Kuzatish va eksperiment metodlari.
Kuzatish harakat, o‘zgarish va rivojlanishdagi ma’lum obyektni tabiiy sharoitda u qanday bo‘lsa, shu holicha diqqat bilan, belgilangan vaqt ichida, ma’lum maqsad asosida hissiy qabullashdir. Kuzatish davomida biz o‘rganilayotgan obyektning tashqi jihatlari, xossa va belgilari to‘g‘risida bilim hosil qilamiz. Bayon qilish kuzatishning bilish natijasi bo‘lib hisoblanadi, bunga o‘rganilayotgan obyekt to‘g‘risida boshlang‘ich ma’lumotlarni til vositalari yordamida qayd etib borish jarayoni kiradi.
“Empirik” degan tushuncha zamirida “empiriya”, ya’ni “tajriba” tushunchasi yotadi. Lekin bu bilishning empirik darajasi tajribadangina iborat degan ma’noni bildirmaydi. Ilmiy nazariyaning zarur empirik bazasi eksperimentdir, u hozirgi zamon fani rivojining muhim omiliga aylandi. Fanning, birinchi navbatda tabiiyotning butun taraqqiyot tarixi eksperiment bilan biron-bir tarzda bog‘liqdir.
Eksperiment, sun’iy yaratilgan sharoitda olib boriladigan kuzatishdir. Eksperimentda o‘rganilayotgan predmet yoki hodisa o‘z holida, lekin sun’iy yaratilgan sharoitda ko‘zdan kechirib boriladi. Eksperimentda tadqiqotchi o‘z o‘rganish obyektiga aktiv ta’sir qilishi, kuzatishning borishida, kuzatilayotgan jarayonni o‘zi xohlagan yo‘nalishga qarab o‘zgartirishi mumkin.
Eksperiment kuzatish bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, kuzatishsiz mavjud bo‘lmaydi, ular bir-birlarini to‘ldiradi. Kuzatish va eksperiment metodlari asosida to‘plangan dalillar, ma’lumotlar ilmiy bilishning empirik darajasini hosil qiladi.
Kuzatish va eksperiment asosida hosil qilingan dalil va ma’lumotlar esa, o‘z navbatida, tadqiqotchidan ularni analiz va sintez
qilishini taqozo qiladi.
Taqqoslash — obyektlar (yoki ayni bir obyektning rivojlanish bosqichlari)ning o‘xshash yoki farqli jihatlarini, ya’ni ularning ayniyligi va tafovutlarini aniqlovchi bilish metodi. U faqat turkum hosil qiluvchi turdosh predmetlar majmuyidagina ma’no kasb etadi. Predmetlarni turkumda taqqoslash ayni tadqiqot uchun muhim belgilarga qarab amalga oshiriladi. Bunda bitta belgiga qarab taqqoslanayotgan predmetlarni boshqa belgiga qarab taqqoslash bo‘lmasligi ham mumkin. Taqqoslash mantiqiy usul —analogiyaning (quyida qarang) negizi hisoblanadi va qiyosiy - tarixiy metodning asosi bo‘lib xizmat qiladi. Uning maqsadi - ayni bir hodisa yoki birgalikda mavjud har xil hodisalar rivojlanishining turli bosqichlari (davrlari, darajalari)ni bilishda umumiy va xususiy holatlarni aniqlash.
Do'stlaringiz bilan baham: |