“JISMONIY TARBIYA VA SPORT TO‘G‘RISIDA”GI O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNIGA O‘ZGARTISHLAR VA QO‘SHIMCHALAR KIRITISH HAQIDA
LexUZ sharhi
Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi 2015-yil 4-sentabrdagi O‘RQ-394-sonli Qonuniga muvofiq yangi tahrirda qabul qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qaror qiladi:
O‘zbekiston Respublikasining 1992-yil 14-yanvarda qabul qilingan “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-yil, № 3, 160-modda; 1994-yil, № 5, 161-modda) o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritilib, uning yangi tahriri tasdiqlansin (ilova qilinmoqda).
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 26-may,
76-II-son
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI
JISMONIY TARBIYA VA SPORT TO‘G‘RISIDA
(yangi tahriri)
1-modda. Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risidagi qonun hujjatlari
Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iborat.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida jismoniy tarbiya va sport sohasidagi munosabatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasining qonun hujjatlari bilan ham tartibga solinadi.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
2-modda. Fuqarolarning jismoniy tarbiya va sport sohasidagi huquqlari
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy holatidan qat’i nazar, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanish, jismoniy tarbiya-sport jamoat birlashmalarini tuzish, jismoniy tarbiya-sport harakatini boshqarishda ishtirok etish huquqiga egadirlar.
Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar jismoniy tarbiya va sport sohasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan teng huquqlarga egadirlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |