho xazina. Shu sababli ham «Kun qaytadi, ammo vaqt qaytmaydi», degan naql bor, chunki vaqt o‘lchovlidir. Undan dunyoni o‘rganish, o‘zgartirish, shaxsiy manfaat, el-yurt xizmati va mehnat samaradorligini oshirish borasidagi faoliyatlarda foydalanish mumkin. Shu sababli ham u qadrlidir. Tarixiy voqealardan foydalanish iqtisodiy tarbiya berishning samaradorligini oshiradi va o‘quvchilar ma’naviyatini yuksaltirishga yordam beradi. Ekologik tarbiya. Ekologiya tushunchasini ilk bor nemis zoologi E.Gekkel tomonidan 1866-yilda qo‘llanilgan. Olim tirik organizmlarning atrof-muhit bilan munosabatlarini belgilash uchun shu atamani taklif etdi. Ekologik tarbiya ijtimoiy tarbiyaning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Ekologik tarbiya (grekcha «oikos» - uy, turar joy, makon, «logos» -fan) o‘quvchilarga dastlabki ekologik bilimlarni berish, mavjud ekologik bilimlarini boyitish, ularda tabiat va atrof-muhit muhofazasini tashkil etish ko‘nikma va malakalarini shakllantirishga qaratilgan pedagogik jarayondir. Ekologiya - yunoncha so‘z bo‘lib, tirik mavjudotlarning yashash sharoiti va tevarak-atrofdagi muhit bilan o‘zaro munosabatlari hamda shu asosda yuzaga keladigan qonuniyatlarni o‘rganadigan fandir. Ekologiyaning fan sifatida yuzaga chiqishi XVIII-XIX asrlarni qamrab oladi. XIX asrning oxiri XX asrning boshlarida tadqiqotchi - olimlar tomonidan ayrim omillar, ayniqsa, iqlimning kishi organizmiga ta’sirini o‘rganish natijasida bu fanga bo‘lgan e’tibor yanada kuchaydi. Bugungi kunda ekologiya muammolari umumjahon (umuminsoniyat, umumbashariyat) muammosiga aylangan. Shu sababli, bu masala yechimiga bir, ikki davlat emas, balki o‘z atrofimizdagi olam muvozanatini o‘ylayotgan ko‘pgina davlatlar e’tibor bermoqda. Jumladan, bu muammo yechimi Respublikamizda ham davlat siyosati darajasigacha ko‘tarilgan. O‘zbekiston Respublikasining 1992-yil 9-dekabrda qabul qilingan “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonuni, Birinchi Prezidentimizning 1993-yil 23-apreldagi “Sog‘lom avlod uchun” Xalqaro nodavlat xayriya jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida»gi Farmoni, o‘sha yili “Sog‘lom avlod uchun”ordenining ta’sis etilishi, shu nomda Davlat dasturi, “Ekologik ta’lim-tarbiya konsepsiyasi”ni ishlab chiqilishi, mamlakatimizda ekologik muammolarni bartaraf etishga davlatimiz hukumatining ham bu boradagi faolligidan dalolatdir. Ekologik tarbiyaga e’tibor yurtimizda oiladan, bog‘chadanoq boshlab o‘rgatilib borilgan. Hozirgi paytda umumta’lim maktablarida ham ekologik yo‘nalishdagi sinflarning tashkil etilishi va shular asosida litsey va maktablarda ta’lim-tarbiya ishlarining olib borilishi - yoshlarga maktab partasidanoq tabiatga muhabbat ruhida tarbiya berishga astoydil kirishilganligidan dalolatdir. O‘qituvchining bolalarga ekologik ta’lim va tarbiya berishda xalqimizning o‘ziga xos milliy tarbiyasidan o‘rinli foydalanishi yaxshi samara beradi. Milliy tarbiyamizda to‘rt narsa yer, suv, olov, havo muqaddas hisoblangan. Xalqimiz juda qadim zamonlardan suvga e’tiqod qo‘yib, yozning eng jazirama kunlarida “Suv sayli” o‘tkazgan. Ota-bobolarimiz “Suv-tabiat in’omi, hayot manbayi”, deb bejiz aytishmagan. Demak, o‘quvchi-yoshlarga ekologik tarbiya berishda milliy qadriyatlar, urf-odatlar, an’analar, marosimlar, nodir qo‘lyozmalar va davlat arboblarining ushbu sohaga oid faoliyatlari mustahkam didaktik asos bo‘lib, bular orqali ularni atrof-muhitni toza saqlashga, ozodalikka, pokizalikka va eng asosiysi sog‘lom turmush tarzi hamda muhitini tashkil eta olishga o‘rgatiladi. Download 69.53 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling