Professional sport munosabatlarini fuqarolik-huquqiy tartibga solish
Download 38.5 Kb.
|
Taqriz
Qoraqalpoq davlat universiteti mustaqil izlanuvchisi Tleumuratov Mambetbay Bazarbaevichning “Professional sport munosabatlarini fuqarolik-huquqiy tartibga solish” mavzusidagi 12.00.03 – Fuqarolik huquqi. Tadbirkorlik huquqi. Oila huquqi. Xalqaro xususiy huquq ixtisosligi boʼyicha yuridik fanlari boʼyicha falsafa doktori (Doctor of Philosophy) ilmiy darajasini olish uchun tayyorlangan avtoreferatiga TАQRIZ
Jahonda sport munosabatlarini, xususan, professional sport munosabatlarini fuqarolik-huquqiy tartibga solishda shartnomalar tuzish erkinligi tamoyiliga amal qilish, sport shartnomalarini bajarish va ularga rioya etishni taʼminlash, professional sportchilar, sport klublari, murabbiylar va sport agentlari oʼrtasida tuziladigan turli xildagi shartnomalarning huquqiy tabiati va huquqiy tartibga solish mexanizmlarini belgilash bugungi kun yurisprudentsiyasi oldidagi vazifalardan biri hisoblanadi. Qolaversa, professional sport maqomini belgilash, uning faoliyatini amalga oshirish, huquqlarini himoya qilish kafolatlarini qonunchilik darajasida belgilash, professional sport munosabatlarini huquqiy tartibga solishda milliy qonunchilik normalari va oʼzini oʼzi tartibga solishning aniq va egiluvchan nisbatini belgilash muhim ahamiyatga ega. Bundan koʼrinadiki, professional sport sohasini fuqarolik-huquqiy tartibga solishda tuziladigan shartnomalarning mazmuni, taraflarning zimmasidagi majburiyatlarini belgilashda amaldagi qonunchilik normalaridan kelib chiqib, insonning tabiiy-biologik holati va barcha jismoniy jihatlarini inobatga olish zarur boʼladi. Tleumuratov Mambetbay Bazarbaevich tomonidan tayyorlangan “Professional sport munosabatlarini fuqarolik-huquqiy tartibga solish” mavzusidagi dissertatsiya avtoreferatida ishning umumiy mazmuni, ilmiy xulosa va tavsiyalar keltirilgan boʼlib, ushbu xulosalar amaldagi qonunchilikni va nazariyani takomillashtirishga xizmat qiladi. Аvtoreferatda futbol boʼyicha sport mahorati maktabi faoliyatining mulkiy asoslarini takomillashtirish pullik xizmatlar koʼrsatganlik hamda homiylikdan olinadigan mablagʼlar hisobiga amalga oshirilishi; sportchilar, trenerlar va jismoniy tarbiya inshootlari haqidagi maʼlumotlarni avtomatlashtirish yoʼli bilan mazkur sohasidagi axborot himoyasini taʼminlash zarurligi; maxsus vakolatli davlat organi sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarini tashkil etish hamda oʼtkazish, shuningdek jismoniy tarbiya va sport sohasidagi mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirishni tashkil etishi lozimligi; taʼlim tizimi muassasalari jismoniy tarbiya va sport sohasidagi mutaxassislarni tayyorlashda ishtirok etishi orqali professional sportni rivojlantirishga erishish mumkinligi asoslab berilgan. Dissertatsiyaning birinchi bobi “Professional sport munosabatlarini fuqarolik-huquqiy tartibga solishning umumiy tavsifi” deb nomlanib, ushbu bobda sport munosabatlari tushunchasining oʼziga xos xususiyatlari va huquqiy tahlili, Oʼzbekiston Respublikasida professional sport munosabatlarini huquqiy tartibga solish genezisi, professional sport munosabatlarini huquqiy tartibga solishda fuqarolik-huquqiy elementlarni ajratish muammolari tahlil qilingan. Dissertatsiyaning “Professional sport subʼektlarining fuqarolik-huquqiy maqomi” deb nomlangan ikkinchi bobida sport tashkilotlari fuqarolik-huquqiy maqomining oʼziga xos xususiyatlari, professional sportchilarning fuqarolik-huquqiy holati, kibersportni fuqarolik-huquqiy tartibga solish masalalari atroflicha tahlil qilinadi. Dissertatsiyaning “Professional sport munosabatlarini tartibga solishda fuqarolik-huquqiy shartnomalarni qoʼllash istiqbollari” deb nomlangan uchinchi bobida professional sport sohasidagi shartnomalar tushunchasi va mazmuni, professional sport sohasini tartibga solishda qoʼllaniladigan shartnomalar amal qilishining oʼziga xos jihatlari, professional sport sohasidagi shartnomalarni buzganlik uchun fuqarolik-huquqiy javobgarlikni takomillashtirish tadqiq etilgan. Tadqiqot ishida sport sohasidagi agentlik shartnomalariga oid takliflar keltirilgan boʼlib, bu dissertantning yutugʼi hisoblanadi. Sababi bugungi kunda Fuqarolik kodeksida agentlik shartnomalari bilan bogʼliq normalar mavjud emas. Shuningdek, dissertant tomonidan Oʼzbekiston Respublikasining “Jismoniy tarbiya va sport toʼgʼrisida”gi Qonuniga sport shartnomasi, sport agenti, professional sport sohasidagi faoliyatni tartibga solish xususiyatlari, jismoniy tarbiya va sport tashkiloti yoʼnalishi boʼyicha sport mashgʼulotlarini amalga oshirish, sport tayyorgarligi boʼyicha xizmat koʼrsatish shartnomasi, fitnes markazlari, sport mashgʼulotlaridan oʼtayotgan shaxslarning huquq va majburiyatlari deb nomlangan qator normalar bilan toʼldirilishi haqidagi takliflari alohida eʼtiborga egadir. Tadqiqotchining mavzu doirasida erishgan ijobiy yutuqlari hamda yuqorida bildirilgan fikr va mulohazalardan kelib chiqib, Tleumuratov Mambetbay Bazarbaevichning “Professional sport munosabatlarini fuqarolik-huquqiy tartibga solish” mavzusidagi yuridik fanlar boʼyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi Oliy Аttestatsiya Komissiyasi tomonidan qoʼyilgan talablarga javob beradi va 12.00.03 – Fuqarolik huquqi, tadbirkorlik huquqi, oila huquqi, xalqaro xususiy huquq ixtisosligiga mos keladi. Tadqiqotchi Tleumuratov Mambetbay Bazarbaevich yuridik fanlar boʼyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olishga loyiqdir. Taqrizchi: Download 38.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling